“Chelsi” Emiliano Martines bilan kelishuvga erishdi — Romano

“Chelsi” Emiliano Martines bilan kelishuvga erishdi — Romano
Argentina terma jamoasi va “Aston Villa” darvozaboni Emiliano Martines “Chelsi” futbolchisiga aylanish arafasida turibdi. “Aristokratlar” Martinesni transfer qilish bo‘yicha og‘zaki kelishuvga erishgan. Transfer doimiy asosda amalga oshiriladi. Bu haqda taniqli insayder va jurnalist Fabritsio Romano o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, klublar futbolchining transferi uchun 7,5 million funt sterling miqdoridagi to‘lov bo‘yicha kelishib olgan. Martines “Chelsi” safiga o‘tishga rozi bo‘lgan.
Klublar o‘rtasidagi muzokaralar hali ham davom etmoqda. Avvalroq futbolchiga qiziqish bildirgan “Tottenhem” esa boshqa darvozabonlarga e’tibor qaratgan.
Emiliano Martines bir haftadan so‘ng 34 yoshga to‘ladi. U 2020-yildan buyon Birmingem klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. Umuman olganda, u “Aston Villa” safida 256 ta o‘yinda maydonga tushib, 305 ta gol o‘tkazib yuborgan va 80 ta uchrashuvda darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. Argentinalik futbolchi avval “Arsenal”, “Reding”, “Vulverhempton”, “Sheffild Uensdey”, “Roterhem”, “Xetafe” va “Oksford Yunayted” klublari sharafini himoya qilgan.
Martinesning “Aston Villa” bilan amaldagi shartnomasi 2029-yil 30-iyungacha mo‘ljallangan. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining transfer qiymati 12 million yevroni tashkil etadi. 2025/2026-yilgi mavsumda darvozabon klub miqyosida 44 ta uchrashuvda maydonga tushib, 49 ta gol o‘tkazib yuborgan va 14 ta o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.

