Turkiyada F-16 qiruvchi samolyoti qulab tushdi (video)

Turkiyaning Yalova viloyatida F-16 rusumli qiruvchi samolyotining qulashi sodir bo‘ldi. Bu haqda CNN telekanali mamlakat Mudofaa vazirligiga tayanib xabar berdi.
Xabarlarga ko‘ra, samolyot o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida halokatga uchragan. Uchuvchi katapulta qilishga muvaffaq bo‘lgan va tirik qolgan.
Vazirlik bayonotida shunday deyiladi: "F-16 samolyotlarimizdan biri Yalovada o‘quv parvozi paytida halokatga uchradi."
Qiruvchi samolyotning qulash sabablari hozircha aniq emas. Turkiya Mudofaa vazirligi halokat tafsilotlari chuqur tergovdan so‘ng ma’lum bo‘lishini bildirdi. Hodisa joyidan olingan tasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalmoqda. Videoda qiruvchi samolyotning yerga qulashi va zarba natijasida F-16 ning bir zumda portlab ketgani aks etgan.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Turkiyada F-16 jangovar samolyoti avtomobil yo‘liga qulab tushib, katta yong‘inga sabab bo‘lgan edi. U mahalliy vaqt bilan tungi soat 1:00 atrofida Balikesirdagi asosiy aviabazadan havoga ko‘tarilgan. Parvozdan so‘ng bort bilan aloqa uzilgan. Ushbu aviahalokat natijasida uchuvchi halok bo‘lgan. Halokat sabablarini aviatsiya halokatlarini tekshirish bo‘yicha maxsus komissiya aniqlamoqda.

