Dunyoda eng koʻp reys amalga oshiradigan aviakompaniyalar maʼlum boʻldi
2024-yilda amalga oshirilgan muntazam reyslar soni boʻyicha dunyoning eng yirik aviakompaniyalari reytingi tuzildi. Unda AQSH tashuvchilari yaqqol ustunlik qilgan: reytingga kirgan oltita Amerika aviakompaniyasining oʻzi bir yilda qariyb 7,7 mln reysni amalga oshirgan. Osiyoda esa IndiGo reyslar sonining oʻsish surʼati boʻyicha yetakchi boʻldi.

**Dunyoda eng koʻp reys amalga oshirgan aviakompaniyalar reytingi eʼlon qilindi**
Visual Capitalist tomonidan taqdim etilgan va OAG Takeoff Airlines Ranking Report 2025 hisobotiga asoslangan reytingda 2024-yilda eng koʻp rejali, bir yoʻnalishdagi parvozlarni amalga oshirgan aviakompaniyalar aniqlandi. Ushbu reyting yoʻlovchilar soni, samolyotlardagi oʻrindiqlar miqdori yoki aviakompaniyalarning daromadini emas, balki aynan rejalashtirilgan parvozlar sonini hisobga olgan.
Reyting natijalari AQShning yirik aviakompaniyalari va aksariyat xalqaro tashuvchilar oʻrtasida sezilarli farq borligini koʻrsatdi. Misol uchun, toʻrtinchi oʻrinni egallagan Southwest Airlines 2024-yilda 1,45 million reysni amalga oshirgan boʻlsa, bu beshinchi oʻrindagi Irlandiyaning Ryanair aviakompaniyasi koʻrsatkichidan qariyb 32 foizga koʻpdir. Umuman olganda, reytingga kirgan oltita AQSh aviakompaniyasi bir yil davomida qariyb 7,7 million reysni bajargan.
**American Airlines ichki bozor hisobiga yetakchilik qilmoqda**
American Airlines kompaniyasining ulkan faoliyat koʻlami, birinchi navbatda, AQShdagi keng ichki aviaqatnovlar tarmogʻi bilan bogʻliq. OAG maʼlumotlariga koʻra, 2024-yilda aviakompaniyaning umumiy tashish quvvatining 82,6 foizi ichki yoʻnalishlarga toʻgʻri kelgan. Kompaniya anʼanaviy "xab va spitsa" modeli asosida ishlaydi, bunda koʻplab yoʻnalishlar yirik uzel aeroportlariga bogʻlanib, yoʻlovchilar oqimining katta qismi shu markazlarda jamlanadi. Bunga misol qilib Dallas - Fort-Uert xalqaro aeroportini keltirish mumkin, bu yerda aviakompaniyalar umumiy tashish quvvatining qariyb 81 foizi American Airlines hissasiga toʻgʻri kelgan. Yirik aviakompaniyalar oʻz mavqeini dunyodagi uchta asosiy aviatsiya alyansi doirasidagi xalqaro hamkorlik orqali ham mustahkamlamoqda.
**Ryanair – Yevropadagi yetakchi loukoster**
Irlandiyaning Ryanair aviakompaniyasi 2024-yilda qariyb 1,1 million reysni amalga oshirib, jahon reytingida beshinchi oʻrinni egallagan. Bu Buyuk Britaniyaning easyJet aviakompaniyasi natijasidan deyarli ikki barobar koʻpdir (easyJet bir yilda taxminan 570 mingta reys bajargan). Ryanair koʻrsatkichlari Yevropada loukoster – arzon aviaqatnovlar modelining qanchalik keng tarqalganini koʻrsatadi. Byudjet aviakompaniyalari narxlarni nisbatan past darajada ushlab turish uchun samolyotlardan maksimal darajada foydalanish, reyslar orasidagi yerda turish vaqtini qisqartirish, yirik xablarga bogʻlanmagan toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻnalishlarni yoʻlga qoʻyish va ikkinchi darajali aeroportlardan foydalanish kabi usullarni qoʻllaydi. Bundan tashqari, bagaj, oʻrin tanlash va boshqa qoʻshimcha xizmatlar asosiy chipta narxidan alohida sotiladi. Ryanair biznes modeli tarixan AQShning Southwest Airlines strategiyasi taʼsirida shakllangan. Natijada AQShda ommalashgan byudjet aviaqatnovlar modeli Atlantika okeanining narigi tomoniga oʻtib, nisbatan qisqa xalqaro yoʻnalishlar zich joylashgan Yevropa bozorida keng tarqaldi. Shunga qaramay, reyslar soni boʻyicha dunyoning eng yirik aviakompaniyalarining aksariyati hamon toʻliq xizmat koʻrsatuvchi anʼanaviy tashuvchilar hisoblanadi.
**Osiyoning toʻrt aviakompaniyasi kuchli toʻqqizlikda**
Osiyo aviakompaniyalari ham reytingning yuqori pogʻonalaridan joy olgan. Xitoyning China Eastern aviakompaniyasi qariyb 873 ming reys bilan oltinchi oʻrinni egallagan. Undan keyin China Southern – 828 ming reys bilan joylashgan. Hindistonning IndiGo aviakompaniyasi 2024-yilda qariyb 749 ming reysni amalga oshirgan. Yana bir Xitoy tashuvchisi – Air Chinaʼda bu koʻrsatkich qariyb 623 ming reysni tashkil etgan. Natijada Osiyo aviakompaniyalari jahon reytingidagi dastlabki toʻqqiz oʻrindan toʻrttasini egallagan.
**IndiGo eng tez oʻsgan aviakompaniya boʻldi**
OAG maʼlumotlari Osiyodagi ayrim yirik aviakompaniyalarning parvozlar soni jadal oʻsib borayotganini ham koʻrsatadi. Xususan, IndiGoʻning reyslar chastotasi 2024-yilda avvalgi yilga nisbatan 9,7 foizga oshgan. Bu dunyodagi 20 ta eng yirik aviakompaniya orasidagi eng yuqori oʻsish koʻrsatkichi hisoblanadi. Air China ham reyslar sonini sezilarli – 8,1 foizga oshirgan. Bu raqamlar Osiyodagi yirik ichki aviaqatnov bozorlarining ahamiyati tobora ortib borayotganini koʻrsatadi. Yaʼni global aviakompaniyalarning koʻlamini belgilashda xalqaro yoʻnalishlar bilan bir qatorda Xitoy, Hindiston va AQSh kabi mamlakatlardagi ulkan ichki bozor ham hal qiluvchi omil boʻlib qolmoqda.

