Chikagoda yuzlab odamlar yolgʻiz marafonchini qoʻllab-quvvatladilar
Itan Vudxed yolgʻiz sayohat qilgan edi va yugurayotganida yuzlab odamlar uni qoʻllab-quvvatlab hayqirayotganini koʻrib, hayratda qoldi.

Chikagoda yuzlab odamlar yolgʻiz marafonchini qoʻllab-quvvatladilar
Gernsilik marafonchi Itan Vudhedning aytishicha, Chikagoda yuzlab notanish odamlarning masofa boʻylab uni qoʻllab-quvvatlagani "hayratlanarli va juda oʻzgacha taassurot" boʻlgan.
Marafonda qatnashish uchun 4 000 mil (6 437 km) yoʻl bosgan yuguruvchi juda koʻp notanish odamlar koʻchalarga chiqib, uni qoʻllab-quvvatlashganini va qoʻllarida uning ismi yozilgan qoʻlbola plakatlarni ushlab turishganini koʻrib, hayratda qoldi va "nima deyishni ham bilmay qoldi".
24 yoshli Itan Vudhed Gernsidagi uyidan Chikagoga yolgʻiz oʻzi safar qilgan va poygani yoʻl boʻyida biror bir doʻsti yoki oila aʼzosining qoʻllab-quvvatlavisiz yakunlashni kutgan edi.
Uning xabarisiz, amakisi Fil Vudhed Facebook'da post joylashtirib, Chikagodagi odamlardan jiyani yonlaridan oʻtib ketayotganda uni olqishlar bilan hayratda qoldirishlarini soʻragan.
Ushbu post minglab layklar, yuzlab sharhlar va repostlar yigʻdi hamda notanish odamlar uni qoʻllab-quvvatlash uchun koʻchaga chiqdilar.
Vudhed shunday dedi: "Meni biror kishi bilishini kutmagandim, bu yerga yolgʻiz oʻzim kelgandim, lekin odamlar ismimni aytib hayqirishdi, konfettilar otishdi, qoʻlbola bannerlar koʻtarishdi, bundan nima deyishni ham bilmay qoldim".
U marafonni ikki soat, 31 daqiqa va 31 soniyada yakunladi.
U poyga ertalabida telefonini tekshirib, dalda beruvchi sharhlarni koʻrmagunicha ushbu post mavjudligini bilmagan edi.
U shunday dedi: "Bu juda katta dalda boʻldi. Marafon oson narsa emas, shuning uchun bunday qoʻllab-quvvatlash masofani ancha yengil oʻtishga yordam beradi.
"Yoʻl chetida meni tanimaydigan va buni qilishga majbur boʻlmagan shuncha odamni koʻrib, juda toʻlqinlanib ketdim.
"Men bundan zavqlandim, havo boʻsalari va "yuqoridan qoʻl berish"larni yoʻlladim, shunchaki toʻxtab, ularni bagʻrimga bosgim keldi".
Uning amakisi Fil oʻzini jiyanining eng ashaddiy ishqibozlaridan biri ekanini aytdi.
U shunday dedi: "Ichimda nimadir uni hech kim qoʻllab-quvvatlamasligi gʻoyasiga qarshilik qildi, shuning uchun marafondagi odamlardan uni olqishlab qoʻyishni soʻrasam chi deb oʻyladim".
Marafon boshlanguniga qadar u notanish odamlardan "uni oʻsha yerda qoʻllab-quvvatlashlarini aytgan yuzlab xabarlar" olganini aytdi.
"Odamlar juda boʻlingan bir dunyoda, insonlar hali ham oʻzlari uchun hech qanday manfaatsiz bir-birlariga yaxshilik qilishga tayyor ekanini koʻrish juda ajoyib emasmi", deya qoʻshimcha qildi u.

