Olimlar global halokat yuz bergan taqdirda eng xavfsiz mamlakat qaysi ekanini ma’lum qildi

Olimlar global falokat yuz berganda eng xavfsiz mamlakatni aniqladilar.
Ilmiy-fantastik asarlar va filmlarda ko‘pincha dahshatli global falokatlardan keyingi hayot tasvirlanadi. Mutaxassislarning fikricha, bunday voqealarning real hayotda sodir bo‘lish ehtimoli mavjud. Shu sababli, xalqaro olimlar jamoasi Yer yuzida falokat yuz berganda omon qolish uchun eng ko‘p imkoniyat qaysi davlatlarda ekanini o‘rganib chiqdi.
Tadqiqotda bir necha oy yoki yillar davomida dunyo aholisining kamida 10 foizi halok bo‘lishiga olib keladigan hodisalar global xavf-xatarlar sifatida baholandi. Mualliflar ushbu xavflarni uchta asosiy toifaga ajratgan:
**Quyosh nurining to‘satdan kamayishi**
Kuchli vulqon otilishi, yadroviy urush yoki sayyoraga asteroid tushishi quyosh nurini to‘sib qo‘yishi mumkin. Bu keskin sovish, iqlim o‘zgarishi va hosildorlikning pasayishiga olib keladi hamda xalqaro oziq-ovqat savdosiga jiddiy zarba beradi.
**Infratuzilmaning butkul barbod bo‘lishi**
Yadroviy portlash, kuchli geomagnit bo‘roni yoki global kiberhujum tufayli elektr energiyasi uzoq muddatga o‘chib qolishi mumkin. Deyarli barcha ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi elektr tokiga bog‘langani sababli, bu ijtimoiy tizimlarni parchalaydi va oziq-ovqat mahsulotlarini keskin kamaytiradi.
**Global biologik xavflar**
O‘ta yuqumli va o‘lim darajasi yuqori bo‘lgan infeksiyaning tarqalishi yuz millionlab insonlar hayotiga zomin bo‘lishi mumkin. Oqibatda ishchi kuchi yetishmay ocharchilik boshlanadi, sog‘liqni saqlash tizimi esa tamoman inqirozga uchraydi.
**Qaysi davlatlar eng chidamli?**
Olimlar davlatlarning bunday kuchli zarbalardan keyin qayta tiklanish va o‘zini o‘zi boqish qobiliyatini ham tekshirdi. Bunda kuchli davlat nazorati, aholi farovonligi, rivojlangan sanoat, geografik jihatdan boshqa hududlardan uzilganlik hamda tashqi savdoga qaramlikning pastligi kabi omillar hisobga olindi.
Yakuniy xulosaga ko‘ra, Avstraliya dunyodagi eng barqaror va xavfsiz davlat sifatida topildi. Uning asosiy ustunliklari — boshqa qit’alardan uzoqligi, rivojlangan qishloq xo‘jaligi va yuqori sanoat salohiyatidir. Shunday bo‘lsa-da, Avstraliyani ham mutlaqo mukammal deb bo‘lmaydi. Boisi mamlakat yoqilg‘i, dori-darmon va mineral o‘g‘itlar importiga qattiq bog‘lanib qolgan.
Global ofat paytida omon qolish imkoniyati yuqori bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga, shuningdek, Yangi Zelandiya, Yaponiya, Shveysariya va Argentina ham kiritildi. Biroq ushbu mamlakatlarning aksariyati seysmik faol hududda joylashgani va qirg‘oq chiziqlari uzunligi sababli kuchli sunami xavfi ostida qolishi mumkin.
Ekspertlarning fikricha, global falokatlar yuz bergan taqdirda, aynan mana shu davlatlar butun insoniyat uchun oziq-ovqat va urug‘chilik zaxiralarini saqlash markaziga, shuningdek, global falokatlarga qarshi xalqaro chora ko‘rish bazalariga aylanishi mumkin.

