Britaniya hukumati musulmonlarni tahoratda kamroq suv ishlatishga chaqirdi

Britaniya hukumati musulmonlarni tahoratda kamroq suv ishlatishga chaqirdi.
Buyuk Britaniyaning suv ta’minotini tartibga soluvchi organi (Ofwat) mamlakatdagi musulmonlarga tahorat olishda suvni tejashni tavsiya qildi. Shuningdek, osiyolik aholiga guruch yuvishda kamroq suv sarflash maslahat berildi. Bu haqda Middle East Eye xabar berdi.
Ushbu tavsiyalar Ofwat tomonidan moliyalashtirilgan “E’tiqodiy va turli jamoalarda suv samaradorligi” dasturi doirasida ishlab chiqilgan. Yaqinda loyiha doirasida South Staffordshire Water kompaniyasi, Kembrij universiteti ilohiyot fakulteti, Kembrij markaziy masjidi (Britaniyadagi birinchi ekomasjid) va boshqa tashkilotlar hamkorligida yangi tashabbus amalga oshirildi.
Kembrijda o‘tkazilgan tajriba loyihasi mahalliy musulmonlarni namozdan oldin tahorat olish uchun bir litr suv ishlatishga undadi. Ofwat ma’lumotiga ko‘ra, ko‘pchilik kuniga besh mahal tahorat olishda 12 litrgacha suv sarflaydi. Bir litr suvdan foydalanish natijasida har bir kishi hisobiga kuniga 55 litrgacha suvni tejash mumkinligi aniqlandi. Kembrijdagi bu tajriba kuniga 5900 litrgacha suvni tejab qolgani hisoblab chiqildi.
Tashabbus mualliflari islomiy telekanallar orqali ushbu yo‘riqnomani keng tarqatishni maslahat berdi. Biroq suv kompaniyalari musulmonlarni boshqalarga qaraganda ko‘proq suv isrof qilishda ayblagandek ko‘rinmasligi kerakligi haqida ogohlantirildi. Ma’lumot o‘rnida, Muhammad (s.a.v) payg‘ambar ham tahorat olish uchun bir litrdan ko‘p bo‘lmagan suv ishlatgani haqida qarashlar mavjud.
The Telegraph nashriga ko‘ra, yana bir loyiha uchun soliq to‘lovchilarning 270 ming funt sterling mablag‘i sarflandi. Unda 2014-yilgi MasterChef g‘olibi, mashhur oshpaz Ping Kumbos osiyoliklarga guruch pishirish va yuvishda suvni tejashni o‘rgatdi.
YouTube platformasidagi videoda Kumbos shunday deydi:
“Guruchni suvi tiniq bo‘lguncha 5-7 marta yuvish odat tusiga kirgan. Bu meni o‘ylantirib qo‘ydi: guruchni shuncha ko‘p yuvish shartmikin? Men guruchni bor-yo‘g‘i ikki marta yuvaman”.
**“Soliq to‘lovchilar pulini isrof qilish”**
Tanqidchilarning ta’kidlashicha, suv kompaniyalari oddiy aholiga dars o‘tishdan ko‘ra, teshik quvurlarni ta’mirlashga ko‘proq e’tibor qaratishi kerak.
Iyul oyida Greenpeace UK o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, Angliya va Uelsdagi teshik quvurlardan har kuni 2,87 milliard litr suv oqib ketadi. Bu 1150 ta Olimpiada havzasini to‘ldirishga yetadigan hajm deganidir.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, suv kompaniyalari teshik quvurlar sababli shlang bilan suv sepishni taqiqlash orqali tejaladigan miqdordan besh baravar ko‘p suv yo‘qotmoqda.
“Suv isrofini kamaytirish — bu ezgu maqsad. Ammo bu yerdagi eng katta muammo soliq to‘lovchilar pulining isrof qilinayotganidir. Oila byudjetiga tushayotgan xarajatlar shundoq ham oshib bormoqda. Ular o‘z pullari ko‘p yillik diniy va madaniy odatlarni o‘zgartirishga qaratilgan g‘alati loyihalarga sarflanayotganidan xursand bo‘lmaydi”, deydi Kabinat idorasi vaziri Mayk Vud The Telegraph nashriga.
Iyun oyida Buyuk Britaniya hukumati “Suvni tejaylik” nomli 75 million funt sterlinglik targ‘ibot kampaniyasini boshlagan. U jamoatchilikni kundalik kichik odatlarni o‘zgartirish orqali har kungi suv sarfini kamaytirishga chaqiradi.

