Dunyo

Dunyo bo‘ylab jurnalistlar o‘limi ikki yilda 20 foizga oshdi — UNESCO

Bu ko‘rsatkich 2024–2025-yillarda qayd etildi. Qurbonlarning aksariyati dronlar hujumi oqibatida halok bo‘lgan.

Dunyo bo‘ylab jurnalistlar o‘limi ikki yil ichida 20 foizga ko‘paydi — UNESCO

2024–2025-yillarda dunyo bo‘yicha jami 189 nafar jurnalist o‘z kasbiy faoliyati tufayli hayotdan ko‘z yumdi. Bu ko‘rsatkich 2022–2023-yillarga qaraganda 20 foizga yuqori.

Bu haqdagi ma’lumotlar UNESCO bosh direktorining jurnalistlar xavfsizligi va jinoyatlarning jazosiz qolishi bo‘yicha hisobotida keltirilgan.

Hisobotga ko‘ra, qayd etilgan o‘lim holatlarining 127 tasi harbiy harakatlar olib borilayotgan hududlarda yuz bergan. Ularning 40 foizi uchuvchisiz uchish apparatlari — dronlar zarbasi oqibatida halok bo‘lgan.

Eng ko‘p jurnalist Falastinda vafot etgan: 62 kishi. Keyingi o‘rinlarda Meksika (17 kishi) va Sudan (14 kishi) qayd etilgan. Shuningdek, Ukrainadagi urush davomida ko‘rsatilgan davrda 12 nafar OAV xodimi ham hayotdan ko‘z yumgan.

“Mahalliy va xalqaro harbiy muxbirlar katta xavf ostida ishlamoqda. Ular otishmalar o‘rtasida qolmoqda. Shuningdek, ularga hatto front chizig‘idan uzoqda ham qasddan hujum qilinmoqda. Mojaro zonalaridagi to‘rtta mamlakatda jurnalistlar guruhlari vaqtincha tayyorlangan tahririyatlar va ish joylarida halok bo‘ldi. Ularning umumiy soni 36 kishini tashkil etdi. Bitta holatda esa birgina hujum oqibatida to‘qqiz nafar jurnalist o‘ldirildi”, deyiladi hisobotda.

So‘nggi 20 yil ichida UNESCO 1600 nafar jurnalistning o‘limini qayd etgan. Biroq bu holatlarning atigi 14 foizi bo‘yicha tergov o‘tkazilgan. Shu bilan birga, qurolli nizolar bo‘lmagan mamlakatlarda yakunlanmagan tergovlar ulushi kamaygan. Bu ko‘rsatkich 2012-yildagi 94 foizdan 2026-yilda 77 foizga tushgan.

“Shunga qaramay, matbuot erkinligini himoya qilish har qachongidan ham muhimroq. Chunki matbuot nizoli va nizosiz hududlarda hamon jiddiy xavf ostida qolmoqda. Jurnalistlar esa buning uchun og‘ir badal to‘lashda davom etmoqda”, deb ta’kidladi UNESCO bosh direktori Xolid al-Inaniy.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.