Dunyo

Toʻliq sunʼiy intellekt boshqaruvidagi Rossiya droni Ukrainada 3 nafar tinch aholini oʻldirgan – OAV

New York Times ukrainalik harbiy ekspertlar va kriminalistlarning xulosalariga tayanib yozishicha, oʻtgan oy Zaporijjyaga hujum qilgan dron toʻliq avtonom boʻlgan va nishonlarni oʻzi tanlagan. Rus dronlarining ichidan AQShning Nvidia kompaniyasi chiqargan – AI chipga ega mini-kompyuterlar topilgan.

**Rossiyaning toʻliq sunʼiy intellekt boshqaruvidagi droni Ukrainada 3 nafar tinch aholini oʻldirdi – OAV xabari**

Oʻtgan oyda Rossiyaning eksperimental sunʼiy intellekt tizimi tomonidan toʻliq boshqarilgan droni hujumi natijasida Ukrainada uch nafar tinch aholi vakili halok boʻldi. Bu voqea 6-iyul kuni Zaporijjyadagi avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasida sodir boʻlgan. Hujum oqibatida 19 yoshli talaba qiz hamda 41 va 48 yoshli ikki erkak hayotdan koʻz yumgan.

Ushbu hodisa haqida maʼlumot tarqatgan New York Times nashri ukrainalik dron boʻyicha mutaxassislar, harbiylar va kriminalistlarning xulosalariga tayanadi. Ular, shuningdek, Zaporijjyaga hujum qilgan "Molniya" turidagi Rossiyaning boshqa dronlari qoldiqlarini ham oʻrganib chiqqan.

Tahlilchilar ushbu dronlar toʻliq avtonom boʻlgan deb hisoblamoqda va bunga bir qancha sabablarni keltirgan:

* Dronlarda videokamera mavjud boʻlsa-da, operator bilan aloqa oʻrnatish uchun antennalar boʻlmagan.

* Portlashi odamlarning oʻlimiga sabab boʻlgan dron taxminan oltita drondan iborat guruh tarkibida uchgan.

* Uchuvchisiz qurilmalarning hech biri oʻz bazasiga radiosignallar uzatmagan.

* Bu dronlar Zaporijjyaga toʻlqinma-toʻlqin uchirilgan – bitta ommaviy hujum ortidan darhol boshqasi amalga oshirilgan.

* Eng asosiysi, dronlar ichidan AQShning Nvidia kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Jetson Orin mini-kompyuterlari topilgan. Bu kompaniya dunyodagi eng ilgʻor sunʼiy intellekt chiplarini ishlab chiqaradi.

Taxminlarga koʻra, aynan narxi atigi bir necha yuz dollar boʻlgan chip oʻrnatilgan mini-kompyuterlar nishonni tanlash boʻyicha qaror qabul qilgan. Nashrning yozishicha, avvalroq bunday mini-kompyuterlar ruslarning boshqa qurollaridan ham topilgandi.

Ukrainalik mulozimlarning soʻzlariga koʻra, Zaporijjyaga hujum qilgan drondagi Nvidia mini-kompyuteri shifrlanmagan boʻlgan. Shu sababli ekspertlar modulga yuklangan joy tasvirlarini koʻrishgan va dronning dasturiy kodini ham oʻrganib chiqqan. Natijalar dron qanday turdagi nishonlarni tanish hamda ularga hujum qilishga oʻrgatilganini koʻrsatgan.

Taxminlarga koʻra, ushbu dronlar quyidagicha harakatlanadi: operator dronni maʼlum bir nishonga, masalan, yoqilgʻi quyish shoxobchasiga qarab uchish uchun dasturlaydi. Dron unga yaqinlashgach, obyektlarni tanish boʻyicha oldindan oʻrgatilgan baza asosida yakuniy nishonni, masalan, propan ballonlarini oʻzi mustaqil tanlaydi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.