Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan Flydubai bortida uchuvchilar oʻrtasida mojaro yuz berdi
Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan Flydubai aviakompaniyasining yoʻlovchi samolyoti bortida uchuvchilar oʻrtasida mojaro yuzaga keldi. Ichida 174 nafar yoʻlovchi, jumladan 27 nafar bola boʻlgan samolyot Saudiya Arabistonining Tabuk shahriga qoʻndi.

Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan Flydubai samolyoti bortida uchuvchilar oʻrtasida mojaro yuz berdi. Aniqlik kiritilishicha, voqea layner Iordaniya havo hududida boʻlgan paytda sodir boʻlgan. Shu paytda havo kemasini egallab olishga ehtimoliy urinish haqida signal berilgan. Isroil rasmiylari uchuvchilar bilan bogʻlana olmaganidan soʻng, havoga qiruvchi samolyotlar koʻtarilgan.
Manbalarning maʼlumotlariga koʻra, keyinchalik uchuvchilar oʻrtasida janjal chiqqani maʼlum boʻlgan. Xabar qilinishicha, ikkinchi uchuvchi havo kemasi komandiriga hujum qilgan va samolyot boshqaruvini qoʻlga olishga uringan. Kabinada shovqin koʻtarilganidan soʻng, yoʻlovchilar u yerga kirib, ikkinchi uchuvchini zararsizlantirishgan.
Manbalarning bildirishicha, bortda xizmat safariga ketayotgan, fuqarolik kiyimidagi uchuvchilar ham boʻlgan. Ular samolyot boshqaruvini oʻz zimmalariga olib, uni Tabukka qoʻndirishgan.
Havo kemasi komandiri, BAA fuqarosi, hushsiz holatda shifoxonaga yetkazilgan. Ikkinchi uchuvchi soʻroq qilinmoqda. Isroil yoʻlovchilarni Tel-Avivga yetkazish uchun boshqa samolyot yuborgan.
Ulardan birida, taʼkidlanishicha, ikkinchi uchuvchini zararsizlantirishga yordam bergan yoʻlovchilardan birining kiyimida qon izlari borligi koʻrinadi.
Aniqlashtirilgan maʼlumotlarga koʻra, BAA fuqarosi boʻlgan komandirga hujum qilgan ikkinchi uchuvchi Ummon fuqarosi boʻlgan. Uning motivi hozircha aniqlanmagan.
Isroil hukumati terakt versiyasini koʻrib chiqmoqda. Shuningdek, ikkinchi uchuvchi samolyotni qulatib, oʻz joniga qasd qilmoqchi boʻlgan boʻlishi mumkinligi ham taxmin qilinmoqda.

