Dunyo “kabisa soniyasi”dan voz kechishi mumkin
Dunyoda qoʻllanadigan vaqt tizimi yaqin kelajakda Yerning oʻz oʻqi atrofida aylanishi bilan bevosita bogʻliq boʻlmay qolishi mumkin. Bu masala oktabr oyida Xalqaro oʻlchovlar va tarozilar byurosi doirasida koʻrib chiqilishi kutilmoqda.

Dunyo “kabisa soniyasi”dan voz kechishi mumkin
Asrlar davomida odamlar sutkaning davomiyligini Yerning aylanishiga qarab belgilab kelgan.
Avvallari bir soniya Quyosh sutkasining 1/86 400 qismi deb hisoblangan.
Ammo XX asrning 1960-yillarida nihoyatda aniq atom soatlari paydo bo‘lishi bilan vaqtni o‘lchash usuli o‘zgardi. Bunday soatlarda vaqt seziy atomlarining tebranishlari orqali aniqlanadi.
Amaldagi ta’rifga ko‘ra, bir soniya — seziy-133 atomi bilan bog‘liq 9 192 631 770 ta tebranish davriga teng vaqt. Shu asosda o‘lchanadigan vaqt atom vaqti deb ataladi.
1972-yildan boshlab dunyoda UTC — muvofiqlashtirilgan jahon vaqti qo‘llaniladi. U atom soatlariga asoslangan, biroq amalda Yerning aylanishiga bog‘liq astronomik vaqtdan juda uzoqlashib ketmasligi uchun vaqti-vaqti bilan tuzatib boriladi.
Muammo shundaki, Yer mutlaqo bir xil tezlikda aylanmaydi. Uning aylanish sur’ati turli davrlarda biroz tezlashishi yoki sekinlashishi mumkin.
Shu sabab atom vaqti bilan Yerning haqiqiy aylanishi asosidagi vaqt o‘rtasida farq yuzaga keladi.
Bu tafovutni bartaraf etish uchun UTCga kabisa soniyasi — qo‘shimcha bir soniya kiritib kelingan.
1972-yildan beri bunday qo‘shimcha soniya 27-marta qo‘shilgan.
So‘nggi yillarda vaziyat o‘zgargan. Yer ayrim davrlarda avvalgiga nisbatan tezroq aylana boshlagan.
Natijada muammoni tuzatish uchun endi qo‘shimcha soniya qo‘shish emas, aksincha bir soniyani olib tashlash, ya’ni “manfiy kabisa soniyasi”ni joriy etish zarurati tug‘ilishi mumkin.
Bunday holat tarixda hali biror marta kuzatilmagan.
Shu bois mutaxassislarning xavotiri asosan vaqtning o‘zi bilan emas, zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘liq.
Bir soniya inson uchun deyarli sezilmaydi. Ammo kompyuter tarmoqlari, telekommunikatsiyalar, ma’lumotlar bazalari, moliyaviy tizimlar va sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasi kabi sohalarda vaqtni juda yuqori aniqlikda sinxronlashtirish muhim ahamiyatga ega.

