Layfstayl

Dilorom Karimova o‘zbek teatri tarixidagi fojialar haqida kitob yozdi. “Rejissyor” taqdimotidan reportaj

O‘zbekiston xalq artisti Dilorom Karimova 'Rejissyor' nomli kitobini taqdim etdi. Asarda o‘zbek teatr san’atining yirik namoyandalaridan biri Toshxo‘ja Xo‘jayevning fojiali taqdiri va Hamza teatri jamoasining ikkiga bo‘linishi kabi og‘riqli mavzular qalamga olingan. Taqdimotdan Gazeta reportaji.

Dilorom Karimova o‘zbek teatri tarixidagi fojealar haqida kitob yozdi. “Rejissyor” taqdimotidan reportaj

30-oktabr kuni Toshkentdagi Renessans kino uyida O‘zbekiston xalq artisti Dilorom Karimovaning o‘zbek teatri tarixidagi og‘riqli voqealar va sahna ortidagi ziddiyatlarga bag‘ishlangan “Rejissyor” nomli memuar asari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Kitobda taniqli rejissyor Toshxo‘ja Xo‘jayevning fojeali taqdiri, teatrdan chetlashtirilishi, shuningdek, Hamza nomidagi teatr jamoasining ikkiga bo‘linishi kabi voqealar qalamga olingan.

“Rejissyor” memuarida Toshxo‘ja Xo‘jayevning hayoti va ijodiy faoliyati, o‘zbek teatr san’ati rivojiga qo‘shgan hissasi, Hamza nomidagi teatrdagi intrigalar sabab bosh rejissyorlik lavozimidan chetlatilishi va bir vaqtlar o‘zi kamolga yetkazgan shogirdlari tomonidan unutilishi haqida hikoya qilinadi. Kitobning ikkinchi qismiga kiritilgan “Teatr” essesida esa 1980-yillar oxirida teatr jamoasining ikkiga bo‘linishi va bu jarayonning oqibatlari, jumladan, rejissyor Bahodir Yo‘ldoshevning taqdiri yoritilgan.

Toshxo‘ja Xo‘jayev — ilk o‘zbek professional rejissyorlaridan biri, aktyor va pedagog. U 1922-yil 1-sentabrda Toshkentda tug‘ilgan. 1941-yilda Toshkent balet bilim yurtini tamomlab, Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali drama teatrida balet artisti sifatida ish boshlagan. Keyinchalik rejissyorlikka qiziqib, Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining rejissyorlik fakultetida tahsil olgan va 1951-yilda institutni tamomlagan.

U 1950-yilda, 28 yoshida Hamza nomidagi O‘zbek davlat akademik drama teatrida mustaqil rejissyorlik faoliyatini boshlagan. Dastlab Jan Batist Molerning “Skapenning nayranglari” komediyasini sahnalashtirgan. Keyinchalik “Oila”, “Hikmat”, Abdulla Qahhorning “Shohi so‘zana”, “Yurak sirlari” va “Chin muhabbat” kabi spektakllar ustida ishlagan.

Rejissyor ijodida Oybekning “Qutlug‘ qon” romanini sahnaga moslashtirib, spektakl yaratgani alohida o‘rin tutadi. Shuningdek, Aleksandr Shteynning “Shaxsiy ish”, Erkin Vohidovning “Oltin devor”, Uyg‘unning “Hurriyat”, “Yo‘lchi yulduz” va Chingiz Aytmatovning “Sarviqomat dilbarim” asarlarini sahnalashtirgan. Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri va Toshkentdagi rus akademik drama teatrida ham spektakllar qo‘ygan.

Rejissyorlik bilan birga aktyorlik faoliyatini ham olib borgan. “Abu Rayhon Beruniy”, “Oygul”, “Odamlar orasida yolg‘iz” kabi filmlarda rollar ijro etgan. 1957−1970-yillarda Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida pedagog bo‘lib ishlagan, 1965−1971-yillarda Hamza nomidagi teatrning bosh rejissyori vazifasini bajargan. 1970−1975-yillarda esa “O‘zbekfilm” kinostudiyasida aktyorlar studiyasiga rahbarlik qilgan.

Uni yaqinlari, shogirdlari va teatr jamoasidagilar “To‘la aka” deb atashgan.

U rus teatr san’atkori Konstantin Stanislavskiyning “Aktyorning o‘z ustida ishlashi” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. San’at sohasidagi xizmatlari uchun 1959-yilda “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvoni, 1966-yilda Abdulla To‘qay nomidagi Davlat mukofoti, 1970-yilda esa Respublika Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

Biroq rejissyor hayotining so‘nggi yillari Hamza teatridagi ziddiyatlar va uning bosh rejissyorlik lavozimidan chetlashtirilishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Toshxo‘ja Xo‘jayev 1975-yil 22-may kuni Toshkentda vafot etgan.

Erkin A’zam kitobni o‘zbek madaniy hayotidagi o‘ziga xos asarlardan biri sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, teatr arboblari haqida yozilgan ko‘plab kitoblardan farqli ravishda, “Rejissyor”da quruq ma’lumotlar emas, balki muallifning shaxsiy kechinmalari, dardi va munosabati aks etgan. Yozuvchi teatrga bag‘ishlangan qismlarni bir necha bor o‘qiganini aytib, ulardagi ijodiy muhitni Mixail Bulgakovning “Teatr romani” asarida tasvirlangan voqealarga qiyosladi.

“Bu kitobda ehtiros bor, kuyinchak yurakning kechinmalari, shaxsiyat bor. Yaxshi yozuvchining boshqalardan farqi ham shunda. Shuning uchun menga juda ma’qul bo‘ldi. Teatrga bag‘ishlangan qismini o‘qib, Dilorom opaning fikrlaridan hayratlandim, hatto qayta o‘qib chiqdim”, — deydi Erkin A’zam.

Uning fikricha, Dilorom Karimova milliy teatrdagi murakkab munosabatlar va sahna ortidagi ziddiyatlarni shu muhitni ichidan bilgan inson sifatida yoritgan. Yozuvchi muallifning voqealarga biryoqlama yondashmagani, hatto muxolif sifatida ko‘rilgan ijodkorlarning ham teatrga bag‘ishlagan umri va mehnatini e’tirof etganini alohida qayd etdi.

“Bir aktyorning hayoti haqida men ham yoza olaman. Lekin uni ichdan bilib, dardi bilan birga yonib, o‘sha teatrdagi asosiy fojealar va fitnalarning ishtirokchisi bo‘lib yozish — boshqa gap. Dilorom opa „Po‘rtana“ va „Rejissyor“ asarlarida teatrimizning achchiq hayoti va fojealarini shafqatsizlik bilan ko‘rsata olgan”, — deydi u.

Erkin A’zam kitobda tasvirlangan voqealarni faqat teatr hayoti bilan bog‘liq muammo emas, balki jamiyatdagi hasad, g‘araz va befarqlik kabi illatlarning ko‘rinishi sifatida baholadi. Uning aytishicha, ijodiy raqobat ba’zan san’atkorning munosib deb bilgan rolidan mahrum qilinishi, mehnati qadrlanmasligi va turli fitnalarga duchor bo‘lishiga olib keladi. Bunday vaziyatlarda jamoatchilik esa ko‘pincha nohaqlikka qarshi chiqish o‘rniga, voqealarni chetdan kuzatish bilan cheklanadi.

“Ikki rejissyor nohaqlik tufayli ko‘z yosh bilan ketyapti, sharmanda bo‘lyapti, lekin jamoatchilik tomoshabin bo‘lib turibdi. Hech kim „Yo‘q, unday emas“, deb ayta olmaydi. Bu, afsuski, faqat teatr hayotiga emas, umuman ijtimoiy hayotimizga ham xos. Hasad — millatimizni qiynaydigan fojealardan biri”, — deydi xalq yozuvchisi.

U Toshxo‘ja Xo‘jayev bilan shaxsan tanish bo‘lmagani, biroq Bahodir Yo‘ldoshev bilan suhbatlari davomida uning ustozi haqida doimo hurmat va minnatdorlik bilan gapirganini esladi.

“Men u rejissyorni ko‘rmaganman. Ammo Bahodir Yo‘ldoshev bilan suhbatlashganman, do‘st bo‘lganman. U har gapida ustozi Toshxo‘ja Xo‘jayevni eslardi. Demak, uni minnatdorlik bilan yodga olar ekan, qadrlar ekan. Shuning uchun aytamanki, adolat yo‘lida, halollik bilan qilingan mehnat va shu mehnatni qilgan inson unutilmaydi”, — deydi Erkin A’zam.

Malika Ibrohimova kitobda teatr tarixiga oid voqealar bevosita ularning guvohi bo‘lgan inson nuqtai nazaridan yoritilganini muhim deb hisoblashini aytdi.

“O‘tmishimizdagi ko‘plab ulug‘ odamlar haqida tarix yo noto‘g‘ri yozilgan, yo umuman yozilmagan, ba’zan esa ataylab yo‘qotilgan. Lekin o‘zing ko‘rgan, o‘zing duch kelgan, o‘zing bilgan odam haqida yozish, menimcha, haqqoniy tarixdir. Dilorom opaning kitoblarida eng ta’sir qilgan jihat — shu insonning ruhi shod bo‘lgani”, — deydi Malika Ibrohimova.

Aktrisa teatrning tashqi ko‘rinishi bilan uning ichki muhiti o‘rtasida katta farq borligini ta’kidladi. Uning aytishicha, sahnadagi go‘zal manzara ortida murakkab munosabatlar va san’atkorlar boshidan kechiradigan turli sinovlar yashirin.

“Rejissyor” kitobini o‘zbek teatri tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘la oladigan asar sifatida baholadi. Uning fikricha, muallif teatr hayotining nafaqat ijodiy yutuqlari, balki og‘riqli va fojeali voqealarini ham ochiq yoritgan.

“O‘zbek xotiranavisligida ko‘pincha yuz-xotir kuchli bo‘lgani uchun voqealar oxirigacha yozilmay qoladi. Dilorom opa esa bu to‘siqdan o‘ta olgan. Unda ayol qalbi bilan birga erkak aqli ham bor. Tafakkuri qo‘rqmas, jasoratli. O‘zi guvoh bo‘lgan voqealarni ochiq yoza oladi. Bu hammada ham uchrayvermaydigan fazilat”, — deydi Suvon Meli.

Uning aytishicha, Karimova dastlab Toshxo‘ja Xo‘jayev haqida maqola yozgan. Biroq Suvon Meli unga rejissyorning hayoti va faoliyatini kengroq qamrab olgan asar yaratishni taklif qilgan. Kitob ustida ishlash jarayonida esa Toshxo‘ja Xo‘jayevning bosh rejissyorlik lavozimidan chetlashtirilishi sabablariga o‘z talqinini bildirgan.

Professorning fikricha, rejissyorning teatrdan chetlashtirilishi oddiy ma’muriy qaror emas, balki markazdan turib amalga oshirilgan siyosiy bosim natijasi bo‘lgan. U buni Toshxo‘ja Xo‘jayevning spektakllari orqali milliy ma’naviyatni yuksaltirishga intilishi bilan bog‘laydi.

“Toshxo‘ja Xo‘jayevning 1960-yillardagi spektakllari o‘zbek ma’naviy hayotini yuksaltirgan edi. Kreml milliy yuksalishdan qo‘rqardi. Shuning uchun rejissyorni to‘xtatish, yo‘ldan olib tashlash bo‘yicha operatsiya ishlab chiqilgan, deb o‘ylayman. Ginzburg va boshqalar esa shu jarayonda vosita bo‘lgan”, — deydi Suvon Meli.

U kitobni bo‘lajak aktyor va rejissyorlar uchun ham muhim qo‘llanma deb hisoblashini aytib, uni San’at va madaniyat institutida darslik sifatida o‘qitishni taklif qildi. Shuningdek, asar asosida dramatik asar yaratish va teatr hayotidagi voqealarni sahnada aks ettirish g‘oyasini ilgari surdi.

“Umid qilamanki, o‘zbek teatri yana Toshxo‘ja Xo‘jayevlar darajasiga chiqadi. Bu asar asosida drama ham yozish mumkin. Aktyorlar hammaning hayotini o‘ynagunicha, o‘z hayotini ham teatrda ko‘rsatsin”, — deydi professor.

Dilorom Karimova kitobning yaratilishiga Toshxo‘ja Xo‘jayev haqidagi xotiralari, u bilan bog‘liq kechinmalari va teatrda kechgan voqealar ta’sir qilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, asar bir insonning hayoti, mehnati va boshidan kechirgan fojeasini keyingi avlodga yetkazish istagidan tug‘ilgan.

Karimova kitobning butun mazmunini To‘la Xo‘jayev haqida eshitgan ikki gap bilan ifodalash mumkin, deb hisoblaydi. Ustozning shogirdlaridan biri aytgan xotiraga ko‘ra, rejissyor bir kuni: “Qachondir shunday bir rejissyor o‘tgan edi, kimdir meni eslarmikan”, deb xo‘rsinib, ko‘z yoshi to‘kkan.

“Bu inson qachon yig‘laydi? Faqat bizga achinadigan paytida. Nazarimda, mana shu ikki gap To‘la akaning butun taqdiri va kitobning mohiyatini ochib beradi”, — deydi Dilorom Karimova.

Uning ta’kidlashicha, Toshxo‘ja Xo‘jayevning rejissyorlik mahorati, avvalo, aktyorning ichki dunyosi va ruhiyatini sahnada yarata olishida namoyon bo‘lgan. Karimova uning “Men ruhiyat rejissyoriman”, degan gapini esladi.

“Insonning ruhiyatini yaratish eng og‘ir jarayon. So‘z yodlash, harakat qilish, sahnada u yoqdan bu yoqqa yurish oson. Ammo boshqa bir insonning ichki dunyosiga kirish, uning fikri bilan fikrlash, dardini his qilish va ruhiyatini yaratish uchun To‘la akadek rejissyor kerak edi. U ana shunday rejissyor bo‘lgan”, — deydi xalq artisti.

Dilorom Karimova aynan Toshxo‘ja Xo‘jayevning spektakllarini ko‘rib, teatr san’atiga kirib kelganini aytdi. U rejissyor bilan bir sahnada ishlash imkoniga ega bo‘lmagan, ammo teatrdagi voqealar haqidagi suhbatlar, xususan, Suvon Meli bilan muloqotlari asarning yaratilishiga turtki bergan.

“Men bu asarni yozishim kerak edi, deb o‘ylayman. Afsuski, To‘la akaning qo‘lida birorta ham rol ijro etmaganman. Ammo teatrdagi voqealar haqidagi suhbatlarimiz, bir ma’nodagi dardlashuvlarimiz, Suvon Meli bilan muloqotlarimiz natijasida ushbu asar yaratildi”, — deydi u.

Muallif kitobni yozishdan maqsad obro‘ yoki moddiy manfaat orttirish emasligini ta’kidladi. Uning fikricha, inson hayoti davomida to‘plagan xotiralari, kechinmalari va boshidan o‘tkazgan voqealarini keyingi avlod bilan bo‘lishishni istaydi.

“Kitob ma’lum bir hayotni yashab o‘tganingdan keyin yoziladi. Bu hayotda voqealar, xotiralar, insonlar va ular qoldirgan izlar bo‘ladi. Ularni keyingi avlodga yetkazging, shu haqda aytib qolging keladi. Bu kitob o‘zingni qiynab turgan azoblar, xotiralar va dardlar bilan o‘quvchilarga dardlashish, ularni boshqalarga ham ulashish istagidan tug‘iladi”, — deydi Karimova.

Dilorom Karimova “Rejissyor” kitobida Toshxo‘ja Xo‘jayev haqidagi xotiralar bilan birga teatr tarixiga oid “Teatr” essesini ham jamlagan. Uning aytishicha, teatrdagi voqealar rejissyorning fojeasidan keyin sodir bo‘lgani uchun bu ikki mavzuni bir nashrda berishni ma’qul topgan. Teatr essesi avval “Sevgim mening, anduhim mening” kitobidan o‘rin olgan.

“Rejissyor” — To‘la Xo‘jayev haqidagi xotiralar va u kishi to‘g‘risidagi esse. Bu kitobga teatr essesini ham kiritdim. Chunki ikki mavzu bir-biri bilan bog‘liq: teatrdagi voqealar To‘la akaning fojeasidan keyin sodir bo‘lgan. Shuning uchun ularni bir kitobda jamlashni o‘rinli deb bildim", — deydi u.

Karimova asarni, ayniqsa, teatr va madaniyat sohasida tahsil olayotgan yoshlar o‘qishini istashini aytdi. Uning ta’kidlashicha, kitobda birovga aql o‘rgatish emas, balki bir insonning boshidan kechirganlari, dardlari va fojeasi hikoya qilinadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.