Dunyodagi eng ko‘p hakerlik hujumiga uchragan davlat aniqlandi

Dunyoda eng ko‘p hakerlik hujumiga uchragan davlat ma’lum bo‘ldi
Isroil 2026-yilning birinchi yarmida qayd etilgan DDoS hakerlik hujumlari soni bo‘yicha dunyoda yetakchilik qildi. Barcha qayd etilgan hujumlarning qariyb 17 foizi aynan shu mamlakatga to‘g‘ri kelgan. Hakerlar uchun asosiy nishon davlat tuzilmalari bo‘lib qoldi, bu muassasalarga qilingan hujumlarning 37,2 foizi yo‘naltirilgan.
Radware ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab hakerlar faolligi geosiyosiy nizolar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan. 2026-yil mart oyida Yaqin Sharqdagi harbiy to‘qnashuvlar haqidagi xabarlar ortidan hujumlar soni fevral oyiga nisbatan ikki baravardan ko‘proqqa oshgan.
2026-yilning dastlabki olti oyida veb-xizmatlarga qilingan DDoS-hujumlar soni 2025-yilning shu davriga nisbatan 110,6 foizga ko‘paygan. Agar hozirgi sur’at saqlanib qolsa, yil oxiriga borib ularning soni taxminan 166 foizga oshishi mumkin.
Shu bilan birga, veb-ilovalar va API’larga ziyon keltiruvchi so‘rovlar soni ikki baravardan ko‘proqqa ortdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, zaif nuqtalarning 80 foizidan ularning rasmiy CVE-identifikatorlari e’lon qilinishidan oldinroq foydalanib bo‘lingan. Hisobot mualliflari kiberhujumlarning tezlashishini qisman sun’iy intellekt rivojlanishi bilan bog‘ladi. Bu zaifliklarni tezroq aniqlash va hujumchilar harakatlarini avtomatlashtirish imkonini bermoqda.

