Tramp Eronga iqtisodiy bosimni oshirmoqchi. Unda qanday imkoniyatlar bor?
Joriy yil fevral oyida AQSh Isroil bilan Ko‘rfazda yangi urush boshlanganidan beri Eronning dengiz, energetika va moliya sohalariga yana qo‘shimcha sanksiyalar kiritdi. Ho‘rmuzda dengiz qamalini boshladi. Urushning beshinchi oyiga kelib prezident Tramp Eronga yana iqtisodiy «qattiq zarba berishga» va’da bermoqda.

Tramp Eronni iqtisodiy jihatdan yanada siquvga olmoqchi: qanday imkoniyatlar mavjud?
O‘tgan hafta AQSh prezidenti Donald Tramp Eron iqtisodiyotiga qattiq zarba berishga va’da berdi. Bu bayonot AQSh Moliya vaziri Skott Bessentning kelgusi haftada Tehronga nisbatan "avval hech ko‘rilmagan" choralar joriy etilishini ma’lum qilganidan bir kun o‘tib yangradi.
AQSh, BMT va Yevropa Ittifoqi 1970-yillarning oxiridan beri Eronning yadroviy dasturi va inson huquqlari buzilishi kabi turli sabablar bilan unga qarshi sanksiyalar qo‘llab keladi. Eron savdo embargolari ostida qolgan va milliardlab dollarlik aktivlari muzlatilgan.
Joriy yil fevral oyida AQSh Isroil bilan Ko‘rfazda yangi urush boshlanganidan so‘ng Eronning dengiz, energetika va moliya sohalariga qo‘shimcha sanksiyalar kiritdi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozida dengiz qamalini boshladi.
AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) ma’lumotlariga ko‘ra, Trampning ikkinchi muddatida agentlik 1000 dan ortiq jismoniy shaxslar, kemalar va samolyotlarga sanksiyalar qo‘llagan.
So‘nggi choralar Eronning yashirin neft floti, kemalarni sug‘urtalovchilar, qurol sotib olishiga yordam beruvchi sub’ektlar hamda raqamli birjalarga qaratilgan. Reuters xabariga ko‘ra, natijada Eron bilan bog‘liq yuzlab million dollarlik kriptovalyuta muzlatib qo‘yilgan.
Ekspertlarning fikricha, Tramp ma’muriyati Eronga bosimni oshirish uchun quyidagi variantlarni ham ko‘rib chiqishi mumkin:
**Xitoyning "choynak" zavodlariga qarshi sanksiyalar**
"Choynaklar" nomi bilan tanilgan mustaqil neftni qayta ishlash zavodlari Xitoyning umumiy qayta ishlash quvvatining chorak qismini tashkil etadi. Ular past, ba’zan esa manfiy foyda marjasi bilan ishlaydi.
Kpler tahliliy firmasining 2025-yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Eron eksport qiladigan neftning 80 foizdan ortig‘ini sotib oladi. Mustaqil neftni qayta ishlash zavodlari esa ushbu savdoning katta qismini o‘zlashtiradi. Natijada ular "ikkilamchi choralar" xavfi ostida qolishi mumkin.
AQSh avvalroq Xitoyning yirikroq mustaqil neftni qayta ishlash korxonalarini Eron neftini sotib olishdan qaytargan edi. Biroq kichik mustaqil zavodlar ma’lum darajada daxlsizdir, chunki ularning AQSh moliya tizimi bilan deyarli aloqasi yo‘q.
**Xitoy banklariga qarshi sanksiyalar**
OFAC Eronning milliardlab dollarlik neftini qayta ishlashda va qurol sotib olishni moliyalashtirishda yordam berishda ayblangan Xitoy va Gonkongdagi kichikroq tashkilotlarga ikkilamchi sanksiyalar kiritgan.
Moliya vazirligi, shuningdek, Xitoyning ikkita yirik bankini, agar ular Eron mablag‘larini aylantirayotgani aniqlansa, ikkilamchi sanksiyalarga uchrashi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Biroq AQSh hozircha ularga nisbatan sanksiya joriy etgani yo‘q.
AQSh rasmiylarining Reuters’ga aytishicha, ushbu ikkita bankka zarba berish yirikroq moliya institutlariga jiddiy tiyib turuvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ammo sanksiyalar bo‘yicha ekspertlar bu Pekinning javob choralarini keltirib chiqarishidan ogohlantirgan.
Shu bilan birga, Oq uy rasmiylari yil oxirida Tramp va Si o‘rtasida kutilayotgan uchrashuv oldidan Vashington va Pekin o‘rtasidagi ziddiyatlarni yumshatishga harakat qilmoqda. Ular Xitoy ilg‘or texnologiyalar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan muhim minerallar eksportini qisqartirishi mumkinligidan xavotirda.
**"Ko‘rsichqon o‘yini" – tuganmas kurash**
Bulardan tashqari, AQSh Eronning sanksiyalarni aylanib o‘tishiga va harbiy harakatlari uchun daromad yig‘ishiga yordam berayotgan shaxslar va tashkilotlarni nishonga olishda ham davom etishi mumkin.
Yaqinda Moliya vazirligi Eronning neft daromadlarini tovarlarga almashtirayotgan vositachi firmalarga qarshi sanksiyalar kiritgandi. Ammo tahlilchi Brett Eriksonning ta’kidlashicha, bunday choralar "ko‘rsichqon o‘yini"ga teng – biri yo‘q qilinsa, boshqasi paydo bo‘ladigan yondashuv. Chunki bunday sanksiyalar Eronning xatti-harakatlarini o‘zgartirmaydi, eronliklar ularning o‘rniga shunchaki yangi tashkilotlarni tuzib olaveradi.
Sanksiyalar bo‘yicha yana bir ekspert Miad Malekining aytishicha, Bessent, ehtimol, Eronga to‘lovlarni amalga oshirishga yordam beruvchi neft tashuvchilar, xaridor va valyuta ayirboshlovchilar ustidan nazoratni kuchaytirishga ishora qilgan bo‘lishi mumkin.
Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh "dengiz qamali"ni e’lon qilgan bir paytda, Eronning imkoniyatlarini pasaytirishga qaratilgan aviatsiyaga oid navbatdagi sanksiyalar ham kiritilishi mumkin.
**Quruqlik qamali**
AQSh va Isroilning ayrim rasmiylari quruqlikdan qamal qilish ehtimolini ilgari surishdi, deb yozmoqda nashr. Bu esa Eronning qo‘shnilari: Iroq, Turkiya, Pokiston, Afg‘oniston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Armanistonning yordamini talab qiladi.
Tramp ma’muriyati Afg‘onistondan tashqari bu davlatlarning barchasi bilan turli darajadagi yaqinlikka ega. Ammo u yerdagi chegara shundoq ham tog‘li va nazorat qilish o‘ta qiyin hudud hisoblanadi.
Tramp, masalan, yaqinda o‘z iqtisodiyotidagi dollar taqchilligidan chiqib ketish uchun AQShdan 10 milliard dollar naqd pulda qarz so‘ragan Pokistonga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, AQShning F-35 harbiy samolyotlari dasturiga qaytishga intilayotgan Turkiyaga nisbatan ham bu reja ishlashi mumkin.
Quruqlik qamali oziq-ovqat, energiya va to‘qimachilik mahsulotlari importini to‘xtatib qo‘yish orqali Eron xalqiga bosimni kuchaytirishi mumkin. Ammo ekspertlarning ta’kidlashicha, bunday qadamni amalga oshirish qiyin bo‘ladi va u Eronda ichki bosimga olib kelmasligi mumkin.
**Ikkilamchi tariflar**
Oliy sud bunday soliqlarning huquqiy asosini bekor qilganiga qaramay, Tramp Eron bilan biznes qiladigan mamlakatlarning tovarlariga bojlar kiritish bilan bir necha bor tahdid qilgan.
O‘tgan haftada Senat Rossiyaga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi. Nashrga ko‘ra, ushbu hujjat Eronga qarshi yangi sanksiyalarni ham o‘z ichiga oladi. Bu esa Donald Trampga Eron savdosiga yordam beradigan mamlakatlarga qarshi foydalanishi mumkin bo‘lgan yangi tarif vakolatlarini beradi.
Biroq bu qonun hujjatlari hali AQSh Vakillar Palatasidan o‘tishi kerak. Kongressda tarif choralariga nisbatan keng tarqalgan xavotirlarni hisobga olganda, buni amalga oshirish qiyin kechishi mumkin.
Trampning yangi iqtisodiy bosimi va quruqlik blokadasi tahdidlariga javoban, Eron rasmiylari Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopish va AQShdan tovon talab qilish orqali qarshi bosimni davom ettirib kelmoqda. "Uzoq yillik sanksiyalar bilan yashash tajribasi" Tehronga "omon qolish iqtisodiyoti"ga o‘tishga yordam bergan, deyish mumkin.
Shu bilan birga, Eron AQSh va uning ittifoqchilari manfaatlariga qarshi harbiy choralar ko‘rishi mumkin. Xitoy bilan yashirin yoki ochiq neft eksporti orqali AQSh blokadasini zaiflashtirish ham davom etadi.
Bundan tashqari, rasmiy Tehron Donald Tramp saylovchilari va partiyadoshlari bosimiga duch kelayotganini ham yaxshi tushunib turibdi.

