Burj Xalifani ortda qoldiradigan bir kilometrlik bino qurilmoqda
Saudiya Arabistonida balandligi kamida bir kilometr böladigan Jeddah Tower osmonöpar binosi barpo etilmoqda. Quriliş tugallansa, u Burj Xalifani ortda qoldirib, dunyodagi eng baland binoga aylanişi kutilmoqda. Ayni paytda BAA, Xitoy va Braziliyada ham balandligi 500 metrdan oşadigan ulkan minoralar qurilmoqda.

Burj Xalifadan ham balandroq bir kilometrlik bino bunyod etilmoqda
Osmono‘par binolar qurilishi bugun faqat dadil me’moriy g‘oyalarni ro‘yobga chiqarish bilangina cheklanmayapti. Bunday inshootlar shaharlarga sarmoya jalb qilish, yangi ishbilarmonlik markazlarini shakllantirish va mamlakatlarning muhandislik salohiyatini namoyish etishga xizmat qiladi.
Quyida hozir qurilayotgan eng baland yettita bino loyihaviy balandligi bo‘yicha kamayish tartibida keltirilgan. Ro‘yxatga qurilish ishlari boshlangan obyektlar kiritilgan; faqat maydon tayyorlanayotgan yoki ishlari to‘xtatib qo‘yilgan loyihalar hisobga olinmagan.
**Jeddah Tower - Jidda, Saudiya Arabistoni**
**Loyihaviy balandligi - kamida 1000 metr.**
Avval Kingdom Tower nomi bilan tanilgan bu osmono‘par bino dunyodagi eng baland inshootlar haqidagi tasavvurni o‘zgartirishga da’vogar. Loyihada uning balandligini bir kilometrdan oshirish, qavatlar sonini esa taxminan 167 taga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Qurilish tugallangach, Jeddah Tower Burj Xalifadan baland bo‘lishi va jahon rekordini yangilashi kutilmoqda.
Minora kelajakdagi Jeddah Economic City majmuasining markaziy inshooti sifatida rejalashtirilgan. Shu bois u alohida bino bo‘lish bilan birga, yangi shahar hududini rivojlantirish loyihasining ham asosiy qismi hisoblanadi.
**Burj Azizi - Dubay, BAA**
**Loyihaviy balandligi - 725 metr.**
Azizi Developments kompaniyasi Dubayning Shayx Zayd shohko‘chasida barpo etayotgan minora quruvchi kompaniya nomi bilan atalgan. U shaharning eng baland va ko‘zga tashlanadigan binolaridan biriga aylanishi rejalashtirilgan.
725 metrlik ko‘rsatkich hozirgi tayyor binolar bilan taqqoslanganda, Burj Xalifadan keyingi balandlikdir. Biroq Burj Azizi’ning kelajakdagi jahon reytingidagi o‘rni boshqa loyihalar, xususan, Jeddah Tower qachon tugallanishiga ham bog‘liq.
Minora avval rejalashtirilgan Entisar Tower o‘rnida qurilmoqda. Meydan kompaniyasining bekor qilingan o‘sha loyihasida 570 metrlik, 122 qavatli bino barpo etish ko‘zda tutilgan edi.

