Davlat idoralarida korrupsiya xavfi har yili baholanadi
Oʻzbekistonda davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholashning yangi uslubiyoti ishlab chiqildi. Loyihaga koʻra, korrupsiya xavfi yuqori deb topilgan jarayonlar qayta loyihalashtirilishi yoki raqamlashtirilishi, yoxud ulardagi nazorat mexanizmlari tubdan qayta koʻrib chiqilishi kerak boʻladi.

Davlat idoralarida korrupsiyaga oid xavflar har yili baholanadi.
Yangi hujjat davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash tartibini belgilaydi.
Ushbu uslubiyotga koʻra, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholashdan asosiy maqsad davlat organlari funksiyalarini bajarish jarayonida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan omillarni aniqlash, ularning xavf darajasini baholash hamda oʻrta va yuqori xavfli jarayonlar boʻyicha tegishli choralarni belgilashdan iborat.
Baholash natijasida jarayonlar reyestri, korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi, ularni kamaytirish yoki bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi, shuningdek, korrupsiyaviy xavfi oʻrta va yuqori boʻlgan lavozimlar roʻyxati shakllantiriladi.
Bundan tashqari, korrupsiyaga moyil munosabatlarning elektron reyestri yuritilishi va monitoring hisoboti tayyorlanishi nazarda tutilgan.
Davlat organi yoki tashkilotining birinchi rahbari korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholashni lozim darajada tashkil etish, natijalarning toʻliq va ishonchli boʻlishini taʼminlash, shuningdek, belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
Korrupsiyaviy xavflarni baholashda davlat xaridlari, byudjet mablagʻlari, subsidiya va grantlarni taqsimlash, litsenziya va ruxsatnomalar berish, davlat xizmatlarini koʻrsatish, xodimlarni ishga qabul qilish va lavozimga tayinlash kabi jarayonlar qamrab olinadi.
Shuningdek, davlat aktivlarini boshqarish, jarima va sanksiyalar qoʻllash, huquqni muhofaza qilish, tergov va surishtiruv, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaat va shikoyatlarini koʻrib chiqish kabi yoʻnalishlarda ham korrupsiya xavfi baholanadi.
Hujjatda korrupsiya xavfini koʻrsatishi mumkin boʻlgan bir qator shubhali holatlar belgilangan. Ular orasida xodimning keng diskretsion vakolatlarga egaligi, qaror qabul qilish mezonlarining aniq belgilanmagani, manfaatdor shaxslar bilan bevosita muloqot imkoniyati va mustaqil nazorat mexanizmlarining yetarli emasligi bor.
Shuningdek, qarorni asossiz rad etish, kechiktirish yoki tezlashtirish imkoniyati, jarayonning bir nechta muhim bosqichini bitta shaxs bajarishi, ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi va qarorlarni yetarli nazoratsiz yopiq tartibda qabul qilish holatlari ham alohida tahlil qilinadi.

