Buxoroga keladigan xorijlik sayyohlar sonini 7 millionga yetkazish rejalashtirilmoqda
Viloyatda turizm mavsumi to‘rt oydan olti oyga uzaygan. Biroq prezident hududda besh yulduzli mehmonxona yo‘qligi, yirik savdo va ko‘ngilochar maskanlar yetarli emasligini ta’kidladi.

Buxoroga keladigan xorijiy sayyohlar sonini 7 millionga yetkazish rejalashtirilmoqda
Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida hudud iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda viloyatning turizm salohiyatini oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Qayd etilishicha, Buxoroda turizm mavsumi to‘rt oydan olti oyga uzaygan. Davlat rahbari yilning qolgan davrida ham sayyohlarni jalb etish uchun yangi tadbirlar va turizm mahsulotlarini taklif qilish zarurligini ta’kidladi.
Kelasi yilda viloyatda 30 ga yaqin xalqaro tadbir o‘tkazish rejalashtirilgan. Biroq hozir Buxoroda besh yulduzli mehmonxona yo‘q, yirik savdo va ko‘ngilochar maskanlar ham yetarli emas. Turizm xizmatlarining asosiy qismi esa Buxoro shahrida jamlangan.
“Servis taklifi talabga mos emas”, dedi prezident.
Shu munosabat bilan sayyohlarni joylashtirish, savdo, dam olish va sayohat xizmatlarini viloyat tumanlarida ham rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Mas’ullarga xorijiy sayyohlar sonini 7 millionga yetkazish bo‘yicha oyma-oy reja ishlab chiqish topshirildi. Unda turistlar qaysi davlatlardan jalb qilinishi, qanday yangi turpaket va tadbirlar taklif etilishi, tumanlarda qaysi obyektlar ishga tushirilishi aniq ko‘rsatilishi kerak.
Yig‘ilishda joriy yilda Buxoroga 3,5 million xorijiy sayyoh kelishi kutilayotgani, kelgusida ularning sonini ikki baravar oshirish maqsad qilingani ham ma’lum qilindi. Shuningdek, Eski shahar, Yetti pir, Chor Bakr, Poykent, Varaxsha va Vardonze kabi tarixiy majmualarni yagona turizm konsepsiyasi asosida bog‘lash ko‘zda tutilgan.
Buxoro shahrining Gulchorbog‘ mahallasida 50 gektar maydonda 80 million dollarlik turizm markazi tashkil etiladi. Unda ko‘rgazmalar zali, amfiteatr va mehmonxonalar joylashadi. Jalol Ikromiy mahallasida esa xalqaro tadbirlarga mo‘ljallangan 60 million dollarlik kongress-xoll qurilmoqda. Uning yonida Hilton va Holiday Inn brendlari ostida ikkita yetti qavatli mehmonxona barpo etilmoqda.
Bundan tashqari, Buxoro shahridagi sakkizta markaziy ko‘chani yangilash va oltita xiyobon bunyod etish rejalashtirilgan. Viloyat markazini kengaytirish doirasida Buxoro tumanidagi 1 ming gektar maydonda 500 million dollarlik turizm klasteri barpo etilishi ham ko‘zda tutilgan. Ushbu loyiha hisobiga sayyohlarning Buxoroda qolish muddatini o‘rtacha 4–5 kungacha uzaytirish mumkinligi qayd etildi.

