Eronning yangi nishonlari: internet-kabellardan tortib maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarigacha
AQSh va Izrailning Ironga ehtimoliy yangi zarbalari haqidagi xabarlar nizoning navbatdagi bosqichi ehtimolini oshirmoqda. Tehron esa javob zarbalari koʻlamini kengaytirish bilan tahdid qilmoqda: gap Fors koʻrfazidagi internet-kabellari, data-markazlar va zamonaviy texnologiyalar obʼyektlari haqida bormoqda. Bu haqda «Geosiyosat» koʻrsatuvida maʼlum qilindi.

Eronning yangi nishonlari: internet-kabellardan tortib data-markazlargacha
— Xabarlarga koʻra, AQSh va Izrail oraliq saylovlardan soʻng Eronga yangi zarba berish boʻyicha aniq rejalarni tayyorlab qoʻygan. Eron bunga yanada keskin eskalatsiya bilan javob qaytarishi mumkinmi va u qaysi obʼyektlarga zarba berishga qodir?
Birinchidan, 28 fevral kuni AQSh va Izrail Eron bilan muzokaralar hali davom etayotgan bir paytda, toʻsatdan mamlakatga kuchli zarbalar berdi. Oqibatda Eron oliy rahbari Ali Xamenei, uning oilasining salmoqli qismi va mamlakat elitasi halok boʻldi. Buni noqonuniy qotillik sifatida qarab chiqish kerak. AQSh qonunchiligi nuqtai nazaridan ham, xalqaro huquq nuqtai nazaridan ham bunday harakatlarni oqlaydigan asoslar mavjud emas edi. Xususan, BMT Xavfsizlik Kengashining Eron davlat rahbarini oʻldirishga ruxsat beruvchi yoki shu kabi harakatlarni oqlovchi rezolyutsiyasi boʻlmagan.
Shundan soʻng AQSh va Izrail Eronga keng koʻlamli harbiy zarbalar berdi. Biroq Vashington va Tel-Aviv qoʻyilgan maqsadlarga erisha olmadi. Keyin ular bu maqsadlarga harbiy bosim, iqtisodiy sanktsiyalar va boshqa gibrid usullar yordamida erishishga harakat qilishdi. Boshqacha aytganda, harbiy yoʻl bilan erishib boʻlmagan narsaga iqtisodiy bosim orqali erishishga, agar sanktsiyalar kutilgan natijani bermasa — yana harbiy yoki boshqa vositalarni ishga solishga urinishlar qilindi. Lekin bu urinishlar ham kerakli natijani bermadi. Chamdon ikki hafta oldin Eron rasmiy shaxslari yangi ogohlantirish bilan chiqish qilishdi.
Ularning soʻzlariga koʻra, agar AQSh yoki Izrail Eronga yana hujum qilsa, Tehron mintaqadagi Amerika manfaatlari bilan bogʻliq infratuzilma obʼyektlariga zarba berishi mumkin. Bu roʻyxatga maʼlumotlarni qayta solish markazlari — data-markazlar, serverlar, suv osti internet-kabellari va AQShning geostrategik manfaatlariga xizmat qiluvchi boshqa obʼyektlar kiradi. Eron tomoni ushbu obʼyektlarning joylashuvi haqida yetarlicha maʼlumotga ega ekanini bildirdi. Baʼzi bayonotlarda ushbu infratuzilmaning umumiy qiymati deyarli 2 trillion dollarga baholangan.
Albatta, bu raqamni alohida tekshirish kerak. Biroq Yaqin Sharqning koʻplab mamlakatlarida, shu jumladan AQShning arab davlatlari orasidagi ittifoqchilari hududida Amerika manfaatlari bilan bogʻliq muhim infratuzilma obʼyektlari mavjud. Eronning taʼkidlashicha, shu vaqtgacha Tehron ushbu obʼyektlarga qasddan zarba bermagan. Bunga urushning yanada kengayib ketishiga yoʻl qoʻymaslik istagi va boshqa harbiy nishonlarga eʼtibor qaratishga intilish sabab boʻlgan. Ammo agar AQSh Eronga yana hujum qilsa, Eron bu infratuzilma obʼyektlarini ham nishonga olishi mumkin, deb ogohlantirdi Tehron.

