Texnologiya

Meta trillion dollarlik sud xavfiga duch keldi

AQShda Meta Platforms kompaniyasiga qarshi yirik sud jarayoni boshlandi. 29 shtatdan iborat koalitsiya Facebook va Instagram ataylab bolalar va o‘smirlarda ijtimoiy tarmoqqa qaramlikni kuchaytiruvchi tarzda ishlab chiqilgani, kompaniya esa bu orqali reklama daromadlarini oshirishga uringanini da’vo qilmoqda. Meta ayblovlarni rad etyapti.

Meta kompaniyasi trillion dollarlik sud xavfi ostida qoldi. 18-avgust kuni Kaliforniya shtatining Oklend shahridagi federal sudda boshlangan ushbu jarayonda jami 29 shtat ishtirok etmoqda, da’voning asosiy qismi esa Kaliforniya, Kolorado, Kentukki va Nyu-Jersi shtatlari tomonidan ilgari surilgan.

Da’vogarlar Meta’ni Facebook va Instagram platformalarida yosh foydalanuvchilarni iloji boricha uzoqroq ushlab turishga qaratilgan funksiyalardan foydalanganlikda ayblamoqda. Ularning ta’kidlashicha, bunday dizayn bolalar va o‘smirlarning psixologik zaifliklaridan foydalanib, platformalardan majburiy tarzda foydalanishga o‘xshash odatlarni shakllantirgan.

Shuningdek, shtatlar kompaniyani yosh foydalanuvchilar uchun Facebook va Instagram xavfsizligi haqida jamoatchilikni chalg‘itishda ayblamoqda. Bundan tashqari, Meta 13 yoshga to‘lmagan bolalarning shaxsiy ma’lumotlarini ota-ona roziligisiz yig‘ish va qayta ishlash orqali AQShning bolalar maxfiyligini himoya qilishga qaratilgan COPPA federal qonunini buzgani da’vo qilinmoqda.

Sudda Kaliforniya bosh prokurori o‘rinbosari Megan OʼNill da’vogarlar nomidan so‘zga chiqib, Meta o‘smirlar psixologiyasiga oid tadqiqotlardan ularning e’tiborini yanada uzoqroq ushlab turish uchun foydalanganini ta’kidladi. Da’vogarlarning fikricha, kompaniyaning biznes modeli foydalanuvchini platformaga jalb qilish, uni imkon qadar uzoq ushlab turish, ma’lumotlarini yig‘ish va shu orqali reklama daromadini oshirishga qaratilgan. Yosh foydalanuvchilar esa kompaniya uchun uzoq muddatli va qimmatli auditoriya hisoblanadi.

Sudda Meta’ning sobiq muhandisi Arturo Bejar ham ko‘rsatma berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahsulotlarni ishlab chiqish jarayonida bolalar xavfsizligi bilan bog‘liq ba’zi ichki ogohlantirish va takliflarga yetarlicha e’tibor berilmagan.

Meta vakillari esa shtatlarning da’volariga qo‘shilmaydi. Kompaniya himoyasi da’vogarlar foydalanuvchilar ataylab chalg‘itilganini yetarli darajada isbotlamaganini ta’kidlamoqda. Meta o‘z platformalarida o‘smirlarni himoya qilish uchun yillar davomida turli xavfsizlik choralarini joriy etganini bildirdi. Kompaniya, shuningdek, shtatlar Facebook va Instagram’ning ishlash uslubi hamda dizayniga haddan tashqari keng o‘zgartishlar kiritishga va juda katta miqdorda moliyaviy tovon undirishga urinayotganini aytmoqda.

Ishning eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri – ehtimoliy moliyaviy jazo miqdori. Meta’ning o‘z hisob-kitoblariga ko‘ra, sud kompaniya zarariga qaror chiqarsa, ayrim hisoblarda jarimalarning nazariy yuqori chegarasi 1,4 trillion dollargacha yetishi mumkin. Biroq bu Meta albatta shuncha mablag‘ to‘laydi degani emas – yakuniy summa sud xulosalari va qonun buzilishi deb topilgan holatlarga bog‘liq bo‘ladi.

Shtatlar faqat moliyaviy jazo bilan cheklanmay, Meta platformalari ishlash tartibiga o‘zgartishlar kiritishni ham talab qilmoqda. Shu sababli sud natijasi Facebook va Instagram’ning ayrim funksiyalari, ayniqsa yosh foydalanuvchilarga mo‘ljallangan mexanizmlar qanday ishlashiga ta’sir qilishi mumkin.

Sud jarayoni bir necha hafta davom etishi kutilmoqda. Jarayonda Meta asoschisi va bosh direktori Mark Sukerberg hamda Instagram rahbari Adam Mosseri kabi yuqori lavozimli rahbarlarning ko‘rsatma berishi kutilmoqda.

Ish AQSh va boshqa mamlakatlarda bolalar va o‘smirlarni ijtimoiy tarmoqlarning ehtimoliy salbiy ta’siridan himoya qilish masalasi tobora kuchli muhokama qilinayotgan bir paytda ko‘rib chiqilmoqda. Sud qarori Meta uchungina emas, balki ijtimoiy tarmoqlar platformalarining yosh foydalanuvchilar oldidagi javobgarligi bo‘yicha ham muhim huquqiy pretsedentga aylanishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.