Iqtisodiy oʻsish: Hindiston yetakchi, Rossiya ortda
2026-yilda G20 iqtisodiyotlari orasida eng yuqori oʻsish Hindistonda kutilmoqda - 6,4 foiz. Indoneziya va Xitoy ham yetakchilar qatorida. Rossiya iqtisodiyoti uchun 1,1 foiz, Italiya uchun esa 0,5 foiz oʻsish prognoz qilingan.

**Iqtisodiy oʻsish: Hindiston oldinda, Rossiya ortda**
Visual Capitalist eʼlon qilgan reytingda «Katta yigirmatalik» — G20 aʼzolari 2026-yildagi real yalpi ichki mahsulot oʻsishi prognozi boʻyicha solishtirilgan. Materialda aytilishicha, hisob-kitoblar uchun Xalqaro valyuta jamgʻarmasining World Economic Outlook hisobotidagi yangilangan prognozlar asos qilib olingan.
Geosiyosiy ziddiyatlar va taʼminot zanjirlaridagi uzilishlarga qaramay, jahon iqtisodiyotining 2026-yilda 3 foizga oʻsishi kutilmoqda. Ammo yirik iqtisodiyotlar oʻsish surʼatlari jihatidan bir-biridan ancha farq qiladi.
Real YAIM oʻsishi inflyatsiya taʼsirini hisobga olmaydi. Shu sababli bu koʻrsatkich ishlab chiqarilgan tovarlar va koʻrsatilgan xizmatlar hajmidagi oʻzgarishni baholashga yordam beradi.
2023-yilda G20 tarkibiga qoʻshilgan Afrika Ittifoqi reytingga kiritilmagan. Materialda bunga bu birlashma yagona iqtisodiyot yoki umumiy bozor emasligi sabab qilib koʻrsatilgan.
**Osiyo mamlakatlari yetakchilik qilmoqda**
Reytingning yuqori pogʻonalarini Osiyo davlatlari egallagan. Hindiston iqtisodiyotining 6,4 foizga, Indoneziyaniki 5 foizga, Xitoyniki esa 4,6 foizga oʻsishi prognoz qilingan.
Hindistondagi oʻsishni yirik davlat investitsiyalari va barqaror isteʼmol xarajatlari qoʻllab-quvvatlamoqda.
Materialdagi prognozga koʻra, Hindiston 2026-yilda dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari orasida oltinchi oʻrindan 2031-yilga borib uchinchi oʻringa chiqishi mumkin. Bankir Jeymi Daymon ham Hindiston iqtisodiyoti yaqin oʻn yilda uch baravarga oshishi mumkinligini aytgan.
Indoneziya tabiiy resurslari va xomashyo narxlarining yuqoriligidan foydalanib, mamlakat ichida qayta ishlash sanoati hamda infratuzilmani rivojlantirmoqda.
Ushbu uch mamlakat ichida iqtisodiyoti eng yirigi boʻlgan Xitoy uchun 4,6 foizlik oʻsish avvalgi oʻn yilliklardagi surʼatlardan ancha past. Koʻchmas mulk bozoridagi zaiflik va kuchayib borayotgan demografik bosim iqtisodiy oʻsishni cheklayotgan omillar sifatida qayd etilgan.
**Yevropada oʻsish sust boʻlishi kutilmoqda**
Yevropa mamlakatlari reytingning pastki qismida koʻproq joy olgan. Prognozga koʻra, 27 davlatni birlashtiruvchi Yevropa Ittifoqi iqtisodiyoti 1,2 foizga, Rossiya iqtisodiyoti esa 1,1 foizga oʻsadi.

