Buxoroda neft-kimyo ilmiy-sanoat klasteri tashkil etilishi mumkin
Prezident Kogon tumanida yangi klaster tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Klaster viloyat korxonalarida hosil bo‘ladigan xomashyoni chuqur qayta ishlashga ixtisoslashtiriladi.

Buxoroda neft-kimyo ilmiy-sanoat klasteri tashkil etilishi mumkin
Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida hudud iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Prezident Buxorodagi xomashyo, energiya resurslari hamda tadbirkorlar salohiyatini birlashtirish orqali uch yil ichida 28 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirish imkoniyati borligini ta’kidladi.
Ushbu rejaning 17 mlrd dollari neft-gaz va kimyo sanoati hissasiga to‘g‘ri keladi. Davlat rahbari Buxoro neftni qayta ishlash zavodining quvvatlarini oshirish uchun nufuzli texnologik kompaniyalarni jalb etish va aniq natijaga erishish vazifasini qo‘ydi.
Umuman olganda, viloyat korxonalarida hosil bo‘ladigan xomashyoni chuqur qayta ishlash maqsadida Kogon tumanida neft-kimyo ilmiy-sanoat klasterini tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Energetika sohasida qisqa muddatda qariyb 2 ming megavatt quvvatli elektr stansiyalari ishga tushirildi. Kelgusi uch yilda yana 3,1 ming megavattli shamol elektr stansiyalari va 1 ming megavattli energiya saqlash tizimlarini barpo etish rejalashtirilgan.
Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining oshishi uzatish va taqsimlash tarmoqlarini ham rivojlantirishni talab qiladi. Shu maqsadda uch yil ichida viloyatda 745 kilometr elektr tarmog‘ini qurish rejalashtirilgan.
Yengil sanoatda xalqaro brendlar bilan hamkorlik tajribasidan foydalanib, Buxoroda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlarini tashqi bozorlarda yanada kengroq targ‘ib qilish zarurligi ta’kidlandi.
Kelasi yili bu yo‘nalishda kamida 1 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirish va eksportni ikki baravar oshirish vazifasi belgilandi.

