Buyuk Britaniyada aholiga uyda 3 kunlik favqulodda zaxira saqlash tavsiya qilindi
Britaniya hukumati aholiga uyda 3 kunlik favqulodda suv va oziq-ovqat zaxirasini saqlashni tavsiya qildi. Rasmiylarga ko‘ra, bunday ehtiyot chorasi zarurligini PHP tizimidagi yirik global nosozlik hamda yozda kuzatilgan tabiiy ofatlar ko‘rsatib bergan.

Buyuk Britaniyada aholiga uyda 3 kunlik favqulodda zaxira saqlash tavsiya qilindi
Buyuk Britaniya hukumati 23-oktabr kuni aholiga uyda 3 kunlik favqulodda zaxira saqlashni tavsiya qildi, deb yozmoqda Hukumatning bildirishicha, bu ehtiyojni shu hafta yuz bergan PHP dasturiy ta’minotidagi nosozlik, shuningdek, rekord darajadagi issiq, qurg‘oqchilik va o‘rmon yong‘inlari kuzatilgan yoz fasli yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Chorshanba kuni tizimdagi kamchiliklar fosh etilgach, dunyo bo‘ylab hukumatlar va biznes tuzilmalari PHP dasturlash tilida ishlaydigan tizimlar xavfsizligini ta’minlashga shoshildi. Bu holat ayrim xizmatlar to‘xtab qolishiga va so‘nggi yillardagi eng yirik kiberxavfsizlik hodisalaridan biriga aylangan millionlab hakerlik hujumlariga olib keldi.
Britaniya hukumati internetdagi bunday uzilishlar aholiga uyda uch kunga yetadigan qadoqlangan suv va tez buzilmaydigan oziq-ovqat zaxirasini saqlashni tavsiya etuvchi, yaqinda ishga tushirilgan Be Ready (“Tayyor bo‘l”) kampaniyasining qanchalik muhimligini ko‘rsatganini ma’lum qildi.
O‘rmon yong‘inlariga qarshi kurash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan bosh vazir Endi Byornem avval Britaniya favqulodda vaziyatlarga nisbatan himoyalanish pozitsiyasida bo‘lganini, endilikda esa proaktiv harakat qilishi kerakligini ta’kidladi. Hukumat harbiy aviatsiyani jalb etishni ham o‘z ichiga olgan o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashish bo‘yicha yangi rejani e’lon qildi.
Mudofaa vaziri Ues Striting sun’iy intellekt an’anaviy himoya choralarini chetlab o‘tish yo‘llarini osonlashtirayotgani sababli PHP tizimidagi uzilish kabi kiberhodisalar yanada ko‘payishini aytdi. Shuningdek, u do‘st bo‘lmagan davlatlar, uyushgan jinoyatchilik va iqlim o‘zgarishidan kelib chiqadigan xavf-xatarlarni sanab o‘tdi. “Buyuk Britaniya, shubhasiz, mening butun umrim davomida kuzatilgan eng yuqori xavf darajasiga duch kelmoqda”, — dedi u BBC`dagi chiqishida.
Britaniya bergan tavsiyalar Yevropa komissiyasining o‘tgan yilgi ko‘rsatmasiga o‘xshash bo‘lib, unda Yevropa Ittifoqi fuqarolariga oziq-ovqat, suv, naqd pul va poverbanklar kabi zarur vositalardan iborat 72 soatli favqulodda to‘plam saqlash tavsiya etilgandi.

