Fargʻonada koʻp qavatli uy yertoʻlasida baliq boqilayotgani aniqlandi
Holat Fargʻona shahrida kuzatildi. Mulkdor “dom” yertoʻlasini oʻzboshimchalik bilan egallab olgan. Soʻngra u yerga sunʼiy hovuz oʻrnatib, suv quvuri tortgan. Fuqaroga maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima qoʻllandi.

Fargʻonada koʻp qavatli uy yertoʻlasida baliq boqilayotgani maʼlum bo‘ldi
Fargʻona shahridagi koʻp qavatli uylardan birining yertoʻlasida baliq boqilayotgani aniqlandi. Bu haqda Fargʻona viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi maʼlum qildi.
Bildirilishicha, holat inspeksiya tomonidan Fargʻona shahrining Muruvvat mahallasidagi koʻp qavatli uylarda oʻtkazilgan monitoring jarayonida aniqlangan. Mulkdor yertoʻladagi turli xonalarni toʻsib, ularni oʻzboshimchalik bilan egallab olgan. Keyin esa katta hajmdagi sunʼiy hovuz oʻrnatib, baliq boqish uchun ichimlik suvi quvurini tortgan.
Mazkur holat bo‘yicha mulkdorga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima qoʻllangan. Shuningdek, unga yertoʻlani 15 kun ichida boʻshatib, avvalgi holatiga keltirish yuzasidan yozma koʻrsatma berilgan.
Bundan tashqari, ichimlik suvidan oʻzboshimchalik bilan foydalanish holati ham qayd etilgan. Shu bo‘yicha fuqaroga maʼmuriy jarima rasmiylashtirilgan.
Avvalroq Zarafshon shahrida koʻp qavatli uydagi xonadonda basseyn qurib olingani aniqlangandi.

