«Dok-1 Maks» ishi boʻyicha jabrlanuvchilarga belgilangan 78 milliard soʻmdan qariyb 17 milliard soʻm toʻlab berildi

«Dok-1 Maks» ishi boʻyicha jabrlanuvchilarga belgilangan 78 milliard soʻmdan qariyb 17 milliard soʻmi oʻtkazib berildi
«Dok-1 Maks» preparatidan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash uchun 16,7 milliard soʻm toʻlandi, biroq qolgan summani undirish boʻyicha ijro choralari davom etmoqda. Jami sud hujjatlarida 85 nafar fuqaro foydasiga umumiy qiymati 78 milliard soʻmlik zararni undirish koʻzda tutilgan.
Majburiy ijro byurosi xabar berishicha, mablagʻlar Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining sudlangan sobiq rahbari Sardor Kariyevning auktsionda sotilgan mol-mulkidan, shuningdek, uning oila aʼzolari tomonidan kiritilgan pullar hisobidan kelib tushgan.
Xususan, savdolarda «Beshyogʻoch» mahallasining Furqat koʻchasida joylashgan noturar joy binosi sotilgan. Uni sotishdan 793 million soʻm tushgan. Bundan tashqari, Kariyevning Chilonzor tumani Qatortol koʻchasidagi turar joylari auktsionga qoʻyilgan. Ularning qiymati 7,1 milliard soʻmga baholanmoqda.
Olingan 16,7 milliard soʻm «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida»gi qonunning 80-moddasiga muvofiq undiruvchilar oʻrtasida teng taqsimlandi.
Shu bilan birga, qolgan zararni undirish boʻyicha ijro harakatlari davom etmoqda. Hozirda gap 61,3 milliard soʻm miqdoridagi summa haqida bormoqda.
Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi preparatlari, jumladan, «Dok-1 Maks» siropi bilan bogʻliq ish kamida 69 nafar bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan. Yana 18 nafar bola preparatni qabul qilganidan keyin nogiron boʻlib qolgan. Sud jarayoni davomida ayblanuvchilar soni 23 kishiga yetdi, nogiron boʻlib qolgan bolalarga zarar yetkazish toʻgʻrisidagi materiallar esa asosiy jinoyat ishi bilan birlashtirildi.
Asosiy ish boʻyicha 2024 yil fevral oyida sud Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi sobiq rahbari Sardor Kariyevni 18 yilga, uning oʻrinbosarlari Amirxon Azimov va Nodirbek Musayevni 16 yilga, Quramax direktori Ragnevdra Pratarni esa 20 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilgan edi.

