Erta nikoh va nikohni qayd etmasdan diniy marosim oʻtkazganlik uchun jazo kuchaytirildi
Oʻzbekistonda nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzganlik (shu jumladan, nikoh rasman roʻyxatdan oʻtkazilmasdan diniy marosimni amalga oshirganlik) uchun jarimalar oshirildi. Bu kecha prezident tomonidan imzolangan qonunda nazarda tutilgan.

Erta nikoh va nikohni qayd etmasdan diniy marosim oʻtkazganlik uchun jazo kuchaytirildi
Oʻzbekistonda nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilikni hamda nikoh tuzish tartibini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Yangi normalar shu sanadan eʼtiboran kuchga kirdi.
Endilikda nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan amalda nikoh munosabatlariga kirishish bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi, ilgari bu BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha edi.
Ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoki uylantirish endilikda BHMning 20 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Ilgari sanktsiya BHMning 7 baravaridan 15 baravarigachani tashkil etardi.
Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar oʻrtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzish boʻyicha diniy marosimni amalga oshirganlik uchun jarima BHMning 30−50 baravarigacha oshirildi. Bungacha u BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha edi.
Bahorda prezident moliyaviy mustaqillikka erishgan va oila qurishga har tomonlama tayyor boʻlgan yoshlar oʻrtasida nikoh tuzishni ragʻbatlantirishni nazarda tutuvchi farmonni imzolagan edi. 2027 yildan boshlab ikkala tomon ham kamida 21 yoshga toʻlganda birinchi marta nikohga kirgan yosh oilalarga davlat tomonidan qoʻshimcha imtiyozlar va boshqa qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etiladi.
Bundan tashqari, qonunchilikda nikoh yoshini kamaytirish uchun aniq, tugal asoslarni mustahkamlab qoʻyish rejalashtirilgan edi. Hozirda hokimlar uzurli sabablar mavjud boʻlganda, mustasno hollarda — homiladorlik, bola tugʻilishi va voyaga yetmagan shaxs toʻliq muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinganda nikoh yoshini 18 yoshdan 17 yoshgacha kamaytirishga haqlidir.
Statistikaga koʻra, Oʻzbekistonda nikohlarning 40 foizi 18−19 yoshdagi shaxslar oʻrtasida tuziladi.
1 sentyabrga qadar nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarima summasining 15 foizi bunday faktlar haqida xabar bergan shaxslarni ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilishi mumkin.

