«Chizilgan gʻalabalar». Rossiya harbiylari sunʼiy intellekt orqali frontdagi «yutuq»larni qanday yasamoqda?
Rossiya armiyasi boʻlinmalari frontdagi «ilgarilashi»ni koʻrsatishi kerak boʻlgan soxta fotosuratlar va videoyozuvlarni yaratish uchun sunʼiy intellekt vositalaridan faol foydalana boshladi.

«Chizilgan gʻalabalar». Rossiya harbiylari sunʼiy intellekt yordamida frontdagi «yutuq»larni qanday yasamoqda?
BBC Ukraina xizmatining Ukraina qurolli kuchlari qoʻmondonligi ichidagi manbalari bu holatni tasdiqlamoqda.
Shu bilan birga, ular hozir Rossiya qoʻshinlarining asosiy taktikasi «infiltratsiya» ekanini taʼkidlagan. Bu ikki-uch, baʼzan toʻrt-besh nafar jangchidan iborat alohida guruhlarning Ukraina pozitsiyalari ortiga oʻtib ketishi, biror bino yoki boshpanaga yashirinishi va biroz vaqt oʻtgach, dron kamerasi qarshisida Rossiya bayrogʻini koʻtargan holda paydo boʻlishini anglatadi.
Bunday kadrlar olingach, Rossiya mudofaa vazirligi mazkur aholi manzilini «bosib olingan hududlar» roʻyxatiga qoʻshadi — holbuki, Ukraina qidiruv-zarbdor guruhlari bu hududga kirib olgan oz sonli dushman harbiylarini tezda yoʻq qiladi.
Kichik shturm guruhlari har doim ham belgilangan manzilga yetib bora olmaydi. Ana shunday vaziyatlarda rus harbiylari soxtalashtirishga murojaat qilmoqda. Ular sunʼiy intellekt yordamida oʻz jangchilarini goʻyoki egallab olingan qishloq yoki shaharda turgandek «chizadi».
«Shunda rossiyalik harbiylar front chizigʻidan 7-10 km uzoqlikda joylashgan qishloqlarni „olgani“ maʼlum boʻladi. Aslida esa bu qishloqlarning yaqiniga ham yoʻlamagan boʻlishadi», – deydi BBC bilan suhbatda Sumi yoʻnalishida xizmat qilayotgan ukrain harbiysi.
Rossiya qoʻshinlarining «ilgarilagani» haqidagi shunday soxta xabarlar Donetsk, Xarkiv, Zaporijjya va Liman yoʻnalishlaridan ham eʼlon qilingan. Rossiyalik askar Svyatogorsk aholi punktida «turgani» koʻrsatilgan video bunga yaqqol misol boʻla oladi. 1-sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin ushbu shaharcha bosib olinganini eʼlon qilgandi.
Kadrlarda sunʼiy intellekt alomatlari yaqqol koʻrinadi — yuzi niqoblangan askar Svyatogorsk koʻchalaridan biri aks etgan suratga montaj orqali qoʻshib qoʻyilgan.
Amerikaning Urushlarni oʻrganish instituti (ISW) tahliliy markazi bu mavzuni oʻrganib chiqib, soʻnggi oylarda rossiyalik harbiylar va blogerlar tomonidan Rossiya armiyasining «muvaffaqiyatlari» haqidagi oʻnlab videolar eʼlon qilinganini aniqladi.
ISW mutaxassislariga koʻra, bunday fotosuratlar va videolar Rossiya frontda tashabbusga ega degan taassurot uygʻotish hamda vaziyatni Ukraina mudofaa chizigʻi butun harbiy harakatlar maydoni boʻylab qulayotgandek koʻrsatish uchun tayyorlanmoqda.

