“Bundan buyon ‘kambag‘al oila qolmadi’ degan hisobot o‘tmaydi” — Shavkat Mirziyoyev
Prezident mas’ullarga xorijda kam ish haqiga ishlayotgan fuqarolarni kasbga o‘qitib, yuqori daromadli ishga joylashtirish, 270 ming nafar aholining daromadini o‘rtacha va undan yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha tumanlar kesimida reja ishlab chiqishni topshirdi.

“Bundan buyon ‘kambag‘al oila qolmadi’ degan hisobot o‘tmaydi” — Shavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga safari doirasida hudud iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi turmush darajasini yaxshilash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda viloyat iqtisodiyoti joriy yilda ilk bor 100 trln so‘mlik chegaradan oshishi, o‘sish sur’ati 10,1 foizni tashkil etishi qayd etildi. O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, buxoroliklarning 98 foizi so‘nggi yillarda hayot sifati yaxshilangani haqida aytgan, tadbirkorlarning 83 foizi esa kelgusi uch yilga ijobiy qarashini bildirgan.
Shu bilan birga, iqtisodiy o‘sish hanuz tabiiy resurslar sanoati va qishloq xo‘jaligiga ancha bog‘liq bo‘lib qolayotgani ta’kidlandi: ularning iqtisodiyotdagi ulushi 43 foiz. O‘n yil ichida xizmatlar sohasining ulushi 33 foizdan 36 foizga ko‘tarilgan, xolos.
Prezident viloyat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, sanoatda chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish, har bir tumanning o‘sish nuqtalarini aniqlash zarurligini urg‘uladi. Mas’ullarga sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligida ko‘rsatkichlarni 1,5 baravar oshirish bo‘yicha aniq rejalar taqdim etish topshirildi.
Toshkent shahri, Farg‘ona va Jizzax viloyatlarining xalqaro Fitch reytingini olgani misol tariqasida keltirildi. Buxoro ham investorlar uchun ochiq va ishonchli hudud sifatida o‘z salohiyatini namoyon etishi kerakligi qayd etildi.
Buxoro viloyatidan 99 ming nafar fuqaro mehnat migratsiyasida. Xorijdan qaytgan 24 ming kishi hali ish topmagan. Viloyat bo‘yicha ishsizlar soni 40 mingga yaqin, yana 270 ming nafar aholining daromadi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past.
“Bundan buyon “kambag‘al oila qolmadi” degan hisobot o‘tmaydi”, dedi prezident.
Mas’ullarga xorijda kam ish haqiga ishlayotgan yurtdoshlarimizni kasbga o‘qitib, yuqori daromadli ishga joylashtirish, 270 ming nafar aholining daromadini o‘rtacha va undan yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha tumanlar kesimida reja ishlab chiqish topshirildi.

