Direktorlar kengashidagi nizo Hindistonning ishonchli biznes imperiyasini sinovdan oʻtkazmoqda
Ushbu nizo Hindiston konglomeratining boshqaruvi, vorislik rejalari va kelajagi borasida savollarni keltirib chiqarmoqda.

**Direktorlar kengashidagi kelishmovchilik Hindistonning ishonchli biznes imperiyasini sinovdan oʻtkazmoqda**
**Yirik aktsiyador boʻlmish «Tata Trusts» raisi Noel Tata «Tata Sons» raisi N Chandrasekaranning qayta tayinlanishiga qarshi chiqdi**
Mumbayda quyosh chiqishidan oldin Mansi Kadam kunlik xaridorlar uchun Hindistonning gʻarbiy shahri bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan mazali yegulik — vada pav tayyorlashni boshlaydi. Muhim mahsulotlardan biri: «Tata» tuzidir.
Undan brendini oʻzgartirish haqida hech oʻylab koʻrganmisiz, deb soʻrashganda, u eski hind reklamasidagi ashulani takrorlaydi: «Agar bu tuz boʻlsa, u albatta Tata boʻlishi kerak».
U biznes sohasi tuzdan tortib dasturiy taʼminotgacha qamrab olingan, Hindistonning eng eski va eng qudratli biznes imperiyalaridan biri boʻlmish «Tata group» direktorlar kengashida hozirda yuz berayotgan voqealar haqida kam biladi.
Shunga qaramay, uning oʻz-oʻzidan paydo boʻlgan sadoqati guruh oldida turgan kattaroq savolni ortaga tashlaydi: Hindistonning eng ishonchli brendlaridan biri hokimiyat, boshqaruv va nazorat boʻyicha oshkora kurashdan himoyalangan holda qola oladimi?
Yaqinda «Tata group»ning xolding kompaniyasi boʻlmish «Tata Sons» direktorlar kengashi va uning asosiy aktsiyadori «Tata Trusts» oʻrtasidagi oshkora kelishmovchilik eʼtiborni konglomeratga qaratdi.
Nizo markazida ikkita masala turibdi: «Tata Sons»ni ommaviy ravishda listingga kiritish taklifi va rais N Chandrasekaranning qayta tayinlanishi.
«Tata Sons» direktorlar kengashining aksariyati, shu jumladan uning eng yirik kamchilik aktsiyadori «SP Group» bu qarorlarni qoʻllab-quvvatladi.
Biroq, yirik aktsiyador «Tata Trusts» raisi Noel Tata ikkala qarorga ham qarshi chiqdi. Uning aytishicha, ommaviy listing guruhning xayriya qadriyatlarini zaiflashtiradi va u har yillik umumiy yigʻilishda ikkala qarorning ham bekor qilinishiga erishishi mumkin.
«Biz buni boshqaruv inqirozi deb aytganimizda, bu [Tata Sons] direktorlar kengashi va aktsiyadorlar [Tata Trusts] oʻrtasidagi manfaatlarning mos kelmasligidir», — dedi «InGovern Research» mustaqil korporativ boshqaruv firmasi rahbari Shriram Subramanian Bi-bi-siga.
U brend obraziga darhol putur yetishini kutmayapti, ammo rahbariyatning qiyinchiliklarni yengib oʻtish qobiliyatidan xavotir bildirmoqda.
«Tata Group» ichidagi keskinlik sobiq rais Ratan Tata — Noel Tataning ota bir, ona boshqa akasi, oʻlimidan oldin uni oʻz vorisi deb atagan — 2024 yilda vafot etganidan beri ortib bormoqda. Koʻpgina hindlar uchun Ratan Tataning xayriya ishlari va rahbarligi brenddan ajralmas boʻlib qolgan edi. Uning oʻlimi keng koʻlamli motamga sabab boʻldi va ekspertlarning taʼkidlashicha, guruhning ommaviy qiyofasida rahbarlik boʻshligʻini qoldirdi.
Guruh veb-saytiga koʻra, «Tata group» 2018 yildan beri «Brand Finance» baholash konsalting firmasi tomonidan Hindistonning eng qimmatli brendlari roʻyxatida yetakchilik qilib kelmoqda.
«Tata Sons» tijorat tashkiloti guruh tomonidan «butun birlikning koʻplab turli elementlarini birlashtirib turuvchi mahkamlagich» sifatida tavsiflanadi.
Guruhda katta ulushga ega boʻlgan yettita xayriya fondini ifodalovchi «Tata Trusts» axloqiy mezon sifatida koʻriladi va biznesni ijtimoiy taʼsir va xayriya yoʻnalishida boshqaradi.
Koʻpgina hindlar uchun bu ikki tashkilot birgalikda aksariyat kompaniyalar sotib ololmaydigan narsani: ishonchni ifodalaydi.
Endilikda bu tashkilotlar qarama-qarshi tomonlarda turganda, oʻsha ishonch bosim ostida qolmoqda.
«Bir vaqtlar «Tatalar yaxshi boshqaruvga ega yaxshi odamlar» deydigan yagona auditoriya bor edi. Bugungi kunda fikrlar boʻlingan», — dedi biznes va brend strategiyasi boʻyicha konsultant Xarish Bijur.
Aksariyat isteʼmolchilar bundan taʼsirlanmaganday tuyulsa-da, nizo boshqa manfaatdor tomonlarni, jumladan, biznes hamkorlarni, investorlarni va xodimlarni ikkiga boʻlib qoʻydi. Baʼzilar buni korporativ hokimiyat siyosati sifatida, boshqalari esa haqiqiy boshqaruv bahsi sifatida koʻrmoqda, ammo kim haq ekani borasida yagona fikr mavjud emas, dedi Bijur.
«Bu nizo Tatalarni hamma joyda muhokama markaziga olib chiqdi, bu yaxshi emas, chunki ular har doim bundan yiroqda boʻlishni afzal koʻrishgan», — dedi u.
Guruh anʼanaviy ravishda xayriya va nizolarni hal qilishda oshkoralikdan qochishni maʼqul koʻrgan.
1868 yilda Jamsetji Tata tomonidan asos solingan «Tata group» JRD Tata davrida kengayib, uni professional tarzda boshqariladigan konglomeratga aylantirdi. Keyinchalik Ratan Tata aktivlarni sotib olish orqali uning global ambitsiyalarini ilgari surdi.
Umumiy bozor qiymati 260 milliard dollardan (£195.6 mlrd) ortiq boʻlgan va 100 dan ortiq mamlakatda yuz minglab xodimlarga ega «Tata group» mojarolarga begona emas.
Konglomerat sanoat loyihalari boʻyicha noroziliklarga, spektr ajratish mojarosi paytida Hindistondagi telekommunikatsiya biznesining sinchkovlik bilan tekshirilishiga, Yaponiyaning «Docomo» kompaniyasi bilan shov-shuvli nizoga va sohaga yaqinda kirib kelgan «Air India» faoliyati boʻyicha savollarga duch kelgan.
Uning baʼzi biznes qarorlari ham eʼtiborni tortdi, ayniqsa «Tata Steel»ning muammoli «Corus»ni sotib olishi, garchi «Tetley» va «Jaguar Land Rover» kabi boshqa xorijiy investitsiyalar muvaffaqiyatli boʻlib, guruhning global qamrovini kengaytirishga yordam bergan boʻlsa-da.
Uning eng katta mojarosi 2016 yilda, «Tata Sons» direktorlar kengashi Sayrus Mistrini rais lavozimidan kutilmaganda olib tashlagani va Ratan Tatani vaqtinchalik rahbar sifatida qaytarganida yuz berdi. «SP Group» merosxoʻri boʻlgan Mistri Ratan Tataning oʻzi rahbarlik qilgan jamoa tomonidan tanlangan edi. Nizo uzoq davom etgan huquqiy kurashga olib keldi va 2021 yilda Oliy sudning Tatalar foydasiga chiqargan qarori bilan yakunlandi.
Oʻtgan oyda jurnalist Sucheta Dalal oʻzining «Moneylife» jurnalidagi kolonkasida «Tata group» «boshqaruvdagi jiddiy boʻronlarni boshdan kechirganini» va oʻn yillar davomida shakllangan obroʻ-eʼtibor sababli «boshqa hech bir biznes guruhiga berilmaydigan maxsus imtiyozlardan [Tata Sons’dagi aktsiyalarga egalik qilgani uchun Tata Trusts’ga berilgan soliq imtiyozini nazarda tutib]» foydalanishini yozgan edi.
Tata faoliyatini kuzatuvchilarning aksariyati bunga qoʻshiladi.
«Exeter Centre of Leadership» tadqiqotchisi va 2010 yilda brend haqida kitob yozgan Morgen Vittsel elektron pochta orqali bergan intervyusida guruhning odamlar bilan bogʻliqligiga bir nechta misollarni keltirib oʻtdi.
Jarxand shtatidagi Jamshedpurda, guruh Hindistonning birinchi integratsiyalashgan poʻlat zavodi va sanoat shahriga asos solgan joyda, u yuzlab qishloqlardagi odamlarga sogʻliqni saqlash va taʼlim xizmatlarini koʻrsatadi. Soat ishlab chiqaruvchi «Titan» kompaniyasi ishdan ketib, oʻz biznesini boshlamoqchi boʻlgan xodimlarni qoʻllab-quvvatlaydi. Punadagi «Tata Motors» minglab ayol tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatladi, deb taʼkidladi u.
«Mana shularning barchasi yagona majmuani hosil qilib ishonchni mustahkamlaydi, chunki odamlar Tata shunchaki ularning pulini olish uchun emas, balki ehtiyojlariga xizmat qilish uchun mavjudligini koʻrishadi», — dedi Vittsel.
Ammo guruh boshqa boʻronlardan omon chiqqan boʻlsa-da, bu safargi boʻlinish ichki xususiyatga ega.
Direktorlar kengashidagi kurash tobora oshkora koʻrinish olmoqda, «Tata Sons» va «Tata Trusts» bir-biriga huquqiy bildirishnomalar va qarama-qarshi bayonotlar yubormoqda.
«Tata Trusts» raisi oʻrinbosari va «Tata Sons» direktorlar kengashidagi nominal direktor Venu Shrinivasan baʼzi fondlardagi boshqaruv qoidabuzarliklari boʻyicha surishtiruv oʻtkazishga chaqirdi. Fondlar har qanday qoidabuzarlikni inkor etmoqda.
Noel Tata kompaniyaning listingga kiritilishining oldini olish uchun ikkita taklifni ilgari surdi.
Birinchidan, u «Tata Sons» direktorlar kengashi «SP Group»ning kamchilik ulushining bir qismini qaytarib sotib olishini xohlaydi, bu oxirgisining oʻz ulushini daromadga aylantirish talabiga «adolatli va teng huquqli yechim» boʻladi. Ikkinchidan, u «Tata Sons»ning ikkita biznesini oʻzi bilan birlashtirish orqali tarkibiy oʻzgartirishni taklif qilmoqda, bu Hindiston markaziy bankining unga beradigan tasnifini oʻzgartiradi va guruhga listingni chetlab oʻtishga yordam berishi mumkin.
Ratan Tatadan farqli oʻlaroq, u hali hokimiyatni toʻliq oʻz qoʻlida toʻplamaganini hisobga olsak, u muvaffaqiyatga erisha oladimi-yoʻqmi, nomaʼlum.
«Ratan Tataning afsonaviy obrazi maʼlum darajada hozirgi nizoning sababidir. Hamma unga hurmat bilan qarar edi va uning vorisi faqat vafotidan keyin vasiyatnomasi orqali maʼlum boʻldi», — deydi Subramanian.
Agar Ratan Tata vorislik masalasini oʻzi hal qilganida, oʻtish davri soʻzsiz muammosizroq kechgan boʻlar edi, deydi u.
Brend boʻyicha ekspert Bijurning aytishicha, «Tata group» nizo oxir-oqibat qanday hal boʻlishi haqida «oq kitob» (betaraf hisobot) tayyorlashi kerak. «Ular shaffoflik tarafdori edilar va bundan hech qachon voz kechmasliklari kerak».
Ushbu nufuzli guruhning mazkur keskinliklarni qanday hal qilishi uning kelajagini oldindan koʻrish imkonini berishi mumkin. Natija butun Hindiston korporativ olamida diqqat bilan kuzatiladi, chunki bu yerda Tataning boshqaruv va biznes amaliyoti uzoq vaqtdan beri mezon sifatida koʻrib kelingan.

