Layfstayl

Butunjahon audiovizual meros kuni: o‘tmishning ovozi va qiyofasi bor

Bir paytlar sevimli xonandaning yangi qo‘shig‘ini tinglash uchun uning kassetasini sotib olish, nusxa ko‘chirish yoki

**Butunjahon audiovizual meros kuni: o‘tmishning ovozi va qiyofasi bor**

Bolaligingizda eshitgan bir qo‘shiq kutilmaganda yangrab qoladi. Bir lahza quloq tutasiz. Ehtimol, uning nomini eslaysiz, ehtimol esa yo‘q. Ammo uni eshitgan zahotingiz o‘sha yillar, o‘sha muhit, hatto yoningizdagi odamlar ham birdan xotirangizga qaytadi.

Yoki televizorda bolaligingizda ko‘rgan multfilm namoyish etilmoqda. Shunda siz bolalikdagi uyingizni, televizor qarshisida o‘tirganingizni, multfilm tugashini istamagan paytlaringizni eslaysiz. Xuddi shunday, ba’zan birgina ovoz, xira surat yoki bitta kadr butun bir davrni yodga soladi va sizni bir zumda ortga qaytaradi.

27 oktyabr — Butunjahon audiovizual meros kuni. YuNESKO tashabbusi bilan 2005 yilda ta’sis etilgan bu sana filmlar, radio va teledasturlar yozuvlari, musiqa, oilaviy videolar hamda boshqa audiovizual materiallarni asrab-avaylash zarurligini eslatadi. Chunki tasvir va ovozlar nafaqat o‘tmish voqealari, balki o‘sha davrning madaniyati, turmush tarzi va odamlar hayoti haqida ham ma’lumot beradi.

### Kinotasmalar ham vaqt bilan kurashadi...

Eski filmni televizorda ko‘rganimizda, uning bizgacha qanday yetib kelgani haqida ko‘p o‘ylamaymiz. Ekranda qahramonlar so‘zlaydi, musiqa yangraydi, voqealar davom etadi. Biz esa filmni shunchaki tomosha qilamiz, hatto qalbimizdan joy olganlarini qayta-qayta ko‘ramiz. Ammo shu tasvirlarning ortida ularni saqlash, tekshirish, tiklash va keyingi avlodga yetkazish bilan bog‘liq katta mehnat bor.

Kino tasmasi oddiy qog‘ozli hujjatdan farq qiladi: uning o‘ziga xos fizik xususiyatlari bor, ya’ni vaqt o‘tishi bilan material eskiradi, tasvir sifati yomonlashishi mumkin. Noto‘g‘ri sharoitda saqlansa, shikastlanish jarayoni tezlashadi. Ayrim tasmalarda ranglar o‘zgaradi, tasvir xiralashadi, lenta mo‘rtlashadi, ovozlar noaniq bo‘lib qoladi. Bunday holatlarda film yoki qo‘shiqni saqlab qolish uchun maxsus sharoit va mutaxassislar mehnati zarur bo‘ladi.

### Tasvirni saqlab qolishning yana bir yo‘li raqamlashtirish...

Ha, kinotasmalarni asrash haqida gap ketganda, raqamlashtirishni chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Zamonaviy texnologiyalar eski materiallarni raqamli nusxaga aylantirish orqali ulardan foydalanishni yengillashtiradi va asl tashuvchiga tushadigan yukni kamaytiradi. Ilgari tarixiy kadrni ko‘rish uchun arxivga borish, hujjatni so‘rash va uni maxsus sharoitda tomosha qilish kerak bo‘lgan bo‘lsa, raqamli texnologiyalar ayrim materiallardan masofadan turib foydalanish imkonini beradi.

«O‘zarxiv» agentligining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilda Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi uchun xuddi ana shunday uskuna, kino hujjatlarini 4K formatda raqamlashtirish imkonini beruvchi zamonaviy Cintel 4K kinoskaneri xarid qilingan. Unda arxivdagi kino hujjatlarini yuqori aniqlikda qayta raqamlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Biroq raqamlashtirishning o‘zi barcha muammoni hal qilmaydi: avval tasmaning holatini baholash, zarur bo‘lsa uni tiklash, keyin esa olingan raqamli fayllarni ishonchli saqlash kerak.

Shuningdek, raqamli nusxa borligi asl kinolentani tashlab yuborish mumkin degani ham emas. Mutaxassislar fikricha, asl material ham tarixiy manba sifatida qimmatli. Raqamli nusxa esa undan foydalanish, ko‘rsatish va tarqatish imkoniyatlarini kengaytiradi. «O‘zarxiv» agentligi Kinofotofono hujjatlari milliy arxivining rasmiy saytida bugungi kunda 2 062 ta fono (ovozli) hujjat, 45 033 ta noyob tarixiy fotosurat, 805 ta tarixiy kinohujjat va xronikalar hamda 1 296 889 ta matnli arxiv hujjatlari foydalanuvchilarga onlayn izlash va foydalanish uchun taqdim etilgan. Bu o‘tmishimizning jonli ovozi va qiyofasini asrab-avaylash yo‘lidagi ulkan qadamdir.

### Kassetalarda qolgan ovozlar

Kinotasmalar haqida gapirar ekanmiz, audiokassetalarni eslamaslik mumkinmi? Bir paytlar sevimli xonandaning yangi qo‘shig‘ini tinglash uchun uning kassetasini sotib olish, nusxa ko‘chirish yoki radiodan yozib olish kerak edi. Radioda kutgan qo‘shig‘imiz boshlansa, uni kassetaga yozib olishga ulgurishga harakat qilardik. Kasseta magnitofonga qo‘yilar, qo‘shiq qayta-qayta eshitilardi. Lenta o‘ralib qolsa, uni ehtiyotkorlik bilan to‘g‘rilashning o‘zi ham bir muammo edi. Bugun bu mayda tashvishlar kulgili tuyulishi mumkin. Ammo o‘sha davrda kassetalar musiqani tinglashning ommabop usullaridan biri edi.

O‘zbek xonandalarining ovozlari ham ana shu kassetalar orqali xonadonlarga kirib borgan. Qaysi qo‘shiq to‘ylarda yangragani, qaysi ijrochining qo‘shiqlari ko‘proq tinglangani, qaysi kuy oilaviy yig‘inlarning ajralmas qismiga aylangani — bularning barchasi musiqa madaniyatimizning bir bo‘lagidir.

Bugun eski qo‘shiqni internetdan topishimiz mumkin. Ammo uni birinchi marta eshitganimizdagi hissiyot, qo‘shiqni kim bilan tinglaganimiz yoki kassetani kim sovg‘a qilgani haqidagi xotirani internetdan topib bo‘lmaydi.

### Har bir oilaning o‘z arxivi bor

Davlat arxivlarida mamlakat tarixi saqlansa, oilaviy videolarda har bir xonadonning o‘z tarixi yashaydi.

Bir paytlar to‘y yoki tug‘ilgan kunni videoga olish hamma xonadonda ham odatiy hol emasdi. Videokamerasi bor odamni taklif qilish, tadbirni tasmaga yozdirish, keyin tayyor kassetani olib televizorda ko‘rishning o‘zi katta zavq edi.

Bugun esa telefon bilan bir kunda o‘nlab, hatto yuzlab surat va video olish mumkin. Go‘dakning ilk qadami, tug‘ilgan kun, oilaviy sayohat, dasturxon atrofidagi suhbat — barchasini kameraga muhrlash mumkin. Bir qarashda, xotiralarni saqlash avvalgidan ancha osonlashgandek.

Ammo ularni haqiqatan ham saqlayapmizmi?

Eski videokassetani olib, uni ko‘rish uchun mos apparat izlagan odam buning qanchalik qiyinligini biladi. Kasseta saqlangan bo‘lishi mumkin, ammo uni o‘qiydigan qurilma qolmagan. Qurilma topilsa ham, tasma shikastlangan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Ba’zan to‘yda kameraga tushib qolgan qarindoshning bir og‘iz gapi, hovlida o‘ynab yurgan bolalar, dasturxon atrofidagi yoshi katta insonlarning suhbati o‘sha paytda oddiy manzara bo‘lib ko‘rinadi. Yillar o‘tgach esa kadrdagi odamlarning ayrimlari oramizda bo‘lmasligi, bolalar ulg‘ayishi, hovlilar o‘zgarishi mumkin. Shunda eski video faqat voqeani emas, qaytib kelmaydigan bir davrni ham saqlab turganini anglaymiz.

### Telefonimizdagi xotiralar qanchalik ishonchli?

Bugun audiovizual xotiralarni saqlash imkoniyatlari ko‘p. Telefonlar, kompyuterlar, tashqi xotira qurilmalari va bulutli xizmatlar surat hamda videolarni saqlashga yordam beradi. Biroq qulaylik bilan birga yangi muammo ham paydo bo‘ldi: biz juda ko‘p ma’lumot yaratamiz, ammo uni tartibga solish va asrashga har doim ham vaqt ajratmaymiz.

Telefonimizda yillar davomida yig‘ilgan minglab suratlar bo‘lishi mumkin. Ular orasida bir marta ko‘rish uchun olingan tasvirlar ham, qayta topish qiyin bo‘lgan oilaviy xotiralar ham bor. Qaysi biri biz uchun eng muhimligini ko‘pincha ularni yo‘qotish xavfi tug‘ilgandagina o‘ylaymiz.

Ota-onamiz yuborgan ovozli xabarlar haqida ham o‘ylab ko‘raylik. Bugun messenjerda saqlanib turgan oddiy xabarni alohida fayl qilib olish xayolimizga kelmasligi mumkin. Ammo yillar o‘tib, o‘sha insonning ovozini eshitish, uning odatiy gapirish tarzini, kulgisini yoki bizga aytgan bir og‘iz so‘zini yana bir bor tinglash istagi paydo bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun audiovizual meros haqida gapirganda shaxsiy ovozli xabarlarni ham eslash o‘rinli. Albatta, har bir xabarni saqlash shart emas. Ammo biz uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lganlarini yo‘qotib qo‘ymaslik haqida o‘ylash mumkin.

Buning uchun murakkab texnika yoki katta mablag‘ shart emas. Eng qadrli surat va videolarni alohida papkalarga ajratish, ularni kompyuter yoki tashqi xotira qurilmasiga ko‘chirish, muhim fayllarning qo‘shimcha nusxasini saqlashdan boshlash mumkin. Bulutli xizmatlar ham qulay, lekin muhim xotiralarni faqat bitta joyda saqlash bilan cheklanmagan ma’qul.

Eski kassetalar va oilaviy videolarni raqamli formatga o‘tkazish imkoni bo‘lsa, ularni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Chunki bunday yozuvlarning ayrimlarini keyinchalik tiklash juda qiyin bo‘lishi mumkin. Butunjahon audiovizual meros kuni eski filmlar, musiqa yozuvlari va arxiv tasmalarining qadrini eslatadi. Demak, bu sana nafaqat o‘tmishni saqlash, balki bugungi xotiralarimizni kelajak avlodga yetkazish haqida ham o‘ylashga undaydi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.