Elektr energiyasi va gazning «namunali isteʼmolchilari» uchun 15 foizlik avans joriy etiladi
Oʻzbekistonda elektr energiyasi va gazning «namunali isteʼmolchisi» maqomi joriy etilmoqda. Qarzdorligi va qoidabuzarliklari boʻlmagan, hisobga olish tizimlariga ulangan kompaniyalar atigi 15% oldindan toʻlov amalga oshirishi (oddiy isteʼmolchilar uchun 100% talab etiladi), qolgan summani esa oy davomida qismlab toʻlashi mumkin boʻladi.

Elektr energiyasi va gazning «namunali isteʼmolchilari» uchun 15 foizlik avans joriy etiladi
Oʻzbekistonda biznes uchun elektr energiyasi va tabiiy gazning «namunali isteʼmolchisi» maqomi joriy etilmoqda. Bu prezidentning 22 sentyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga kiritilgan oʻzgartirishlarda nazarda tutilgan.
Avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimlariga ulangan va masofadan boshqarish imkoniyatiga ega hisoblagichlar bilan jihozlangan nomaishiy isteʼmolchilar «namunali» deb hisoblanadi.
Bunday isteʼmolchilarning muddati oʻtgan qarzdorligi, energiya resurslaridan foydalanish va ularni hisobga olish qoidalarini buzish holatlari, shuningdek, avvalgi ikki oy davomida toʻlov intizomini buzish holatlari boʻlmasligi kerak.
Ular uchun alohida toʻlov tartibi joriy etiladi: hisob-kitob oyi boshlanishidan oldin shartnomada nazarda tutilgan isteʼmol hajmining kamida 15 foizi miqdorida avans toʻlash kifoya, qolgan summani esa oy davomida qismlab toʻlash mumkin.
Oldindan toʻlov hisobga olish va billing tizimlari maʼlumotlari asosida avtomatik ravishda hisoblab chiqiladi — maqom olish uchun alohida murojaat qilish talab etilmaydi.
Agar shaxsiy hisobvaraqdagi mablagʻlar tugab, elektr energiyasi yoki gaz yetkazib berish avtomatik ravishda toʻxtatilsa, bu toʻlov intizomini buzish deb hisoblanmaydi.
Shu bilan birga, muddati oʻtgan qarzdorlik yuzaga kelganda, isteʼmolchining aybi bilan hisobga olish tizimi bilan maʼlumot almashinuvi buzilganda yoki energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanganda «namunali isteʼmolchi» maqomi yoʻqotilishi mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 avgust kuni Xorazm viloyatida tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan ochiq muloqotda ayrim korxonalar uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun majburiy oldindan toʻlovni 100 foizdan 15 foizgacha kamaytirish niyatida ekanini maʼlum qilgan edi.
Oʻshanda davlat rahbari energiya resurslari uchun toʻliq oldindan toʻlov talabi biznesning aylanma mablagʻlarini qisqartirayotganini taʼkidlagan edi. Uning soʻzlariga koʻra, energetika sohasidagi boshqaruv tizimi tadbirkorlarning bugungi ehtiyojlari va istiqboldagi rejalarini hisobga olgan holda qayta qurilishi kerak.
Yuridik shaxslar uchun 100 foizlik oldindan toʻlov talabi 2024 yil 1 iyuldan boshlab amal qilmoqda. Xuddi shunday tartib 2017 yil iyuldan 2019 yil fevralgacha qoʻllanilgan, shundan soʻng majburiy avans miqdori 50 foizgacha kamaytirilgan edi. 2023 yil oxirida Energetika vazirligi toʻliq oldindan toʻlovga qaytishni isteʼmolchilar tomonidan yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarliklar, jumladan, tarmoqlarga oʻzboshimchalik bilan ulanish va isteʼmol maʼlumotlarini buzib koʻrsatish bilan izohlagan edi.
Ushbu farmon bilan Oʻzbekistonda yirik isteʼmolchilar uchun elektr energiyasining tabaqalashtirilgan tariflari ham oʻzgartirildi. Soat 9:00 dan 17:00 gacha ular uchun pasaytiruvchi koeffitsiyent qoʻllaniladi — tarif 1,5 baravar past boʻladi. Tunda esa avvalgi chegirma bekor qilinadi va elektr energiyasi uchun toʻlov oddiy tarif boʻyicha amalga oshiriladi.

