«Davlat pul tikmasa oʻzbek futboli oʻladi» - Oʻtkir Yusupov bilan suhbat
Milliy jamoa darvozaboni Oʻtkir Yusupov Eron klubidan ketish uchun 105 ming dollarlik maoshidan voz kechgani, «Navbahor»ga qaytish qarori va superligadagi moliyaviy muammolar haqida gapirdi. U Fabio Kannavaro nega uni milliy jamoaning soʻnggi yigʻiniga chaqirmaganini shaxsan tushuntirgani, mundialdagi muvaffaqiyatsizlik sabablari va Ignatiy Nesterov bilan raqobat haqidagi savollarga javob berdi.

«Davlat pul tikmasa oʻzbek futboli oʻladi» - Oʻtkir Yusupov bilan suhbat
- Suhbatimizdan oldin Erondan qaytishingiz bilan bogʻliq qiziq voqeani aytib berayotgandingiz. Adashmasam, siz Erondan chiqib ketganingizdan bir necha kun oʻtib urush boshlangan. Avvalo, Erondan ketishga nima sabab boʻlganini tushuntirsangiz. U yerda oʻz oʻrningizni topgan, yaxshi formaga kirgan edingiz.
- Milliy jamoaning Eronga qarshi oʻyinida jarohat oldim. Keyin operatsiya boʻldim, tiklanish jarayonidan oʻtdim. Klubga qaytganimdan keyin zaxirada qolib ketdim. Jahon chempionati yaqinlashayotgani uchun menga oʻyin amaliyoti juda zarur edi. Shu sababli ketishga qaror qildim.
Murabbiyimiz Yahyo Gulmuhammadiy juda yaxshi inson. Uning oldiga borib, vaziyatni tushuntirdim. «Yoʻq, sen bizga keraksan, qol, oʻynaysan», dedi. Lekin ich-ichimdan ketishni xohlayotgandim.
Oʻzbekistondan ham turli jamoalar qoʻngʻiroq qilib, takliflar bildirayotgandi. Ayniqsa, Namangan tomonidan qiziqish katta boʻldi. Ularga hali Eron klubi bilan hujjatlarimni hal qilmaganimni aytsam ham, «Kelaver, shartnoma qilamiz, oʻxshamasa, yirtib tashlaymiz», deyishdi.
Keyin klub prezidentining oldiga kirib, vaziyatni tushuntirdim. Jahon chempionatiga tayyorlanishim, muntazam oʻynashim kerakligini aytdim. U esa «Murabbiy ruxsat bersa, qoʻyib yuboraman», dedi.
Murabbiyning oldiga borsam, rozi boʻladi. Prezidentning oldiga qaytsam, «Murabbiy ruxsat bermadi», deydi. Shu tariqa ancha ovora boʻldim. Na pulimni berishyapti, na qoʻyib yuborishyapti.
- Qancha maoshingiz qolib ketgandi?
- 105 ming dollar.
- Demak, ketish uchun 105 ming dollardan voz kechdingiz?
- Ha. Prezidentning oldiga kirib, shu pullarim qolishini, «Navbahor» ham transfer uchun maʼlum miqdorda pul toʻlashini aytdim. Lekin ular «Biz seni sotib olganmiz, tekinga qoʻyib yubora olmaymiz», deyishdi.
Oxiri murabbiydan yozma ruxsat oldim. Keyin transfer pulini Toshkentdan oʻtkazishdi.

