Buxoro yangi aeroporti 2027-yil Mustaqillik bayramigacha foydalanishga topshiriladi — prezident
Buxoroda yangi xalqaro aeroportga olib boruvchi 5,5 km alohida BRT yo‘lagi tashkil etish reja qilinmoqda. Prezident mutasaddilarga aeroport va yo‘lni 2027-yil Mustaqillik bayramigacha foydalanishga topshirish vazifasini berdi. Malayziya, Kuvayt, Misr kabi davlatlar bilan aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Buxorodagi yangi aeroport 2027-yil Mustaqillik bayramigacha ishga tushiriladi — prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxorodagi yangi aeroport hamda unga olib boruvchi BRT yo‘lini 2027-yil Mustaqillik bayramigacha foydalanishga topshirish vazifasini berdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
300 mln dollarlik ushbu aeroport bir vaqtning o‘zida 20 ta samolyot va 1 ming 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi. Loyiha doirasida aeroportni shahar markazi bilan bog‘lash uchun 24 kilometr uzunlikdagi yangi va zamonaviy avtomobil yo‘li quriladi.
Shuningdek, jamoat transporti harakatini yengillashtirish maqsadida avtobuslar uchun 5,5 kilometrli alohida BRT yo‘lagi tashkil etilishi ham rejalashtirilgan.
Prezidentning ta’kidlashicha, mazkur yangi infratuzilma Buxoroga keladigan mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun yuqori darajadagi qulayliklar yaratadi hamda hududning transport va tranzit salohiyatini sezilarli darajada kengaytiradi.
Yig‘ilishda viloyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvozlar geografiyasini kengaytirish masalasi ham alohida ko‘rib chiqildi. Xususan, Turkiyaning Pegasus aviakompaniyasi Buxoroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlarni yo‘lga qo‘ymoqda.
Kelasi yilda esa Malayziya, Indoneziya, Kuvayt, Misr va Bahrayn kabi davlatlar bilan ham muntazam va charter aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Yangi Buxoro xalqaro aeroportini qurish va boshqarish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik loyihasi Uzbekistan Airports kompaniyasi tomonidan Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Yangi aeroport majmuasi Buxoro tumanidagi “Qumsulton” massivi hududida barpo etiladi. U ichki va xalqaro reyslarga xizmat ko‘rsatadi hamda hududning asosiy transport xablaridan biriga aylanishi kutilmoqda.
Loyiha doirasida quyidagilarni qurish rejalashtirilmoqda:
Aerodrom infratuzilmasi davlat boshqaruvida qoladi. Xususiy sherik esa yo‘lovchi terminali va unga tegishli infratuzilmaning qurilishi hamda ekspluatatsiyasi uchun mas’ul bo‘ladi.
Uzbekistan Airports ma’lumotiga ko‘ra, aeroportni DXSH asosida qurish va boshqarish bo‘yicha tenderda ishtirok etish uchun 6 ta xalqaro kompaniya dastlabki saralashdan o‘tgan.
Loyihaga Buyuk Britaniya, Turkiya, Xitoy, Yaponiya, Ukraina, Yaqin Sharq davlatlari va boshqa mamlakatlardan 51 ta kompaniya qiziqish bildirgan.
2025-yil mart oyida Uzbekistan Airports kompaniyasi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev Buxoroning yangi aeroporti qurilishini yakunlash va foydalanishga topshirish 2026-yil oxiriga rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.
2026-yil yanvarida esa Buxoro xalqaro aeroporti direktori o‘rinbosari Shahboz Hayitov uni 2027-yil birinchi choragida ishga tushirish reja qilinganini aytdi.

