Dunyoning 33 mamlakati hukumatlari fuqarolarni oziq-ovqat, suv, dori-darmon va radiopriyomniklar gʻamlab qoʻyishga chaqirdi

Dunyoning 33 mamlakati hukumati fuqarolarga oziq-ovqat, suv, dori-darmon va radiopriyomniklarni oldindan gʻamlab qoʻyishni tavsiya etmoqda
Dunyoning 33 mamlakati hukumati aholiga qurolli konfliktlar, ekstremal ob-havo hodisalari va kiberatakalarni oʻz ichiga olgan favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda, oziq-ovqat mahsulotlari, ichimlik suvi, dori-darmon va boshqa birinchi galdagi zarur buyumlar zaxirasini oldindan tayyorlab qoʻyishni tavsiya qilmoqda. Chora-tadbirlar doirasida koʻpchilik mamlakatlarda kamida 72 soatga, Germaniyada esa 10 kungacha boʻlgan muddatga zaxiraga ega boʻlish maslahat berilmoqda.
Newsweek nashrining yozishicha, roʻyxatga Yevropaning 17 ta mamlakati, AQSh, Kanada va Meksika, shuningdek, Janubiy Amerika, Afrika, Osiyo va Okeaniya davlatlari kirgan. Ular orasida Buyuk Britaniya, Frantsiya, Germaniya, Shvetsiya, Yaponiya, Hindiston, Avstraliya va Yangi Zelandiya bor.
Tayyorgarlik muddatlari boʻyicha tavsiyalar farq qiladi. Frantsiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Yaponiya, Meksika va Niderlandiya uch sutkaga zaxiraga ega boʻlishni tavsiya etmoqda. Shvetsiya va Norvegiyada taxminan bir haftaga, Germaniyada esa 10 kunga tayyorgarlik koʻrish maslahat berilmoqda.
AQShda aholiga bir necha kunga oziq-ovqat, suv va boshqa zarur buyumlarni taʼminlab qoʻyish tavsiya etilmoqda, biroq aniq muddat belgilanmagan. Hindistonda ham aniq bir muddat koʻrsatilmagan holda, uyda avariya toʻplamiga ega boʻlish tavsiya etiladi.
Muayyan toʻplamga odatda uzoq saqlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari, ichimlik suvi, dori-darmonlar, batareyalar, chiroq va radiopriyomnik kiradi.

