Siyosat

Eronga qarshi yangi urush, Tramp Kim bilan koʻrishmoqchi – hafta dayjesti

Hafta davomida Amerika Hoʻrmuz boʻgʻozida neft tashib chiqish boʻyicha maxfiy operatsiya oʻtkazdi. Tramp Kim Jong Un bilan uchrashmoqchi ekani maʼlum boʻldi. Vashington Tehron bilan biznes qilganlarni ham jazolamoqchi. Mixaylo Fyodorov Ukrainada saylov oʻtkazishni talab qildi. Bir necha daqiqa vaqtingizni ayamasangiz, haftaning shu va boshqa muhim voqealarini birgalikda yodga olamiz.

**Yangi urush, Tramp va Kim uchrashuvi – Haftalik Dayjest**

Oʻtgan hafta davomida Amerika Qoʻshma Shtatlari Hoʻrmuz boʻgʻozida neft tashish boʻyicha maxfiy operatsiya oʻtkazdi. Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Jong Un bilan uchrashish niyatida ekanligi maʼlum boʻldi. Vashington Eron bilan biznes qilgan shaxslar va tashkilotlarga qarshi sanksiyalar qoʻllashni rejalashtirmoqda. Ukrainada esa Mixaylo Fyodorov saylov oʻtkazishni talab qildi. Keling, bir necha daqiqa vaqtingizni ayamay, haftaning ushbu va boshqa muhim voqealarini birgalikda eslab oʻtamiz.

**Eronga qarshi iqtisodiy urush**

Amerika fevral oyi oxirida Eronga qarshi urush boshlagan edi. Tezda yakunlanishi kutilgan bu urush yarim yil oʻtib boshi berk koʻchaga kirib qoldi. Amerika jahon chempionatigacha barchasini tugatishni maqsad qilgan boʻlsa-da, dunyodagi eng tomoshabop musobaqa ham urush holatida oʻtdi. Hatto noyabrdagi oraliq saylovlargacha ham urush tugamagan boʻlsa kerak.

Harbiy va siyosiy maqsadlariga erisha olmagan Tramp maʼmuriyati endilikda Eronga qarshi iqtisodiy urush variantini koʻrib chiqmoqda. Amerika endi "biz bilan boʻlmaganlar bizga qarshi" tamoyiliga tayanib, Eron bilan biznes qiladiganlarga ham sanksiyalar bilan tahdid solmoqda.

Amerika Eronga qarshi yangi sanksiyalar haqida ertaga oʻtkaziladigan matbuot anjumanida eʼlon qilishi kutilmoqda. Vashington Eronga yordam berayotgan har bir kishini jazolashni maqsad qilgan. Moliya vaziri Skott Bessentning soʻzlariga koʻra, "Biz bilan boʻlmaganlar bizga qarshidir. Eron bilan biznes qilsangiz, pul oʻtkazsangiz, neft sotib olsangiz, Amerika hukumati sizga qarshi bor kuchini ishga soladi."

Amerika vitse-prezidenti Jey Di Vensning taʼkidlashicha, iqtisodiy bosim "Vashington qoʻlidagi eng samarali taʼsir vositasi" ekan. Janoblar, shu ishingizni urush boshlashdan avval qilganingizda nima boʻlardi? Shuncha urush, shuncha qon toʻkilishi, shuncha katta ketish va eng oxirida maqsadingizga baribir sanksiyalar orqali erisharkansiz, nega boshidan urushmay "eng samarali taʼsir doirangizdan" foydalanmadingiz? Qizigʻi shundaki, Eron sanksiyalar taʼsiri ostida yashash boʻyicha "jahon chempioni". Bu davlat 1979-yilgi inqilobidan buyon sanksiyalar ostida yashab keladi. Eron Yevropa sharqidagi bir davlatga oʻxshab "sanksiya bizni kuchliroq qiladi" demaydi, shunchaki bunday sharoitda qanday yashashni yaxshi biladi.

**Tramp Kim bilan uchrashmoqchi**

AQSh prezidenti Tramp Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Jong Un bilan uchrashish niyatida. Bu uchrashuv noyabr oyida Xitoyda boʻlishi mumkin. Amerika prezidenti avval ham ikki marta Shimoliy Koreya yetakchisi bilan uchrashgan. Bir marta Vyetnamdagi sammitda, keyin esa ikki Koreya oʻrtasidagi qurolsiz hududda. Lekin oʻsha uchrashuvlardan keyin hech qanday oʻzgarish boʻlmagan. Tramp shunchaki Kim bilan suratga tushgan, xolos. Bu galgi uchrashuvning eng asosiy natijasi ham ikki siyosatchining birga tushgan rasmi boʻlishiga shubha qilmasangiz boʻladi.

Tramp bu uchrashuv oʻtkazilishi uchun Amerikaning Janubiy Koreya bilan anʼanaviy harbiy mashgʻuloti muddatini keskin qisqartirdi. Jurnalistlarga Kim bilan uchrashmoqchi ekani, u bilan yana muloqot oʻrnatilgani haqida siyosiy gʻalabadek aytib berdi. Vaholanki, doʻsti Si Jin Pinga aytsa, Shimoliy Koreya yetakchisini bir pasda telefonda ulab bergan boʻlardi.

Tramp jurnalistlarga "Kim bilan juda yaxshi munosabatda ekanini" aytib maqtandi. Amerika prezidenti uchrashuvda Shimoliy Koreya yadro dasturi boʻyicha muzokara oʻtkazishni taklif qilmoqchi. Trampning aytishicha, hozir Shimolda 57 ta kuchli yadro quroli bor.

Lekin Kim Amerika nimadir taklif qilsa, yadro qurolidan voz kechmasligi aniq. Axir uning davrida yadro dasturini mamlakat mavjudligining asosiy sababi deb koʻrsatish odatga aylandi. Shimolda hayot janubdagidan keskin farq qilsa ham, odamlar qornini amallab toʻydirsa ham, jamiyat hukumatga hech qanday bosim oʻtkazmaydi. Shu sabab Kim bemalol yadro dasturini rivojlantirib yuraveradi. Tramp va Kim oʻrtasida ikki siyosatchi emas, ikki mashhur inson uchrashuvi boʻladi katta ehtimol. Unda nimadir hal boʻlishini kutmasa ham boʻladi.

**Fyodorov saylov oʻtkazishga chaqirdi**

Ukraina sobiq mudofaa vaziri Mixaylo Fyodorov mamlakatda saylov oʻtkazishga chaqirdi. "Ukrainlar qachon oʻz hukumatini tanlashini Putin hal qilmasligi kerak. Demokratiya tinchlik davridagi hashamat emas, aynan biz kurashayotgan narsa," dedi Fyodorov. Bu murojaatdan bir necha soat avval Zelenskiy Yevgeniy Xmara nomzodini Fyodorov oʻrniga mudofaa vaziri lavozimiga tavsiya qilgandi.

Mixaylo Fyodorov Ukraina mudofaa vaziri lavozimidan ketgach, mamlakatda prezident Zelenskiyga nisbatan norozilik kayfiyati kuchaydi. Odamlar Fyodorovni vazirlikka qaytarishni talab qilib, namoyishga chiqdi. Isteʼfodan keyin Fyodorovning obroʻsi oshib ketdi. Hozir uning reytingi juda baland, hatto Zelenskiynikidan ham balandligi aytilmoqda. Saylov oʻtkazilsa, aynan Fyodorov Zelenskiyning asosiy raqibi boʻladi.

Ukraina urush sabab prezidentlik saylovi oʻtkazmay kelmoqda. Mamlakat qonunchiligi urush davrida Oliy Rada uchun saylov oʻtkazmaslik imkonini beradi, lekin prezidentlik saylovi borasida bunday cheklov yoʻq. Shu bois Ukraina ittifoqchilari, xususan, Amerika ham koʻp marta Kiyevni saylov oʻtkazishga chaqirib keladi.

Zelenskiy urush davrida xavfsizlikni taʼminlab boʻlmaydi degan sabab bilan saylovga ruxsat bermayapti. Shuningdek, prezident Rossiya bosib olgan hududdagi ukrainlar ovoz berishdan chetda qolishi natijalar adolatli boʻlishiga yoʻl qoʻymasligini aytadi.

**Maxfiy neft operatsiyasi**

AQSh Hoʻrmuz boʻgʻozi orqali neft tankerlarining maxfiy harakatini yoʻlga qoʻyayotgan ekan. Amerika nashrlariga koʻra, bu operatsiya okean ortidagi shtabdan turib boshqarilmoqda. Xullas, "maxfiy operatsiya" doirasida amerikalik harbiylar Hoʻrmuzga kiradigan, u yerdan chiqadigan kemalar roʻyxatini tuzadi. Suvda harbiy kemalar, osmonda qiruvchi samolyotlar amerikalik soliq toʻlovchilar puliga sotib olingan tekin dizel-u kerosinni yoqib boshqa davlatlar neft tankerlarini qoʻriqlab borarkan. Oʻziga xos kortej!

Bu kortej borishda 15-20 ta kemani kolonna qilib qoʻriqlab boradi, qaytishda yana shuncha neft ortilgan tankerni qoʻriqlab keladi. Kolonna boʻlgandan keyin yoʻlda toʻxtab, ovqatlanish yoʻq, doʻkonga suv-puv olishga kirish yoʻq, hamma faqat bosishi kerak. Hazil, albatta, lekin bu chindan qiziq jarayon.

Axir urushgacha hamma Hoʻrmuzga bemalol kirib neft olar, bemalol chiqib ketar, hech kim qarshilik qilmas, toʻlov ham olmasdi. Xohlagan joylarida toʻxtashardi. Endi esa Hoʻrmuzga Amerika "maxfiy operatsiyasi" doirasida kirib, neftni olib, bochkalar toʻlar-toʻlmas juftakni rostlash kerak! Va bu Amerika armiyasining muvaffaqiyatli operatsiyasi deb aytilmoqda. Janoblar, butun dunyo emin-erkin kirib-chiqib yurgan suvlikka osmon-u dengizdan qoʻriqchilar yordamida kirib-chiqish muvaffaqiyat emas, muvaffaqiyatsizlik deyiladi.

Mana shu faktning oʻzi Amerika qanchalik mantiqsiz urushga kirib qolgani, endi bu urush jabrini hamma chekayotganini koʻrsatib turibdi. Chinakam katta davlatlar boshqalarning muammosini hal qilishi kerak, yangi muammo yaratishi emas.

**Kiyevdagi "avariya"**

Ukrainada Kiyev koʻchalaridan birida sodir boʻlgan yoʻl transport hodisasi keng muhokama qilinmoqda. BMW X3 haydovchisi asosiy yoʻlga notoʻgʻri qoʻshilib, qoida boʻyicha harakatlanib kelayotgan BMW X7 ning yoʻlini toʻsgan. Oqibatda mashinalar tratuarga chiqib, agʻdarilib ketgan. Qoidabuzar Ukraina futbol ittifoqining 36 yoshli mulozimlaridan biri boʻlgan. Avariya sodir boʻlganda yoʻl chetida, mashinalar borib urilgan restoranda odamlar boʻlgan.

Bu hodisa shunchalik shov-shuv boʻlib ketdiki, urush holatidagi mamlakat prezidenti Zelenskiy maxsus chiqish qilib Xavfsizlik xizmati yoʻllardagi qoidabuzarliklar boʻyicha katta yigʻilish oʻtkazishini maʼlum qildi. Ukrainlar mamlakat urush holatida boʻlsa ham, bunday qoidabuzarlikni jiddiy muhokama qilayotgani, tizimli kurash kerakligini aytib chiqayotgani odamni hayron qoldiradi.

Endi vaziyatga batafsilroq toʻxtalsak. Qoidabuzar faqat oʻngga yoʻl belgisiga bepisand harakat qilib, toʻgʻriga oʻtmoqchi boʻlyapti. Yaʼni, nariroqdan burilib kelishga eringan katta ehtimol. Qoida boʻyicha BMW X3 rulidagi muttaham avval avtobus yoʻlagiga oʻtishi, keyingi tasmada mashina boʻlmasa, burilish chirogʻini yoqqan holda yoʻlning uzuq chiziq bor qismidan oʻtishi, keyin harakatni davom ettirishi kerak edi. Lekin "chinovnik" ekani esga kelib, bu belgilar menga emas, qonunga boʻysunuvchi "lox"larga tegishli, dedi-da, toʻgʻriga qarab bosdi.

Bilasizmi, men koʻchalarimizda bunday qoidabuzarliklarni har kuni koʻraman. Bu bizning yoʻllar uchun oddiy hol. Axir kamerasi yoʻq chorraxalarda qora Gentra'lar bemalol qizilga oʻtib ketishi, tugʻruqxona oldidagi piyodalar oʻtish joyida homilador ayolni urib oʻldirishlari oldida bu nima boʻlibdi! Lekin bizda bunaqa agressiv haydovchilarga nisbatan reaksiya yoʻq. Qora Gentra'ni hamma oynasini qoraytirib, yoʻl belglariga ham, qoidaga ham, atrofdagi boshqa haydovchilar huquqiga ham tupurib haydab ketaverishadi.

Chunki bizda qoidaga boʻysunish qoʻrqoqlik deb qabul qilinadi. Oʻgʻil bolamisan, bos: qizilda oʻt, qarama-qarshi yoʻnalishga chiqib hayda, axir senda mashina bor! Bunaqa qarashdan voz kechishimiz kerak. Bizda mashina olish hayotda qandaydir maqsadga erishish deb qaraladi, mashinani hech qayerda bizday yaxshi koʻrishmaydi. Bunaqa boʻlmasligi kerak. Mashina hozir hammada bor, koʻchaga qarang, yoʻlovchidan haydovchi koʻp.

Bunday holatda qoidaga boʻysunish, yoʻl belgilariga qarab yurish ikki hissa muhim. Biz ham agressiv qoidabuzarliklarga, qoidabuzarlarga qarshi tizimli kurashishni oʻrganishimiz kerak. Haydovchilar dunyoqarashini nima qilib boʻlsa ham oʻzgartirishimiz shart.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.