Farg‘ona va Namanganda giyohvandlik vositalari sotuvchi uch kishi ushlandi

Farg‘ona va Namanganda giyohvandlik vositalarini sotayotgan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona va Namanganda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasini fosh qildi.
Ma’lum qilinishicha, DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda Qo‘qon shahrida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazgan.
Xususan, muqaddam sudlangan 44 yoshli fuqaroning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yerto‘lasida 782 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlangan.
Yana bir holatda 1975-yilda tug‘ilgan shaxsning yashash xonadonida 758 gramm gashish moddasi, giyohvandlik vositalari qoldiqlari bo‘lgan 6 dona pichoq va 4 dona elektron tarozi borligi aniqlanib, ular tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Ichki ishlar va Bojxona organlarini jalb qilgan holda o‘tkazgan tezkor tadbirda Farg‘ona—Namangan yo‘nalishida harakatlanayotgan Lacetti Namangan tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda 1998-yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi avtomashina salonidan 465 gramm gashish moddasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

