Mahalliy

Chirchiqda IIBning ikki xodimi jinoyatni yashirishga uringani uchun 6 yildan ozodlikdan mahrum etildi

Chirchiqda ikki nafar profilaktika inspektori sudlandi. Ulardan biri kaltaklangan fuqaroga pul evaziga ishni «yopdi-yopdi qilish»ni taklif qilgan. Xodim hujum qilganlardan 2700 dollar olib, shundan 1000 dollarini jabrlanuvchiga bergan, qolgan summani esa hamkasbi bilan boʻlishib olgan. Sud ikki inspektorni 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.

Chirchiqda IIBning ikki xodimi jinoyatni yashirishga uringani uchun 6 yildan ozodlikdan mahrum etildi

7 oktyabr kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahar jinoyat ishlari boʻyicha sudida jinoyatni yashirishga uringan ichki ishlar organlarining ikki xodimiga hukm oʻqildi. Xodimlarning qoʻlga olingani haqida DXX aprel oyida xabar bergan edi.

Hukmga koʻra, 17 fevral kuni soat taxminan 19:00 larda fuqaro Sh. M. tanishi bilan Chirchiqdagi kafelardan biriga kelgan. Ular umumiy zalida boʻlgan vaqtida, u qoʻshni stolda tanishi D.ni va u bilan birga boʻlgan taxminan olti nafar hamrohini koʻrib qolgan.

Ushbu vaqtda mast holatda boʻlgan ayol kafening boshqa tashrif buyuruvchilari bilan navbatma-navbat tortishib, janjal chiqargan. U shuningdek, ayol-administrator bilan urishib, uni itarib yuborgan. Sh. M. ularni ajratgan.

Shundan soʻng ayol unga aralashmaslikni aytib, chiqib ketgan. Biroz vaqt oʻtgach, u D.ning stoliga yaqinlashib, oʻtirganlarni telefoniga suratga olgan va «hozir oʻgʻlim Umid va Islom Buxoriy keladi» deb, kafeni tark etgan.

Sh. M.ning sudda bergan koʻrsatmasiga koʻra, taxminan 20 daqiqadan soʻng, u chekkani kafedan tashqariga chiqqanida, oldiga Umid ismli yigit kelgan. U Sh. M.dan hech qanday izoh talab qilmasdan, uni zinaga siqib, pastga tashlab yuborish bilan tahdid qilgan.

Sh. M.ning tanishi ularni ajratgan. Shunga qaramay Sh. M. yana kafega qaytib kirgan. Tanishi uning oldiga kelib, kimni xafa qilganini soʻragan va koʻchada uni «Islom Buxoriy» kutayotganini aytgan.

Sh. M. koʻchaga chiqqan. U yerda «Islom Buxoriy», 10 ga yaqin yoshlar, shuningdek, patrul-post xizmati xodimlari boʻlgan. «Islom Buxoriy» unga kafega qaytishni aytgan. Biroq guruhdagi yoshlardan biri Sh. M.ning qoʻlidan ushlab, oʻziga qaratgan va shundan soʻng Umid uning jagʻiga mushti bilan urgan. Sh. M. yerga yiqilgan, keyin oʻrnidan turib, kafega kirgan va qonni yuvgan.

U yana koʻchaga chiqqanida «Islom Buxoriy», uning hamrohlari va patrul-post xizmati xodimlari ketib boʻlishgan edi.

Sh. M. kafedan ketmoqchi boʻlib, taksi toʻxtatgan, ammo yonida davlat raqami boʻlmagan oq rangli Gentra avtomashinasi toʻxtagan. Mashinadan tushgan shaxs oʻzini Islom deb tanishtirgan va Umid uning doʻsti ekanini aytib, Sh. M.ga oʻz telefon raqamini qoldirgan.

Sh. M.ning aytishicha, ular gaplashayotgan vaqtda avvalgi guruhdan yana toʻrt-besh kishi kelgan. Ular uni kafe avtoturargohida turgan krem rangli Epica avtomashinasiga oʻtkazishga urinishgan. Sh. M. qochishga harakat qilgan. Mashinada boʻlganlar uni taxminan bir kilometr taʼqib qilishgan.

Sh. M. charchab toʻxtaganda, mashinadan tushgan odamlar uning oldiga kelishgan. Uning koʻrsatmalariga koʻra, «Gera» laqabli Qurbonali uni mushti bilan urgan, qolganlari esa tepkilashgan. Sh. M. hushini yoʻqotgan.

Hushiga kelgach, u notanish ayolning tizida yotganini koʻrgan. Maʼlum boʻlishicha, ayol tez yordam chaqirgan. Sh. M. Chirchiq markaziy kasalxonasiga yetkazilib, unga birinchi yordam koʻrsatilgan. Shifokorlar uning jagʻ sohasida yirtilgan jarohat borligini aytib, chok qoʻyishni taklif qilishgan, ammo u rad etgan.

Ertasi kuni soat 11:00 larda Sh. M. ariza berish uchun ichki ishlar organiga kelgan. Oʻsha kuni soat taxminan 15:30 da profilaktika inspektori D. Rahimbayev uni xizmat xonasiga chaqirgan. U yerda «Islom Buxoriy» ham boʻlgan. IIB xodimi ularga gaplashib olishni taklif qilib, xonadan chiqib ketgan.

Sh. M.ning soʻzlariga koʻra, «Islom Buxoriy» undan ariza yozmaslikni soʻragan. U yigitlar xato qilganini, hodisani hal qilish va yetkazilgan zararni qoplash mumkinligini tushuntirgan. U qancha pul kerakligini soʻragan. Sh. M. qonuniy chora koʻrilishini va uni urganlar kamida besh sutkaga qamalishi kerakligini aytgan. U shuningdek, uch nafar farzandi borligini va kaltaklanish oqibatida halok boʻlishi mumkinligini taʼkidlagan.

Ushbu suhbatdan soʻng inspektor Sh. M.ga uning holatida jinoyat tarkibi yoʻqligini va hech qaysi modda boʻyicha ish qoʻzgʻatishning imkoni yoʻqligini aytgan. U shuningdek, yetkazilgan zararni qoplash sifatida pul olishni taklif qilgan. Sh. M.ning koʻrsatmalariga koʻra, IIB xodimining soʻzlaridan soʻng u aybdorlarni qonuniy javobgarlikka tortishga erishib boʻlmaydi deb hisoblab, pulni olishga rozi boʻlgan.

Oʻsha kuni kaltaklashda qatnashganlardan biri tanishidan pul qarz olib, D. R.ga 2700 dollar bergan. Biroq ushbu summa jabrlanuvchiga yetib bormagan.

19 fevralga oʻtar kechasi, soat taxminan 1:00 da inspektor Sh. M.ni yana chaqirgan. Bino yonida u inspektor, «Islom Buxoriy» va yana 8 nafarga yaqin yoshlarni koʻrgan. Soʻng xizmat xonasiga Rahimbayev va formadagi yana bir inspektor — N. Ogʻabekov kirgan.

Sh. M.ning soʻzlariga koʻra, Rahimbayev unga 2000 dollar berib, 100 dollarini Otabekovga berishini aytgan. Jabrlanuvchi iltimosni bajargan. Otabekov chiqib ketgach, Rahimbayev undan 900 dollar talab qilgan. Sh. M.da 1000 dollar miqdoridagi pul qolgan.

Sh. M.ning aytishicha, keyin Rahimbayev undan yana 100 dollar talab qilib, pulni yuqori turuvchi odamlarga berish kerakligini va bu haqda koʻpchilik bilishini aytgan. Sh. M. pul davolanish uchun kerakligini tushuntirib, rad etgan. Oʻshanda Rahimbayev ertasi kuni qoʻngʻiroq qilishini va Sh. M. qarshi ariza yozishi kerakligini aytgan.

19 fevral kuni jabrlanuvchi zarar qoplangani va hech kimga daʼvosi yoʻqligi haqida ariza yozgan. Toʻqqiz kundan keyin, 28 fevralda kaltaklash fakti boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatish rad etilgan. Biroq 5 mart kuni Oʻzbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti surishtiruv boshlagan.

Tergov davomida kaltaklashda ishtirok etgan shaxslarning qarindoshlari ilgari berilgan 2700 dollarni qaytarishni talab qilishgan. Jabrlanuvchining soʻzlariga koʻra, tergovchi unga ushbu talab haqida maʼlum qilgan. Erkak pulning katta qismi IIB xodimlarida qolganini oshkor qilmay, mablagʻni oʻz ehtiyojlariga sarflaganini aytgan.

20 aprel kuni Sh. M. Toshkent viloyati boʻyicha Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasiga Chirchiq shahar IIB xodimlari Rahimbayev va Otabekovga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻrab murojaat qilgan.

Tezkor tadbir davomida profilaktika inspektori Sh. M.ga 300 dollar berayotgan vaqtida ushlangan.

Sudda IIBning ikkala xodimi ham aybini tan olmadi. Otabekov pul oldi-berdilari haqida hech narsa bilmasligini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, u Sh. M.ni birinchi marta hamkasbining xizmat xonasida uning arizasi boʻyicha koʻrgan, oʻshanda u nizo ishtirokchilari oʻzaro kelishib olishganini va jabrlanuvchining eʼtirozi yoʻqligini maʼlum qilgan.

Otabekov tomonlarga vaziyatni mustaqil ravishda muhokama qilishni taklif etganini, ammo hech kimga ishni tugatish yoki pul olish boʻyicha koʻrsatma bermaganini taʼkidladi.

Sud aybdorlarning aybi guvohlarning koʻrsatmalari, telefon soʻzlashuvlari va boshqa dalillar bilan oʻz tasdigʻini topadi degan xulosaga keldi.

Jinoyat ishlari boʻyicha sud hukmi bilan Rahimbayev va Otabekov Jinoyat kodeksining: 210-moddasi 2-qismi «v», «g» bandlari (tovlamachilik yoʻli bilan, mansabdor shaxslar guruhi tomonidan oldindan til biriktirib pora olish); 230−1-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, ushlab turishga, qamoqqa olishga, jinoiy javobgarlikka tortishga yoki jinoiy javobgarlikdan ozod etishga, hukm qilishga yoki oqlashga sabab boʻlgan dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish)); 241−1-moddasi 2-qismida (jinoyatni hisobdan qasddan yashirish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Sud tayinlangan jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan ikkalasini ham 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. Bundan tashqari, ularga uch yil muddatga ichki ishlar organlari tizimida ishlash taqiqlandi.

Otabekovning jazoni oʻtash muddati 22 iyundan, Rahimbayevniki — 24 apreldan hisoblanishi belgilandi.

Tomonlar sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati yoki protest keltirishlari mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.