Iqtisodiyot

Dunyodagi ikkinchi eng yirik olmos nihoyat sotildi

**Dunyodagi ikkinchi yirik olmos – "Motsvedi" nihoyat xaridorini topdi**

Botsvanada topilgan, og‘irligi 2488,32 karat bo‘lgan "Motsvedi" olmosi deyarli ikki yillik kutishdan so‘ng sotildi. Bu haqda Business Insider Africa xabar berdi. Karove konida 2024-yil avgust oyida topilgan ushbu tosh dastlab 2492 karat deb e’lon qilingan edi, biroq tozalanib, ishlov berilgach, uning yakuniy og‘irligi 2488,32 karatni tashkil etdi.

Amerika Gemologiya Instituti "Motsvedi"ni insoniyat tarixida topilgan ikkinchi eng yirik zargarlik olmosi deb tan olgan. Birinchi o‘rinda esa 1905-yilda Janubiy Afrika Respublikasida topilgan, og‘irligi 3106 karat bo‘lgan mashhur "Kullinan" olmosi turadi.

Business Insider Africa nashrining yozishicha, Kanadaning Lucara Diamond konchilik kompaniyasi o‘zining 2026-yil ikkinchi choragi bo‘yicha hisobotida ushbu sotuv haqida ma’lum qilgan. 7-avgustdagi hisobotda "Motsvedi" olmosi kompaniyaning choraklik daromadi tarkibiga kiritilgan bo‘lib, umumiy daromad 41 million dollarni tashkil etgan. Biroq Lucara kompaniyasi "Motsvedi"ning xaridorini ham, uning aniq narxini ham oshkor etmadi.

Bunday ulkan hajmdagi olmosni sotish jarayoni murakkab kechdi, chunki bozorda juda yirik toshlarning narxini belgilash uchun aniq mezonlar mavjud emas. Olmos egasi uni bir nechta qimmatbaho olmoslarga bo‘lishi yoki noyob kolleksiya buyumi, yoxud muzey eksponati sifatida butunicha saqlab qolishi mumkin edi.

"Motsvedi" o‘zining yuqori sifati bilan ham ajralib turadi. Gemologiya instituti uni shaffof, och jigarrang tusdagi va zargarlik sifatiga ega olmos deb ta’rifladi. Shuningdek, institut toshni kam nuqsonli yaxlit kristall ekanini bildirdi. Avvalroq Nyu-York meri Zohran Mamdani Britaniyadan Ko‘hinur olmosini Hindistonga qaytarishni so‘ragani haqida xabar berilgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.