Dunyoning eng katta iqtisodiyoti AQShmi yoki Xitoy?
2026-yil uchun prognozlarga koʻra, nominal yalpi ichki mahsulot boʻyicha AQSH dunyoning eng yirik iqtisodiyoti boʻlib qolmoqda. Biroq mamlakatlardagi narxlar farqi hisobga olinsa, Xitoy birinchi oʻringa chiqadi. Xuddi shu usulda Hindiston uchinchi, Rossiya toʻrtinchi, Indoneziya esa yettinchi pogʻonani egallaydi.

Dunyoning eng yirik iqtisodiyoti AQShmi yoki Xitoy?
Infografikada 20 ta mamlakatning nominal yalpi ichki mahsuloti — YAIM hamda xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha ko‘rsatkichlari berilgan.
Nominal YAIM mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlar qiymatini bozor valyuta kursi orqali dollarga aylantirib hisoblaydi. Xarid qobiliyati pariteti esa davlatlar o‘rtasidagi narxlar tafovutini hisobga oladi: bir xil mablag‘ turli mamlakatlarda qancha tovar va xizmat xarid qilishga yetishini solishtiradi.
Nominal hisob-kitobga ko‘ra, AQSh iqtisodiyoti 2026-yilda 32,6 trillion dollarga, Xitoyniki esa 21,5 trillion dollarga yetishi prognoz qilingan.
Xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha esa Xitoyning YAIM 44,6 trillion xalqaro dollarga baholanmoqda. Bu AQSh ko‘rsatkichidan taxminan 37 foiz yuqori. Xitoy ushbu usul bo‘yicha AQShdan ilk bor 2014-yilda o‘zib ketgan.
Ikkala reytingda ham keltirilgan davlatlar orasida eng katta o‘rin farqi Indoneziyada kuzatiladi. U nominal YAIM bo‘yicha 17-o‘rinda bo‘lsa, xarid qobiliyati hisobga olinganda yettinchi o‘rinni egallaydi. Bu holatda Indoneziya Kanada, Fransiya va Buyuk Britaniya kabi yirik iqtisodiyotlardan yuqorida turadi.
Hindistonning o‘rni ham sezilarli darajada o‘zgaradi. Mamlakat nominal reytingdagi oltinchi o‘rindan xarid qobiliyati bo‘yicha uchinchi o‘ringa ko‘tarilib, Germaniya, Yaponiya va Buyuk Britaniyani ortda qoldiradi.
Hindiston YAIM xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha 19,2 trillion xalqaro dollarga baholangan. Germaniyada bu ko‘rsatkich 6,6 trillionni tashkil etadi. Ya’ni ushbu usulda Hindiston iqtisodiyoti Germaniyanikidan qariyb uch baravar katta.
Rossiya esa nominal YAIM bo‘yicha sakkizinchi, xarid qobiliyati bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda qayd etilgan. Ikkinchi hisoblash usulida uning iqtisodiyoti 7,5 trillion xalqaro dollarga baholanib, Yaponiya va Germaniyadan yuqorida joylashgan.
Bu o‘rinlar farqi mamlakat iqtisodiyoti qisqa vaqt ichida keskin o‘sganini anglatmaydi — bir yil uchun ikki xil o‘lchov qo‘llanmoqda. Shuningdek, iqtisodiyotning umumiy hajmi aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad yoki turmush darajasi bilan bir xil ko‘rsatkich emas.
Keltirilgan raqamlar 2026-yilning yakuniy natijalari emas, Xalqaro valyuta jamg‘armasining prognozlaridir.

