Davlat Yangi Toshkentdagi yirik loyihalarning "yashil" sertifikatlashtirish xarajatlarini qoplab beradi

Davlat Yangi Toshkentdagi yirik loyihalarning «yashil» sertifikatlashtirish xarajatlarini oʻz zimmasiga oladi
Yangi Toshkentda turar joy boʻlmagan obʼyektlar qurilishiga 50 million dollardan ortiq sarmoya kiritadigan investorlarga bir qator imtiyozlar beriladi. Xususan, davlat «yashil qurilish» sertifikatlarini rasmiylashtirish uchun haq toʻlaydi, shuningdek, har bir investorga shaxsiy menedjerni biriktiradi.
Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning barpo etilayotgan shaharga tashrifi chogʻida maʼlum boʻldi.
Ushbu sertifikatlar binolarning ekologik standartlarga muvofiqligini tasdiqlaydi. Bundan tashqari, Yangi Toshkentda loyihalarni amalga oshirishda investorlar xarid qilingan yer maydonining 30 foizini oʻzlari koʻkalamzorlashtirishlari shart boʻlmaydi. Bosh rejaga koʻra, davlat shahar butun hududining 30 foizi koʻkalamzorlashtirilishini taʼminlaydi.
Qoʻllab-quvvatlashning yana bir chorasi loyihalarni ish boshlanganidan to obʼyekt foydalanishga topshirilgunga qadar kuzatib borish boʻladi. Qiymati 50 million dollardan ortiq boʻlgan har bir loyihaga masʼul menedjer biriktirilib, u investorga yuzaga keladigan masalalarni hal qilishda yordam beradi.
Qoʻllab-quvvatlash shartlari investitsiya shartnomasida mustahkamlab qoʻyiladi. Qiymati 50 million dollardan ortiq boʻlgan loyihalar uchun «bir loyiha — bir shartnoma» tamoyili amal qiladi. Kelishuvda investorning majburiyatlari va xavf-xatarlari, shuningdek, unga beriladigan imtiyozlar roʻyxati koʻrsatiladi.
Bundan tashqari, Yangi Toshkentda mehmonxonalar, savdo markazlari, turizm va ijtimoiy soha obʼyektlari qurilishini ragʻbatlantirish uchun biznes uchun infratuzilma toʻlovlari kamaytiriladi.

