Meta bolalarga yetkazilgan zarar bo‘yicha da’vo yuzasidan 18 mlrd dollar to‘lashga rozi bo‘ldi
Meta AQSh shtatlariga bolalar va o‘smirlarga zarar yetkazganlik bo‘yicha da’voni hal qilish doirasida 18 mlrd dollargacha tovon to‘lashga rozi bo‘ldi. Kompaniya, shuningdek, o‘z platformalarining ishlash tartibini ham o‘zgartiradi. Korporatsiya yoshlarda tarmoqlarga qaramlikni qasddan kuchaytirganlikda ayblangandi.

Meta bolalarga yetkazilgan zarar bo‘yicha da’vo yuzasidan 18 milliard dollar to‘lashga rozi bo‘ldi.
Facebook, Instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarning egasi bo‘lgan Meta korporatsiyasi yoshlarda tarmoqlarga qaramlikni ataylab kuchaytirganlikda ayblanayotgan edi. CNN xabariga ko‘ra, kompaniya AQSh shtatlari tomonidan qo‘zg‘atilgan ushbu sud da’vosini yopish uchun 18 milliard dollargacha tovon puli to‘lashga rozi bo‘ldi.
Kelishuv doirasida Meta o‘z platformalari ishini o‘zgartirishga, jumladan, voyaga yetmagan foydalanuvchilar uchun ulardan har kunlik foydalanish vaqtiga cheklovlar o‘rnatishga rozilik berdi.
17 milliard dollardan ortiq mablag‘ 2023-yilda 29 ta shtat tomonidan berilgan da’voni hal qilishga yo‘naltiriladi. Qolgan qismi esa boshqa shtatlar va hududlarning Meta’ga nisbatan da’volarini bartaraf etish uchun ishlatiladi. Korporatsiya ushbu mablag‘lar shtatlarning “internetda yoshlar xavfsizligini ta’minlash tashabbuslari”ni moliyalashtirishga sarflanishini ma’lum qildi.
Kelishuv Kaliforniyada sud jarayoni boshlanganidan bir haftadan ko‘proq vaqt o‘tib tuzildi.
Bundan oldin Meta o‘z platformalari bolalarga zarar yetkazayotganini rad etib, xavfsizlik funksiyalarini ishlab chiqishga katta mablag‘ sarflaganini va shtatlarning da’volari “asossiz” ekanini ta’kidlab kelgan. Kelishuv doirasida kompaniya o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmadi.
“O‘smirlarning platformalarimizdan xavfsiz va samarali foydalanishini ta’minlash Meta uchun mutlaq zaruratdir, — deyiladi korporatsiya bayonotida. — Biz ota-onalar va o‘smirlar uchun barchasini to‘g‘ri qilmoqchimiz, shu sababli sohaning yangi standartini o‘rnatish bo‘yicha shtat bosh prokurorlari bilan hamkorlik qilamiz”.
Shimoliy Karolina bosh prokurori Jeff Jekson shtatlar onlayn platformalar ishidagi o‘zgarishlarni tezlashtirish maqsadida tinch kelishuvga rozi bo‘lganini tushuntirdi.
“Agar sud ishlari davom ettirilganda, ushbu platformalarda bolalar xavfsizligi bo‘yicha biron-bir yaxshilanish joriy etilguncha yana ko‘p yillar o‘tib ketgan bo‘lardi. Bu esa yana bir avlodni boy berish xavfini tug‘dirar edi”, — dedi u.
18 milliard dollar Meta 2025-yilda topgan 200 milliard dollarlik daromadining oz qismini tashkil qiladi. Biroq o‘smirlarning ilovalarda o‘tkazadigan vaqtini qisqartirishga qaratilgan o‘zgarishlar korporatsiyaning reklama biznes-modeliga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deb yozadi CNN.
Mablag‘lar 10 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi. Kaliforniya eng ko‘p mablag‘ oladi — 2,2 milliard dollargacha; Nyu York shtati esa 1,1 milliard dollargacha.
Meta summaning 70 foizi yoki 12,7 milliard dollari kafolatli ravishda to‘lanishini ma’lum qildi. Qolgan 30 foizi (5 milliard dollar) esa faqat YouTube va TikTok ham shtatlarga tovon puli to‘lashga hamda bolalarni himoya qilish bo‘yicha shunga o‘xshash choralarni joriy etishga rozi bo‘lgan taqdirdagina to‘lanadi.
Shtatlarning bosh prokurorlari Meta’ni bolalar va o‘smirlarni o‘z tarmoqlarida jalb qilish va ushlab turish uchun lentani cheksiz aylantirish, algoritmik tavsiyalar hamda tez-tez keluvchi bildirishnomalar kabi funksiyalarni qasddan yaratganlikda ayblagandi. Ular, shuningdek, Meta yoshlar uchun platformalardan foydalanish xavflari borasida jamoatchilikni chalg‘itganini va ota-onalarning roziligisiz 13 yoshga to‘lmagan bolalar ma’lumotlarini noqonuniy ravishda to‘plaganini da’vo qilgan.
Kelishuv quyidagi choralarni nazarda tutadi:
* Voyaga yetmagan foydalanuvchilar uchun har kunlik foydalanish vaqtiga cheklovlar o‘rnatish.
* Algoritmik tavsiyalarni o‘zgartirish.
* Bolalar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan yangi funksiyalarni joriy etish.
* Ota-onalar uchun nazorat vositalarini yaxshilash.
Ushbu o‘zgarishlar bir necha oy ichida kuchga kirishi kutilmoqda. Meta, shuningdek, kelishuv shartlariga rioya qilinishini tekshiradigan mustaqil audit o‘tkazilishiga ham rozilik berdi.

