Mahalliy

Hokimliklarda korrupsion jinoyatlar keskin ko‘paydi

2024-yilda mahalliy hokimliklarning 106 nafar xodimi korrupsion jinoyatlar uchun sudlangan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 497 nafarni tashkil etdi. Eng ko‘p korrupsiya sodir etiladigan hududlar ro‘yxatida Andijon viloyati birinchi o‘rindan tushmay kelmoqda.

Hokimliklarda korrupsion jinoyatlar soni keskin oshdi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov 8-avgust kuni Senatning yalpi majlisida 2025-yil yakunlari bo‘yicha korrupsiyaga qarshi kurashishga oid milliy ma’ruzani taqdim etdi.

Ma’ruza yakunida Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov ayrim statistik ma’lumotlarni oshkor qildi. Kun.uz nashri senator tomonidan keltirilgan raqamlarni 2024-yilgi ko‘rsatkichlar bilan solishtirgan holda taqdim etadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda respublika bo‘yicha jami 7517 nafar shaxs korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun sudlar tomonidan jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu ko‘rsatkich bir yil avvalgi (7354) holatga nisbatan 163 nafarga yoki 2,2 foizga ko‘pdir.

2025-yilda korrupsion harakatlar natijasida davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar 2,9 trillion so‘mdan oshgan. 2024-yilda bu raqam 2,81 trillion so‘mni tashkil etgan edi.

Andijon viloyati korrupsion jinoyatlar bo‘yicha "yetakchilik"ni saqlab qolgan: 2024-yilda bu viloyatda 882 kishi korrupsiya uchun sudlangan bo‘lsa, 2025-yilda ularning soni 946 nafarga yetgan.

O‘tgan yili Toshkent viloyatida 793 nafar (bir yil avval – 697 nafar), Qashqadaryoda 745 nafar (695), Samarqand viloyatida 709 nafar (643), Namangan viloyatida 549 nafar (877) shaxs korrupsion jinoyat sodir etgan.

Sohalar kesimida mahalliy hokimliklardagi korrupsiya holatlarining keskin o‘sishi diqqatga sazovordir. 2024-yilda hokimliklarda ishlovchi 106 nafar xodim korrupsion jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu raqam 497 nafarga yetgan.

Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash (2024-yilda 342 nafar; 2025-yilda 404 nafar) va oliy ta’lim muassasalari (90, 161) xodimlari orasida ham korrupsiyaga qo‘l urganlar soni ko‘paygan.

Shu bilan birga, maktabgacha va maktab ta’limi tizimida (2024-yilda 654 nafar; 2025-yilda 580 nafar) hamda tijorat banklarida (271, 245) korrupsiya bilan bog‘liq holatlar soni kamaygan.

“Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mustahkam huquqiy va institutsional asoslar yaratilgan bo‘lsa-da, ayrim sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar hali ham asosan korrupsiya oqibatlarini bartaraf etishga qaratilmoqda. Korrupsiyani keltirib chiqarayotgan tizimli sabab va shart-sharoitlarni barvaqt aniqlash hamda bartaraf etishga qaratilgan profilaktik mexanizmlar, ayniqsa ichki nazorat tuzilmalari, xavflarni baholash va rahbarlar mas’uliyatini ta’minlash bo‘yicha ishlar kutilgan darajada samara bermayapti”, – dedi Abdulhakim Eshmurodov.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov esa o‘z ma’ruzasida manfaatlar to‘qnashuviga oid raqamlarni keltirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda 87 ta tashkilotda manfaatlar to‘qnashuviga oid cheklovlarga rioya etmaslik holatlari bo‘yicha jami 14 172 ta holat (shundan 3622 tasi mavjud manfaatlar to‘qnashuvi, 10 550 tasi ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) aniqlanib, ularni o‘z vaqtida bartaraf etish choralari ko‘rilgan.

Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun talablarini bajarmagan 559 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudlarga yuborilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.