“Eron AQSH oldida tiz cho‘kmaydi” — Pezeshkiyon BMTda nutq so‘zladi

“Eron AQSH oldida tiz cho‘kmaydi” — Pezeshkiyon BMTda nutq so‘zladi
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon 23-sentyabr kuni BMT Bosh assambleyasida so‘zga chiqib, Islom Respublikasi AQSH bosimiga bo‘ysunmasligini aytdi va Tehronning Hormuz bo‘g‘ozida joriy etgan cheklovlarini qo‘llab-quvvatladi.
Pezeshkiyon Vashingtonning sanksiyalari hamda kuchayib borayotgan bosimi Eronning qarshiligini yanada oshirishini ta’kidladi.
“(AQSH prezidenti Donald Tramp) sanksiyalar, bosim ortishi va tahdidlar qarshisida Eron xalqining qarshiligi faqatgina oshishini bilishi kerak. Biz hech qachon bosh egmaymiz va tiz cho‘kmaymiz”, dedi u.
### Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat va muzokaralar
Pezeshkiyon Tehronning Hormuz bo‘g‘ozidagi pozitsiyasini himoya qilib, bu strategik suv yo‘lidan Eronga qarshi hujumlarda foydalanishga ruxsat berilmasligini aytdi.
Dunyoga yetkazib beriladigan neft va gazning katta qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozi urushni yakunlash bo‘yicha sa’y-harakatlarda markaziy mavzuga aylangan. Eron Vashington harbiy bosimni yumshatsa va Eron portlari blokadasini olib tashlasa, suv yo‘lini qayta ochishi mumkinligiga ishora qilmoqda.
Eron davlat televideniyesiga ko‘ra, Tehron muzokarachilar orqali Hormuz bo‘g‘ozini ochish shartlarini yetkazgan. Ular orasida AQSHning dengiz qamalini bekor qilish, muzlatilgan Eron aktivlarini ozod qilish va harbiy harakatlarni barcha frontlarda to‘xtatish bor.
### Eron o‘zini terrorizm qurboni deb atadi
Pezeshkiyon Eron hech qachon urush boshlamaganini bildirdi. U Trampning Tehronga nisbatan terrorizm haqidagi ayblovlarini rad etib,
“Eronning o‘zi terrorizm qurboni bo‘ldi”, deya ta’kidladi.
Pezeshkiyon BMT minbaridan turib sobiq oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiy va urush paytida maktabga qilingan hujumda halok bo‘lgan eronlik maktab o‘quvchilarining suratlarini ko‘rsatdi. AQSH delegatsiyasi Pezeshkiyonning nutqi vaqtida zalni tark etdi.
Kuni kecha Tramp BMT minbaridan turib barcha davlatlarni Xalqaro jinoiy suddan chiqishga chaqirgandi.

