Facebook va Instagram’da foydalanuvchilarning "yechintirilgan" suratlari aks etgan reklamalar aniqlandi
Tech Transparency Project loyihasi Facebook va Instagram’da sunʼiy intellekt yordamida foydalanuvchilarning rasmlari yalangʻoch holda tarqatilganini aniqladi. Shu jumladan, 332 ta pulli reklamada bolalarning suratlari ham jinsiy mazmunda tarqatilgan. Bu reklamalar SI orqali video-foto yaratishni targʻib qiluvchi ilovalarga tegishli boʻlgan.

Facebook va Instagram’da foydalanuvchilarning “yechintirilgan” suratlari tushirilgan reklamalar aniqlandi
Yirik texnologik kompaniyalar faoliyatini oʻrganuvchi Tech Transparency Project loyihasi Meta reklama joylashtirishda qoidalarga rioya qilmaganini aniqladi.
Loyihaning 2026-yil 8-sentabrda eʼlon qilingan hisobotiga koʻra, tadqiqotchilar yil boshidan beri Facebook va Instagram’da bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik aks etgan materiallarni oʻz ichiga olgan 332 ta reklamani topgan. Ularning aksariyatida kattalar va bolalarning oddiy suratlari sunʼiy intellekt yordamida yechintirilib, jinsiy mazmundagi video yoki tasvirga aylantirilgan. Bu materiallar oddiy foydalanuvchi postlari emas, balki pul toʻlab joylashtirilgan reklamalar boʻlgan. Tadqiqotchilar bu haqda kompaniyaga xabar bergach, ular platformalardan olib tashlangan.
Meta reklama joylashtirilishidan oldin u tekshirilishini aytadi, kompaniyaning reklama standartlarida shaxslarni, xususan, bolalarni jinsiy ekspluatatsiya qilishga olib keluvchi yoki ularga xavf tugʻdiruvchi kontent taqiqlangan. Biroq TTP tadqiqotida aniqlangan 332 ta reklamadan koʻrinishicha, bu tekshiruv tizimi ularni oʻz vaqtida toʻxtata olmagan. Tadqiqotchilar reklamalarni Meta’ning ochiq reklama kutubxonasi (Ad Library) orqali aniqlagan. Bu vosita ayrim hududlarda tarqatilgan reklamalarni hanuz koʻrish imkonini beradi.
TTP yana bir muammoga eʼtibor qaratgan: 113 ta reklama boʻyicha qoidabuzarlik haqidagi qaydlarda bolalarga taalluqli qoida buzilgani ochiq aytilmagan. Ayrim hollarda kattalarga oid kontent qoidalari keltirilgan yoki umumiy izoh bilan cheklanilgan. Bu avtomatlashtirilgan tekshiruv tizimi har doim ham taqiqlangan materialni toʻgʻri aniqlay olmasligini koʻrsatadi.
TTP aniqlagan reklamalarining katta qismi sunʼiy intellekt yordamida tasvir va video yaratadigan ilovalarga yoʻnaltirilgan. Ular inson suratini SI orqali oʻzgartirish, kiyimsiz tasvirlash yoki jinsiy mazmundagi videolar yaratish imkonini beruvchi vositalar boʻlgan. Kompaniya bu reklamalarining katta qismi Xitoyda ishlab chiqilgan ilovalar ekanini qayd etgan.
Bu yerda muammo sunʼiy intellektning oʻzida emas, balki texnologiyadan boshqa odamlarning, ayniqsa bolalarning tasvirlarini ularning roziligisiz zararli maqsadlarda foydalanish uchun xizmat qildirishda. Bolaning surati ochiq ijtimoiy tarmoqda joylashtirilgani uni har qanday maqsadda ishlatish mumkin degani emas. Ota-onalar farzandlarining suratlarini joylashtirar ekan, ular keyinchalik qanday maqsadlarda koʻchirilishi yoki oʻzgartirilishi mumkinligini ham hisobga olishlari kerak.

