Dunyo

«Burj Xalifa»ning boʻlajak raqibi: Jidda minorasi 474 metrga yetdi

Saudiya Arabistonida qurilayotgan Jidda minorasining balandligi 474 metrga, qavatlari soni esa 118 taga yetdi. Qurilish tugallanmagan boʻlsa-da, inshoot balandligi boʻyicha dunyodagi eng baland 15 bino qatoriga kirgani xabar qilinmoqda.

«Burj Xalifa»ga bo‘lajak raqib: Jidda minorasi 474 metrga chiqdi

Jeddah Tower, shuningdek JEC Tower va Kingdom Tower nomlari bilan ham tanilgan osmono‘par bino qurib bitkazilgach, dunyodagi eng baland inshoot bo‘lishi kutilmoqda. Uning yakuniy aniq balandligi oshkor etilmagan, ammo 1000 metrdan oshishi aytilgan. Bu hozirgi erishilgan balandlikdan ikki baravardan ham ko‘proqdir.

Agar loyiha amalga oshsa, Jidda minorasi Dubaydagi «Burj Xalifa» rekordini yangilaydi.

Minorani osmono‘par binolarni loyihalashga ixtisoslashgan AS+GG arxitektura byurosi ishlab chiqqan. Uning asoschilari — Edrian Smit va Gordon Gill. Smit avval Skidmore, Owings & Merrill kompaniyasida ishlagan paytda «Burj Xalifa»ni loyihalashda ham ishtirok etgan.

Jidda minorasi allaqachon AQShdagi ikkinchi eng baland bino — Nyu-Yorkdagi Central Park Tower’dan biroz balandroq. Ushbu osmono‘par bino ham AS+GG tomonidan loyihalashtirilgan.

Jidda minorasiga 59 ta lift o‘rnatish rejalashtirilgan. Bino ichida hashamatli mehmonxona, ofislar, keng apartamentlar va sayyohlik obyektlari joylashadi. Shuningdek, dunyodagi eng baland tomosha maydonchasini qurish ham ko‘zda tutilgan.

Minora Saudiya Arabistonining Jidda port shahrida bunyod etilayotgan yangi shahar hududining markaziy inshooti bo‘ladi. Loyihani Kingdom Holding kompaniyasi amalga oshirmoqda.

Qurilish 2013-yilda boshlangan, biroq keyinchalik ishlar 60-qavat darajasida to‘xtab qolib, bir necha yilga cho‘zilgan tanaffus yuzaga kelgan. O‘sha davrdagi nashrlar kechikishlarni, jumladan, qirollikdagi siyosiy jarayonlar va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon boshlagan tozalashlar bilan bog‘lagan.

Hozir qurilish qayta davom etmoqda. Minora Saudiya Arabistonining ayrim boshqa megaloyihalari, jumladan, Mukaab kubsimon osmono‘par binosi va The Line — «Ko‘zgular chizig‘i» shahri jiddiy qiyinchiliklarga duch kelayotgan bir paytda qad rostlamoqda.

Jidda minorasini qurib bitkazish 2028-yil oxiriga rejalashtirilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.