«Eng kuchlilar ikkitamiz – men va Mbappe. Bu yil – men». Yamal «Oltin toʻp» oʻziga berilishi kerakligini aytdi
Kilian ham kamtarlik qilib oʻtirmayapti.

«Eng kuchlilar ikkitamiz – men va Mbappe. Bu yil – men». Yamal «Oltin toʻp» oʻziga berilishi kerakligini aytdi
Lamin Yamal bu gal «Oltin toʻp» aynan unga topshirilishi kerakligini aytmoqda — u «Barselona» va Ispaniya milliy jamoasi bilan erishgan natijalari asosida bunga munosibman, deb hisoblaydi.
Kilian Mbappe ham mediapoygada ortda qolmayapti va u ham shov-shuvli bayonotlar bermoqda.
«Men uni dunyoning eng yaxshisiga bergan boʻlardim. Men bunga munosibman».
19 yoshli vinger sobiq futbolchi Horhe Valdano bilan «Valdano olami» dasturi uchun suhbatlashdi.
– Sen «Oltin toʻp»ni kimga bergan boʻlarding?
– Bu uzoq muhokama qilinadigan mavzu. Men [mukofotni] dunyoning eng yaxshi futbolchisiga bergan boʻlardim. Men shunday hisoblayman: dunyoning ikki eng yaxshi futbolchisi – Mbappe va men. Qoʻlga kiritgan yutuqlarimdan kelib chiqsak, mukofotga bu yil men koʻproq loyiqman.
– Shunchalik aniqmi?
– Men uchun – ha, aniq. Oʻylaymanki, bu futbol tomosha qiladigan har qanday inson uchun tushunarli.
«Oltin toʻp» borasidagi fikridan soʻng ispaniyalik futbolchi gʻoliblikka erishilgan jahon chempionati hamda oʻzining futbol tarixidagi oʻrni haqida ham mulohaza bildirgan: «Oʻzimning oʻyinim nuqtayi nazaridan, hatto gʻalabadan keyin ham jahon chempionatidan qoniqish hosil qilmadim. Jarohat bilan bogʻliq voqeaning bunga aloqasi yoʻq, chunki bilaman: agar JCH yana takroran oʻtkazilsa, men oʻsha darajada oʻynagan boʻlardim va yana oʻzimdan qoniqish hosil qilmasdim.
Men odamlar payqamaydigan koʻp ishlarni qildim – masalan, oʻzim bilan birdaniga uch nafar raqibni olib yurdim va bunday futbolchi har qanday murabbiy uchun haqiqiy topilma. Lekin baribir oʻzimdan koʻnglim toʻlmaydi. Boshqa kimdir bunday koʻrsatkichlar bilan JChni ajoyib oʻtkazdim, deb hisoblashi mumkin. Ammo men emas. Men bundan ham koʻprogʻini qila olardim. Shunday qilib... jamoaga yordam berdim, lekin allaqachon keyingi turnirni kutyapman.
Bungacha buyuk yulduzlar boʻlgan: Leo, Krishtianu, Diyego kabilar – garchi men oxirgisiga toʻqnash kelmagan boʻlsam ham. Ammo hech kim bu yoshda bunchalik koʻp sovrin yutmagan. Pele-mi? Ha, haqiqatan ham, lekin bunga ancha boʻldi. Odamlar shuncha sovrin yutgach, qaysidir pallada boʻshashishi mumkin. Lekin men bilamanki, futbol tarixiga abadiy kirish uchun hali minglab ishlarni amalga oshirishim kerak».

