Layfstayl

Yaponiyada ota yetti yoshli oʻgʻlini Fudziyamaga chiqishda qoldirib ketdi

48 yoshli yaponiyalik yetti yoshli oʻgʻlini mashhur Fudziyama togʻi choʻqqisiga koʻtarilish yoʻlida yolgʻiz qoldirib ketgani uchun politsiyadan qatʼiy hayfsan oldi.

Yaponiyada bir ota yetti yoshli oʻgʻlini Fudziyama togʻiga chiqish paytida qoldirib ketdi.

Yaponiya matbuotining xabar berishicha, bu voqea 20-avgust kuni sodir boʻlgan. Ota ikki oʻgʻli, yetti va oʻn ikki yoshli bolalar bilan Fudziyama choʻqqisini (balandligi 3776 metr) anʼanaviy marshrut boʻyicha zabt etish uchun yoʻlga chiqqan.

Marshrutning boshida kichik oʻgʻil charchaganini aytgan. Katta oʻgʻil esa ancha oldinga ketib qolgan edi. Natijada, ota kichik oʻgʻlini yoʻl chetidagi oʻrindiqqa oʻtqazib, unga ichimlik va yegulik bergan hamda shu yerda kutib turishni tayinlagan. Oʻzi esa yuqoriga yurishda davom etgan.

"Fudzinomiya" marshrutidagi oltinchi stansiya xodimlari 2 kilometrdan ortiq balandlikda bolani topib olishgan. U tuman ichida va yomgʻir ostida oʻtirgan edi.

Xodimlar politsiyani chaqirishgan va yettinchi hamda sakkizinchi stansiyalar oraligʻida otani ham topishgan. Bu u bolani qoldirgan joydan piyoda yurishda taxminan uch soatlik masofa edi.

Politsiyachilar otaga zudlik bilan qaytishni buyurishgan va oʻgʻlini yolgʻiz qoldirgani uchun unga qatʼiy ogohlantirish berilgan. Natijada bola sakkiz soat davomida bir joyda qolib ketgan.

"Toqqa koʻtarilishdan voz kechishga toʻgʻri kelsa ham, bolani qoldirib ketmaslik kerak edi", – deya politsiyachilardan birining soʻzlarini keltiradi Japan Today nashri.

Ota xatoga yoʻl qoʻyganini tan olib, politsiyadan uzr soʻragan.

Ota oʻgʻillari bilan harakatlangan "Fudzinomiya" marshruti jamoat transportida yetib borish mumkin boʻlgan beshinchi stansiyadan boshlanadi.

Shu stansiyadan choʻqqiga chiqishgacha besh soat vaqt ketadi, ortga tushishga esa yana uch soatga yaqin vaqt talab etiladi.

Soʻnggi vaqtlarda Fudziyamada bir necha koʻngilsiz hodisalar roʻy bergan.

Iyul oyida uning yonbagʻirlaridan yiqilib, soni va belini jarohatlagan 99 yoshli ayolni evakuatsiya qilishga toʻgʻri kelgan. Oʻtgan yili esa u yerga mavsumiy cheklov amal qilayotgan davrda chiqqan 27 yoshli talabani ikki marta qutqarishga toʻgʻri kelgan. Ikkinchi martasida u yoʻqolgan mobil telefonini qidirish uchun qayta chiqib ketgandi.

Tokiodan janubi-gʻarbdagi Fudziyama togʻi Yaponiyaning uchta muqaddas togʻlaridan biri hisoblanadi va koʻplab anʼanaviy yapon rasmlarida tasvirlangan.

2013-yilda ushbu togʻ YuNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.

Har yili Fudziyama choʻqqisiga 200 mingga yaqin odam chiqadi. Mavsumiy cheklovlardan tashqari, baʼzi yoʻnalishlarda choʻqqini zabt etish uchun kunlik cheklovlar ham amal qiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.