Sirdaryoda IIB xodimlari fuqaroni o‘z uyidan sababsiz olib ketishga urindi

Sirdaryoda IIB xodimlari fuqaroni o‘z uyidan asossiz olib ketishga urindi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga Sirdaryo viloyatidan fuqaro D.A. murojaat qilib, ichki ishlar organlari xodimlarining harakatlaridan norozi ekanini bildirdi.
Murojaatda aytilishicha, Xovos tumanidagi uylarning biriga profilaktika inspektori boshchiligida ichki ishlar organlari xodimlari kelgan va murojaatchining turmush o‘rtog‘ini olib ketishga uringan. Murojaatchi xodimlar bu harakatlar sababini tushuntirmagani hamda tegishli hujjatlarni ko‘rsatmagani haqida ma’lum qilgan.
Murojaat ombudsman tomonidan nazoratga olinib, unda keltirilgan vajlar ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganildi va ichki ishlar organlari xodimlari harakatiga huquqiy baho berish uchun nazorat xati bilan Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga yuborildi.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Xovos tumani IIBning ayrim xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan va uning natijasiga ko‘ra, xizmat faoliyatida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 4 nafar xodimga “hayfsan” va “tanbeh” intizomiy jazolari qo‘llangan.
Shuningdek, bir nafar xodimning xatti-harakatlariga yakuniy baho berish masalasi Intizomiy kengashga havola etilgan.
Avgust boshlarida ijtimoiy tarmoqlarda ayol kishi janjal qilgani, IIB xodimi qizga kuch ishlatib, uni yerga yotqizib ushlagani aks etgan videolar tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lgandi. “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi qonunning 22-moddasiga ko‘ra, agar kuch ishlatilmaydigan usullar ichki ishlar organi xodimining zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlamasa, u quyidagi hollarda jismoniy kuch ishlatish huquqiga ega boʻladi: jinoyatlarga va maʼmuriy huquqbuzarliklarga chek qoʻyish uchun; jinoyatlar yoki maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarni eng yaqindagi ichki ishlar organiga yoxud huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib borish va bu shaxslarni ushlab turish uchun; ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga qarshilik koʻrsatilishini bartaraf etish uchun.

