Dunyo

«Burj Xalifa»dan ikki baravar baland: Saudiyada 2 kilometrlik minora rejalashtirilmoqda

Saudiya Arabistoni Ar-Riyod shimolida balandligi ikki kilometr boʻlgan osmonoʻpar bino qurish loyihasi uchun pudratchilar bozorini oʻrganishni boshladi. Reja amalga oshsa, minora Dubaydagi 828 metrlik «Burj Xalifa»dan ikki baravardan ham baland boʻladi.

«Burj Xalifa»dan ikki baravar baland: Saudiyada 2 kilometrlik minora rejalashtirilmoqda

MEED nashrining yozishicha, Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamgʻarmasi — PIF ushbu loyiha boʻyicha qurilish kompaniyalariga murojaat qilgan. Jarayonni jamgʻarmaning shoʻba korxonasi — Tower District Real Estate Development Company olib bormoqda.

Bozorni oʻrganish bosqichiga tajribali xalqaro pudratchilar hamda Saudiyaning bir qator yirik qurilish kompaniyalari jalb etilgan. Ushbu bosqich ehtimoliy ijrochilarning imkoniyatlari va loyihaga qiziqishini aniqlashga qaratilgan.

Ikki kilometrlik minora Ar-Riyod chekkasida barpo etilishi rejalashtirilayotgan yangi markaziy ishbilarmonlik hududining asosiy inshooti boʻladi.

PIF 2025-yil iyun oyida mazkur hudud boʻyicha loyihani boshqarish va maslahat xizmatlarini koʻrsatishga qiziqqan kompaniyalardan takliflar qabul qilgan. Bu shartnoma minora qurilishini ham, uning atrofidagi ishbilarmonlik hududini yaratish jarayonini ham boshqarishni oʻz ichiga oladi.

Xabarga koʻra, ushbu xizmatlar boʻyicha tenderda qatnashish uchun AQShning Aecom, Jacobs, Parsons va Turner, shuningdek, Britaniyaning Mace kompaniyalariga taklif yuborilgan.

Loyiha meʼmori sifatida Britaniyaning Foster & Partners byurosi tanlangan. Byuro 2022-yil oxirida eʼlon qilingan xalqaro tanlovda gʻolib chiqqan.

Rejalashtirilayotgan balandlik — 2 ming metr. Bu dunyodagi eng baland bino hisoblangan «Burj Xalifa» balandligidan qariyb 2,4 baravar koʻp. Minora Saudiyaning Jidda shahrida qurilayotgan, balandligi bir kilometrdan oshishi koʻzda tutilgan osmonoʻpar binodan ham ancha baland boʻlishi kutilmoqda.

Mintaqada oʻta baland binolar qurilishi xarajatlarini avval baholagan pudratchilarning hisob-kitoblariga koʻra, ikki kilometrlik minorani barpo etish taxminan 5 milliard dollarga tushishi mumkin. Yakuniy qiymat loyihaning tasdiqlanadigan yechimlariga bogʻliq boʻladi.

Minora va uning atrofidagi markaziy ishbilarmonlik hududi Project Rise deb nomlangan. U Ar-Riyod shimolidagi North Pole yirik kompleks qurilish loyihasining bir qismi hisoblanadi.

Hozircha xabarda qurilishni boshlash va yakunlashning aniq muddatlari keltirilmagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.