Dunyo

Chiqindidan energiya olish: Janubiy Koreya oziq-ovqat qoldiqlari muammosini qanday hal qildi?

**Chiqindidan energiya olish: Janubiy Koreya oziq-ovqat qoldiqlari muammosini qanday hal qildi?**

Seuldagi oddiy shanba kuni. Ko‘p qavatli uylardan birida yashovchi Seunghvan Hong hafta davomida to‘plangan meva-sabzavot po‘choqlari, ovqat qoldiqlari, ayniqsa guruch solingan paketni olib, majmuadagi oziq-ovqat chiqindilari uchun mo‘ljallangan qurilma tomon tushadi. U qurilmadagi skanerga kartasini tekkizishi bilan qopqoq avtomatik ochiladi, Hong tashlagan chiqindining vazni ekranda ko‘rinadi va tegishli to‘lov xonadon hisobiga yoziladi.

Bu jarayon bir daqiqadan ham kam vaqt oladi. Ammo uning ortida chiqindilarni boshqarish bo‘yicha dunyodagi eng katta va dadil tajribalardan biri turibdi.

Janubiy Koreya maishiy oziq-ovqat chiqindilari muammosini hal qilishda boshqa mamlakatlardan oldinga chiqib ketgan. Endi Nyu York ham uning muvaffaqiyatli tajribasini takrorlash yo‘lida dastlabki qadamlarni qo‘ymoqda.

## Janubiy Koreyaning 30 yillik chiqindi islohoti

Oziq-ovqat chiqindilari rivojlangan mamlakatlarning deyarli barchasida dolzarb muammo hisoblanadi. AQSHda to‘rt kishilik oila chiqindiga tashlanadigan oziq-ovqat sabab haftasiga o‘rtacha 56 dollar sarflaydi. Dunyo bo‘yicha esa har yili bir milliard tonnadan ortiq oziq-ovqat isrof qilinadi. Bu iqlim isishiga sabab bo‘luvchi global chiqindilarning qariyb 10 foizini tashkil etadi.

Janubiy Koreyada bu muammoga yechim izlash ancha oldin — XX asrda tez urbanizatsiya ortidan yuzaga kelgan chiqindi inqirozi sabab boshlangan edi. O‘sha paytda oziq-ovqat qoldiqlari oddiy maishiy chiqindilarga aralashtirib tashlangani uchun poligonlar va sanitariya bilan bog‘liq muammolar keskin kuchaygan.

1990-yillardan beri oziq-ovqat chiqindilarini boshqarish tizimi bosqichma-bosqich o‘zgartirib kelinmoqda va bu o‘z samarasini bermoqda: Janubiy Koreyada oziq-ovqat chiqindilarini qayta ishlash darajasi 1996-yildagi atigi 2,6 foizdan 2023-yilda qariyb 97 foizga yetdi.

## Janubiy Koreya oziq-ovqat chiqindilarini deyarli nolga qanday tushirdi

1995-yilda Janubiy Koreya hukumati chiqindi hajmiga qarab aholiga to‘lov undirish tizimini joriy etdi.

1997-yilda oziq-ovqat chiqindilarini boshqa chiqindilardan alohida yig‘ish majburiy qilindi.

2005-yilda hukumat oziq-ovqat chiqindilarini poligonlarga tashlashni butunlay taqiqladi.

2010-yilda sinov tariqasida “aqlli” chiqindi qutilari joriy etila boshlandi.

2013-yilda oziq-ovqat chiqindilaridan ajralib chiqadigan suyuqlikni dengizga tashlash taqiqlandi.

Aholi kundalik hayotida yaqqol sezilgan o‘zgarishlardan biri — hikoyamiz boshida Hong har hafta foydalanadigan RFID, ya’ni radiochastotali identifikatsiya skanerlari bilan jihozlangan “aqlli” chiqindi qutilarining paydo bo‘lishidir.

Hukumatning 2025-yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 151 934 ta shunday qurilma ishlatiladi va ular 8,61 milliondan ortiq xonadonga xizmat ko‘rsatadi.

“Chiqindining vazni va unga necha pul to‘lashim kerakligini ko‘rish qancha ovqatni tashlab yuborayotganimni yaxshiroq tushunishga yordam berdi”, deydi Hong.

Bu tizim maishiy oziq-ovqat chiqindilarining poligonga tushishi natijasida yuzaga keladigan zararli chiqindilarni kamaytirish bilangina cheklanmaydi: oziq-ovqat qoldiqlaridan energiya olish mumkin, bu esa qazib olinadigan yoqilg‘iga bo‘lgan ehtiyojni ham kamaytiradi.

## Janubiy Koreyada oziq-ovqat chiqindilarining keyingi taqdiri qanday?

Hong va u kabi millionlab odamlarning oziq-ovqat chiqindilari maxsus qayta ishlash markazlariga yuboriladi. U yerda bu chiqindilar energiyaga aylantiriladi.

Bu usul chiqindilarni poligonga ko‘mishga qaraganda iqlim uchun ancha xavfsiz. Organik chiqindilar poligonda chiriganda metan gazi ajraladi. Bu gaz 20 yil davomida atmosferada issiqlikni karbonat angidridga qaraganda 80 marta ko‘proq ushlab qoladi va iqlim isishini tezlashtiradi. Bundan tashqari, chiqindilardan filtrat deb ataladigan qoramtir va zararli suyuqlik ajraladi. U tuproq orqali sizib o‘tib, yerosti suvlarini ifloslantirishi mumkin.

Oziq-ovqat chiqindilari bioreaktorga yuborilganda esa chirishdan hosil bo‘ladigan metan yig‘ilib, yoqilg‘i sifatida ishlatiladi. To‘g‘ri, bu jarayonda ham karbonat angidrid hosil bo‘ladi, ammo undan ancha kuchli bo‘lgan metanning atmosferaga chiqib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Janubiy Koreyaning markaziy qismida joylashgan Daejeon Bio Energy Centre korxonaga kelib tushadigan chiqindilarning 70–75 foizini energiyaga aylantiradi. Markaz bir kunda qariyb 6 mingta xonadonning ehtiyojini qondirishga yetadigan elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Mamlakat bo‘ylab bunday majmualar 340 tadan ko‘p. Ularda ishlab chiqariladigan energiya qazib olinadigan yoqilg‘iga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi. 2024-yilda hukumat 2026-yilgacha qariyb 230 milliard vonlik (taxminan 170 million dollarlik) qazilma yoqilg‘i sarfini shu yo‘l bilan qisqartirishni maqsad qilgan.

Biroq tizimning muammolari ham yo‘q emas. Uni ishlatish katta mablag‘ talab qiladi. Xonadonlardan olinadigan to‘lovlar xarajatlarning bir qismini qoplasa-da, hukumat oziq-ovqat chiqindilarini ham o‘z ichiga oladigan maishiy chiqindilarni boshqarishga 600 milliard vondan ko‘p (qariyb 430 million dollar) sarflaydi.

“Janubiy Koreya oziq-ovqat chiqindilarini qayta ishlash borasida katta yutuqlarga erishdi. Ammo hozir biz yangi bosqichga keldik: yangi texnologiyalar va siyosiy choralar bu natijalarni yanada yaxshilashga yordam bermoqda”, deydi Koreya Atrof-muhit instituti katta ilmiy xodimi Munsol Ju.

## Nyu Yorkdagi muammolar: qoidaga bo‘ysunmaslik va kalamushlar

Nyu York shahri Janubiy Koreya tajribasini namuna sifatida ko‘rsatib, 2024-yil oktyabrdan boshlab aholi uchun oziq-ovqat chiqindilarini alohida yig‘ishni majburiy qildi.

Endi shaharliklar oziq-ovqat qoldiqlarini maxsus chiqindi qutisiga solishi yoki qopqog‘i mahkam yopiladigan, tegishli belgi qo‘yilgan idishga solib, boshqa qayta ishlanadigan chiqindilar bilan birga ko‘cha bo‘yiga olib chiqishi kerak.

Qariyb 3,4 million xonadonni qamrab olgan dastur AQSHdagi organik chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash bo‘yicha eng yirik tashabbusga aylandi.

Biroq odamlarni qoidaga bo‘ysundirish oson kechmayapti: ko‘pchilik hali ham oziq-ovqat chiqindilarini muntazam ajratmaydi.

Aholini yangi tizimga jalb qilish uchun katta tushuntirish ishlari olib borildi. Nyu York sanitariya departamenti yaqinda shaharning barcha tumanlarida uyma-uy yurib o‘tkazgan kampaniyasi davomida aholi bilan 60 mingdan ortiq suhbat o‘tkazdi. Nazorat ham kuchaytirildi: dastur ishga tushganidan beri qoidalarga rioya qilmagan xonadonlarga qoidabuzarlik to‘g‘risida 63 mingdan ortiq ogohlantirish berilgan.

Oziq-ovqat chiqindilarini ko‘chadan yig‘ish dasturidan tashqari, Nyu York shahri bunday chiqindilarni kompostlashni yanada qulaylashtirish uchun barcha tumanlarda 400 dan ortiq “aqlli” kompost qutilarini o‘rnatdi. Uylar oldidan haftasiga bir marta yig‘ib ketiladigan maxsus qutilardan farqli ravishda, quyosh energiyasida ishlaydigan bu qurilmalardan mobil ilova orqali kun-u tun foydalanish mumkin. Ular mutlaqo bepul.

“Bu qutilar menga juda yoqadi, chunki ular kompost qilishni ancha qulaylashtiradi”, deydi Manxettenda yashovchi Greys Fu.

Biroq ular bilan bog‘liq ba’zi muammolar ham bor.

“Ular uy atrofiga shunchalik ko‘p kalamushlarni chaqirganidan, axiyri o‘zimizning qutini bino ichiga ko‘chirishga majbur bo‘ldik. Qutilar tez-tez bo‘shatib va tozalab turilsa, vaziyat ancha yaxshilanardi”, deydi Fu.

2025-yilda Nyu York Sanitariya departamenti shahardagi xonadonlardan chiqqan qariyb 140 ming tonna organik chiqindini qayta ishlashga yo‘naltirdi. Ushbu miqdor aholi har yili hosil qiladigan taxminan 1,5 million tonna organik chiqindining qariyb 9 foiziga teng.

Bu avvalgi yillarga nisbatan sezilarli o‘sish. Shunga qaramay, Nyu York hali Janubiy Koreyaning 97 foizlik marrasidan ancha uzoqda.

Yig‘ib olingan oziq-ovqat chiqindilari qaysi tumandan kelganiga qarab ikki yo‘nalishdan biriga yuboriladi. Ularning bir qismi Staten Aylenddagi kompostlash markaziga olib borilib, o‘g‘itga aylantiriladi. Qolgan qismi esa Bruklindagi Newtown Creek oqova suvlarni qayta ishlash majmuasida kanalizatsiya loyqasi bilan birga qayta ishlanib, biogaz va biosolidlar olinadi.

Nyu York aholisining qariyb 70 foizi ko‘p qavatli uylardagi kvartiralarda yashagani uchun Janubiy Koreya tajribasi bu shaharga mos kelishi mumkin, deydi Columbia Climate School’ning Barqaror boshqaruv dasturi direktori Stiven Koen.

“Janubiy Koreyadagi RFID qutilari har bir fuqaroga o‘zi chiqargan organik chiqindi uchun bevosita mas’uliyat yuklashi mumkin. Aylanma iqtisodiyotda organik chiqindilar alohida yig‘ilishi, qayta ishlanishi va energiya manbayi sifatida qayta foydalanilishi kerak”, deydi Koen.

Nyu York oldida hali juda uzoq yo‘l bor. “Muammo shundaki, shahardagi aksariyat odamlar organik chiqindilarni hanuzgacha to‘g‘ri ajratmaydi”, deydi Koen. Uning aytishicha, rag‘bat choralari bilan bir qatorda oziq-ovqat chiqindilarini qayta ishlash nega muhimligini yaxshiroq tushuntirish odamlarning bu jarayondagi ishtirokini oshirishi mumkin.

Seulga qaytadigan bo‘lsak, Hong chiqindidan bo‘shatilgan paketlarni olib kvartirasiga ko‘tarilmoqda. Bu ish uning uchun kundalik hayotning bir qismiga aylangan.

“Oziq-ovqat chiqindilari muammosi jamoaviy mas’uliyat talab etadi”, deydi Hong.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.