Dunyoning eng nufuzli 50 nafar yahudiylari e’lon qilindi

Dunyoning eng nufuzli 50 nafar yahudiylari ma’lum qilindi
The Jerusalem Post nashri dunyoning eng nufuzli 50 nafar yahudiysi bo‘yicha 2026-yilgi reytingni e’lon qildi. Ro‘yxatga AQSH prezidentining kuyovi Jared Kushner va uning rafiqasi Ivanka Tramp, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hamda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham kiritildi.
Reyting tuzuvchilari Kushnerni birinchi o‘ringa munosib deb topdi. Bunga, avvalo, uning G‘azo sektoridan isroillik garovdagilarni qaytarishdagi roli sabab qilib ko‘rsatildi. Jared Kushner AQSH prezidenti ma’muriyatining mojaroni hal etishga qaratilgan diplomatik sa’y-harakatlarida qatnashgan. 2025-yil oktyabr oyida G‘azoda tirik qolgan so‘nggi 20 nafar garovdagi shaxs ozod etilgan, 2026-yil yanvariga borib esa halok bo‘lganlarning jasadlari ham Isroilga qaytarilgan. Reytingni shakllantirishda ishtirokchilarning mashhurligi emas, balki ularning ta’siri baholangan.
Kushnerning rafiqasi Ivanka Tramp ham reytingda birinchi o‘ringa qo‘yilgan. Bunda uning isroillik garovdagilar oilasini ochiq qo‘llab-quvvatlagani va ular ozod etilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlarda qatnashgani inobatga olingan.
Ikkinchi o‘rinni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu egalladi. Reyting mualliflari uni o‘nlab yillar davomida mamlakat ichki siyosatini belgilab kelayotgan va ko‘p jihatdan Isroilning xorijdagi timsoliga aylangan shaxs sifatida ta’riflagan. Netanyaxuning Isroil va butun dunyodagi yahudiy jamoalariga ta’siri yuqori baholangan.
Uchlikni isroillik siyosatchi va Bosh shtabning sobiq boshlig‘i Gadi Ayzenkot yakunladi. Jerusalem Post uni bo‘lajak bosh vazirlikka nomzod sifatida ko‘rib chiqmoqda. To‘rtinchi o‘rinni sobiq bosh vazir Naftali Bennet, beshinchi o‘rinni esa Butunjahon yahudiylar kongressi prezidenti Ronald Lauder egalladi. Keyingi pog‘onalarni milliarder Miriam Adelson, Wiz kompaniyasi asoschisi Asaf Rappaport va AQSH savdo vaziri Govard Latnik oldi.
To‘qqizinchi o‘rinda texnologiya sohasi yetakchilari Sem Altman (OpenAI bosh direktori) va Mark Sukerberg (Meta rahbari) qayd etildi. Anthropic bosh direktori Dario Amodei esa 26-o‘rinni egalladi. Isroil prezidenti Isxak Gersog (14-o‘rin) va bir qator vazirlar (15-o‘rin) ham reytingdan joy olgan. Xorijiy davlat yetakchilaridan Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy (21-o‘rin) va Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum (25-o‘rin) ro‘yxatga kiritilgan.
Vladimir Zelenskiy: Ukraina qarshiligining yuziga aylangan yahudiy prezidenti... U hech qachon o‘zining yahudiy ekaniga alohida urg‘u bermagan. Ehtimol, bu uning yahudiylarga xos xususiyatidir, deb ta’kidlaydi The Jerusalem Post.
Nashr Zelenskiyning bobosi Ikkinchi jahon urushi paytida Ukrainani natsistlardan himoya qilganini va prezident oilasining ko‘plab a’zolari Xolokost paytida halok bo‘lganini eslatdi.

