“Islom buxarskiy”, kafedagi “razbor” va $3 ming – Chirchiqda jinoyatni bosdi-bosdi qilmoqchi boʻlgan IIB xodimlari qamaldi
Chirchiq shahrida profilaktika inspektori zoʻravonlardan 2700 dollar olib, shundan 1000 dollarini jabrlanuvchiga bergan. Bu bilan ishni bosdi-bosdi qilishga uringan. Inspektor jabrlanuvchiga yana 300 dollar bergan vaqtida ushlangan. U bilan birga Chirchiq shahar IIB JXX HPB boshligʻi lavozimida ishlagan xodim ham sudlandi.

“Islom buxarskiy”, kafedagi “razbor” va $3 ming – Chirchiqda jinoyatni bosdi-bosdi qilmoqchi boʻlgan IIB xodimlari qamaldi
Chirchiq shahrida ikki nafar IIB xodimi jinoiy jazoga tortildi.
Sud hukmiga koʻra, jabrlanuvchi Sh.M. 2026-yil 17-fevral kuni ovqatlanish uchun tanishi bilan Chirchiq shahridagi “Bek” nomli kafega borgan. Shu payt kafening umumiy zalida mast ayol atrofdagilar bilan janjallasha boshlagan. U administrator qiz bilan ham tortishgan. Sh.M. janjalni toʻxtatish maqsadida ayollarni ajratishga uringan. Shunda mast ayol “Sen aralashma, qoch bu yerdan”, deb uni nari ketkazgan.
Oradan koʻp oʻtmay, oʻsha ayol Sh.M. oʻtirgan stol yoniga kelib, barchani suratga olgan va “Hozir oʻgʻlim Umid bilan Islom buxarskiy keladi” deb chiqib ketgan.
Shundan keyin taxminan 20 daqiqa oʻtgach, kafega bir nechta shaxs kelgan. Sh.M.ga uni tashqarida “Islom buxarskiy” chaqirayotganini aytishgan. Sh.M. tashqariga chiqib, uning oldiga borgan.
“U bilan taxminan 10 nafar yigit kelganini koʻrdim. Ular bilan birga IIB PPX xodimlari ham turishgandi. “Islom buxarskiy” meni koʻrib, “Boʻldi, qaytib kirib ketaver” dedi. Shunda yigitlarning biri qoʻlimdan tortib, oʻziga qaratganida ortimdan Umid jagʻ qismimga kutilmaganda mushti bilan urdi. Yerga yiqildim. Yigitlar turgʻizishdi. Kafe ichkarisiga kirib, qonagan joylarimni yuvdim.
Soʻngra tashqariga chiqqanimda hamma ketib boʻlgan ekan. Uyga ketish uchun yoʻl chetiga chiqib, taksi toʻxtatib turgan vaqtimda oldimga davlat raqami yechilgan oq rangli Gentra keldi. Yoʻlovchi oʻrindiq tomonidan oʻzini Islom deb tanishtirgan shaxs tushdi. U “Umid mening oʻrtogʻim boʻladi, agar jajdang boʻlsa soʻravol, ertaga koʻrishamiz” dedi va oʻzining telefon raqamini berdi.
Shundan soʻng, xaligi yigitlardan 4-5 nafari keldi. Ulardan “Gera” (Qurbonali Suponov - tahririyat) laqablisini tanirdim. Meni kafe avtoturargohida turgan Epika mashinasiga oʻtirgʻizmoqchi boʻlishdi. Ulardan qochib ketdim. Ortimdan quvishdi. Taxminan bir kilometr masofagacha qochib, keyin charchab toʻxtadim. Mashinada ortimdan kelgan shaxslar tushib, “Gera” bir musht urdi. Qolganlari oyoqlari bilan tepishdi. Shu bilan nima boʻlganini eslolmayman”, degan Sh.M. suddagi koʻrsatmasida.
Kaltaklangan Sh.M. tez tibbiy yordam mashinasida Chirchiq shahar markaziy shifoxonasiga olib borilgan. Soʻngra IIB xodimlari kelib, uni janjal sodir boʻlgan hududdagi IIB binosiga olib ketishgan.

